Jahon | 17:26 / 07.04.2020
70517
7 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusni aniqlovchi test: u qanday ishlaydi?

COVID-19 pandemiyasini to‘xtatish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilayotgan retsept - virus yuqtirganlarni tezda aniqlash va ihotalashdan iborat. Buning uchun esa testlar kerak: lekin ular nechog‘lik aniq ishlaydi va ularni kimlar yaratmoqda?

Foto: Imago Images / Photothek / TASS

RBK'dagi maqolada koronavirusni aniqlash uchun o‘tkaziladigan test nimaga asoslanishi va qaysi davlatlar bu testlarni ishlab chiqarayotgani haqida so‘z boradi.

JSST nimani taklif qilmoqda?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreisus mamlakatlarni mart oyining o‘rtalaridayoq odamlarda alomatlarsiz yuqishi mumkin bo‘lgan SARS-CoV-2 virusini aniqlash uchun imkon qadar ko‘proq testlar ishlab chiqariga chaqirgan edi.

JSST qo‘llanmasiga ko‘ra, COVID-19’ni keltirib chiqaruvchi koronavirus teskari transkripsiyali polimeraz zanjir reaksiyasi (PZR) yo‘li bilan aniqlanishi kerak. Tavsiyalarda aytilishicha, bu – bugungi kunda virus infeksiyasini tashxislashning eng aniq va ishonchli yo‘lidir. U inson biologik materialida virus RNKsining juda kam miqdorini ham aniqlash imkonini beradi va kasallikni yashirin davridayoq aniqlab beradi.

1983 yilda ixtiro qilingan usul molekulyar tashxislashda hozir ham asos bo‘lib xizmat qiladi. Biologik namunada DNK fragmentlarining kichik konsentratsiyasini nisbatan ko‘paytirish yo‘lini topgan amerikalik olim bu ishi uchun Nobel mukofotini olgan.

DNK/RNKni PZR yo‘li bilan aniqlash OITV, virusli gepatitlar, jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklar, sil, borrelioz, ensefalit va boshqa kasalliklarni tashxislash imkonini beradi. Usuldan arxelogiya, kriminalistika va genetikada ham foydalaniladi.

PZR-test qanday ishlaydi?

Tashxis uchun fiziologik suyuqliklardan bir zanjirli RNK ajratib olinadi, uning asosida ikki zanjirli DNK shakllantiriladi va maxsus ferment polimerazlar yordamida ko‘p marta nusxalanadi.

DNK nusxalari sonining ko‘paytirilishi amplifikatsiya deb ataladi. Natijada, biologik namunadagi DNK/RNKning avval boshda minimal bo‘lgan alohida qismlari konsentratsiyasi sezilarli darajada oshadi. Tadqiqot mobaynida DNKning test uchun zarur qismi nusxalanadi. Albatta, tadqiq etilayotgan biomaterialda DNK yoki RNKning virusli qismi mavjud bo‘lsagina, nusxalanish amalga oshadi.

Koronavirus bilan bog‘liq holatda tashxis uchun surtma tomoqdan yoki burun bo‘shlig‘idan olinadi. Chunki qon va axlatda virus kasallik avj olganidan so‘ng paydo bo‘ladi.

Rossiya-Yaponiya testlari

20 mart kuni RF Sog‘liqni saqlash sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmati — «Roszdravnadzor» koronavirusni aniqlash bo‘yicha rus-yapon tashxis tizimini ishlatishga ruxsat berdi.

Rus-yapon testlarining asosiy farqi – hozir ishlab chiqarilayotgan undan boshqa testlar PZR emas, IFT (immunoferment tashxis) testlaridir. Bu tizimlar virus yuqqanidan so‘ng kamida bir hafta o‘tgach organizm unga qarshi ishlab chiqargan antitanachalarni aniqlaydi. Rus-yapon testlari esa 30 daqiqa ichida yuqori aniqlikdagi ekspress tashxis amalga oshirish imkonini berishi, boshlang‘ich bosqichdayoq virusning borligini aniqlab bera olishi aytilmoqda.

Texnologiya mobil laboratoriyalarga moslashtirilgani sababli, u istalgan joyda odamlarni testdan o‘tkazish imkonini beradi. Ko‘chma laboratoriya bir soatda 20 kishining namunasini qayta ishlash imkoniga ega.

Xorijdagi yangi ishlanmalar

Germaniyaning Bosch kompaniyasi o‘z testini chiqarmoqda. U Vivalytic diagnostik apparatiga asoslangan bo‘lib, ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, u COVID-19’ga qarshi ilk avtomatlashtirilgan test bo‘ladi.

Bosch ishlanmasi nafaqat koronavirusni ilg‘ay oladi, shuningdek nafas olish yo‘llari orqali yuqadigan boshqa 6ta yuqumli kasallikni, masalan, A va B gripplarini ham aniqlaydi. Laboratoriya sinovlari chog‘ida uning aniqligi 95 foizni tashkil etgan.

ZME Science nashrining yozishicha, tashxis statsionarda yoki tibbiy markazda o‘tkazilishi mumkin – namunalarni laboratoriyaga jo‘natib, javobini kutishga hojat yo‘q. Test foydalanishda oson va maxsus tayyorgarlik talab etmaydi. Medpersonal patsiyentning burni yoki tomog‘idan surtma olib, uni reagentli kartrijga surtib, kartrijni analizatorga solsa bas. Har bir apparat sutkasiga 10 ta tahlil o‘tkaza oladi.

Buyuk Britaniyada ham COVID-19ni aniqlay oluvchi tezkor test yaratishdi. U ham bor-yo‘g‘i 30 daqiqada koronavirus bor-yo‘qligini aniqlay oladi. Testni o‘tkazish uchun – narxi 120 dollarlik ixcham uskuna, har biri 5 dollarlik burun yo tomoqdan surtma olish tasmachalari kerak. Bir vaqtning o‘zida 6 kishi testdan o‘tishi mumkin.

AQShda FDA Kaliforniyaning Cepheid kompaniyasi tomonidan yaratilgan koronavirusni aniqlovchi tezkor testni shoshilinch ravishda ma'qullagan. Uning yordamida 45 daqiqada aniq tashxis qo‘yish mumkin. Business Insider nashriga ko‘ra, test natijalarini qayta ishlash uchun maxsus bilim talab qilinmaydi. Shunchaki, Cepheid GeneXpert tizimiga ulansa bas. AQShda bunday tizimlar 5 mingdan ziyod, jahon bo‘yicha 23 mingdan ortiq.

Jahon bo‘ylab insonlarni COVID-19ga chalinish bo‘yicha total testdan o‘tkazish boshlangani odamlar uchun ham, milliy sog‘liqni saqlash tashkilotlari uchun ham yaxshi xabar. Hanuzgacha jahonda koronavirus bilan qancha odam zararlangani haqida aniq tasavvur yo‘q, shu sababli virus yuqtirganlarni aniqlash tahdid miqyosini tezroq baholash va to‘g‘ri qarorlarni o‘z vaqtida qabul qilish imkonini beradi.

O‘zbekistonda aprel oxirigacha 50 mingta test ishlab chiqarilishi kutilyapti

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov 3 aprel kuni O‘zbekistonda koronavirusga tashxis qo‘yish uchun 200 mingdan ortiq test tizimlari zaxirasi borligini aytgandi.

Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy test ishlab chiqarish tizimi aprel oyi oxiriga qadar 50 ming dona test ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.

«Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi axborotiga ko‘ra, aprel oyi yakuniga qadar mahalliy sharoitda 50 ming dona test ishlab chiqarilishi mo‘ljallangan. Ular Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan klinik tekshiruvlarni o‘tkazishi, Farmatsevtika qo‘mitasiga hujjat topshirishi lozim», — degan Nurmat Otabekov.

Mavzuga oid