O‘zbekiston | 21:33 / 18.04.2020
60011
3 daqiqa o‘qiladi

Otabek Bakirov va Qobil Xidirov maosh kamaytirilishini tanqid qildi

Blogerlar Qobil Xidirov va Otabek Bakirov Kun.uzʼga bergan intervyusida davlat budjetidan to‘lanadigan maoshning differensial kamaytirilishini tanqid qildi.

Otabek Bakirov va Qobil Xidirov

Telegramʼdagi Davletovuz kanali asoschisi Qobil Xidirov ushbu qarorni amalga tatbiq etishdan avval, uning ortidagi siyosiy oqibatlar haqida o‘ylab ko‘rishni tavsiya qildi.

Bakiroo kanali asoschisi Otabek Bakirovning aytishicha, ushbu qaror iqtisodiy inqiroz davrida go‘yo 500 milliard so‘mni tejab qolish bilan 1 trillion so‘mni yo‘qotishga tengligini bildirdi.

“Negadir Xalqaro valuta jamg‘armasi qayerda va nima tavsiya bersa, bular rivojlanayotgan yo o‘zini tutib olmagan davlatlarga qaratiladi. Oqibatda bu tavsiyalar ziyon keltiruvchi bo‘lib chiqadi. Nimagadir, XVJ Yevropa davlatlariga bunday (davlat budjetidan maosh oluvchilarning haqini kamaytirish — tahr.) tavsiya berayotgani yo‘q. Qaytanga ularga talabni qo‘llab-quvvatlash, aholini pul bilan ta'minlash bo‘yicha tavsiyasini beryapti. Bizga esa g‘irt teskarisi: maoshlarni qisqartirish haqida gapirmoqda.

Tasavvur qilaylik, tavsiyani to‘g‘ri deb qabul qildik. Maosh kamaygandan keyin o‘z-o‘zidan tovar va xizmatlarga talab kamayadi. Shu tufayli biznes ham o‘z faoliyatini kamaytirishga majbur bo‘ladi. Mahsulot ishlab chiqarish kamaysa, ishchi o‘rni ham qisqaradi. Bu zanjir davom etsa, iqtisodiyotga ko‘proq ziyon yetadi-ku“, — deydi u.

Bakirov maoshlarning pasaytirilishi mikro doiradagi iqtisodiy muammolarga ham sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Masalan, soliqchilarni xalq boqib oladi, deya ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘ldi. Men bunday o‘ylamayman. Ularning ko‘pchiligi yollanma ishchi hisoblanadi. Ularning mutlaq ko‘pchiligi kimningdir qo‘liga qarash yo tamagirlik bilan faoliyatini tashkil etgan, deb hisoblamayman. Yillar davomida xarajatlar normasi bor. Bu kreditlar, ta'lim bilan bog‘liq to‘lovlar. Agar maoshlar tushirilsa, ularning turmush darajasi minimal xarajatlarni qoplash darajasidan ham pasayib ketadi-ku“, — deydi Bakirov.

Maoshlarni kamaytirish haqida birinchi marta Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Kun.uzʼga bergan intervyusida gapirib bergandi. Shundan so‘ng, davlat rahbari tomonidan imzolangan qarorda davlat budjeti sarf va xarajatlarini mo‘'tadil kamaytirish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid