Gulistonda choyxona yoqib yuborilgan. Jabrlanuvchining IIBga arizasi ko‘rib chiqilmayapti
Kun.uz tahririyatiga Sirdaryo viloyati Guliston shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Bobur Yusupov murojaat qildi. U «Bo‘ston» MFY 4-mavze 39-uyda oilasi bilan ijarada yashaydi, tadbirkorlik faoliyatini 2016 yil avgust oyida boshlagan.
«Ish faoliyatim davomida ko‘plab ko‘ngilsizliklarga duch kelyapman. 2019 yil 14 yanvarda mashinamni yoqib yuborishgandi (Mashinaga o‘t qo‘yish jarayoni va jinoyatchi videokameraga tushgan). Shahar IIBga murojaat qildim. IIB tomonidan «otkaz material», deb osongina yopib yuborishdi. Jinoyatchiga hech qanday chora ko‘rishmadi...
Izoh: Mana shu xatti-harakatlarni Guliston ShIIB «jinoyat alomatlari yo‘q», deb ishni yopgan.
Shu kungacha Guliston shahridagi «Madaniyat» mahallasi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi 101-uyda «Azizbek» choyxonasini ijaraga olib, ishlatib kelayotgan edim.
2020 yil 1 apreldan 2 aprelga o‘tar kechasi choyxonaga o‘g‘irlikka tushib, ichidagi mol-mulklarni talon-toroj qilib, o‘g‘irlik izlarini yo‘qotish maqsadida kameralarni yo‘q qilib, choyxonani yoqib yuborishdi.
Yong‘in xavfsizligi xizmati tomonidan 150 kv.m joyda atayin yong‘in sodir etilgan, degan xulosa chiqarildi. Bu yong‘in oqibatida men 80 mln so‘m zarar ko‘rdim.
2 aprel kuni men yuritayotgan choyxona yoqib yuborilgani borasida Guliston shahar IIBga ariza berdim.
Ammo IIB tomonidan hech qanday natija bo‘lmayapti. Prezident xalq qabulxonasiga ham telefon qildim, lekin biror natija yo‘q. Men moddiy va ma'naviy zarar ko‘rdim. Hozirgi kunda juda ham og‘ir vaziyatdaman. Iltimos, menga qonun doirasida yordam berishingizni surayman», deb yozadi tadbirkor tahririyatga yo‘llagan murojaatida.
U bundan bir yil muqaddam mashinasi yoqib yuborilgani tasvirga olingan videoyozuvni taqdim etdi. O‘rinli savol paydo bo‘ladi: nahotki Sirdaryo viloyat IIB jinoyat sodir etilgani bo‘yicha arizani «jinoyatchilik statistikasining oshib ketmasligi» (bu — murojaatchining aytganlari) vaji bilan chuqur o‘rganib ko‘rmagan bo‘lsa?
Ko‘rinib turgan jinoyatni «issiq izi»dan ochishni eplaydigan malakali kadrlar yo‘qmi viloyatda?
Murojaatchining ma'lum qilishicha, hozirda choyxona yoqib yuborilishi bo‘yicha holatda ham uning IIB idoralarida dardiga quloq soladigan odam topilmayapti. U bir yil muqaddam mashinasi bilan sodir bo‘lgan holatdagi kabi jinoiy ish ichki ishlar organlari tomonidan sekingina «yopti-yopti» qilib yuborilishidan xavotirda.
Tadbirkor ning mol-mulklari «o‘z-o‘zidan» yonib ketganiga (aniqrog‘i, yoqib yuborilgani) oid har ikki holat bo‘yicha Sirdaryo viloyat IIB organlaridan rasmiy munosabat kutib qolamiz.
Ushbu holat Bosh prokuraturaning Ichki ishlar vazirligi organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olinishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shuhrat Shokirjonov.
Mavzuga oid
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
08:45 / 20.12.2024
Toshkentda yana bir yo‘lovchi avtobusida yong‘in chiqdi
23:26 / 18.12.2024
Toshkentda avtobus yonib ketdi
15:29 / 17.12.2024