Jahon | 08:05 / 23.04.2020
9210
3 daqiqa o‘qiladi

Space X yana 60ta Starlink sun'iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi. Ularning soni 420taga yetdi

Foto: Space X

Space X fazoviy kompaniyasiga tegishli Falcon 9 raketa-tashuvchisi yangi internet tarmog‘ini shakllantiruvchi Starlink sun'iy yo‘ldoshlarining navbatdagi partiyasini orbitaga olib chiqdi. Bu haqda Space X rasmiy sahifalarida ma'lum qilindi.

Xuddi 18 martda bo‘lgani kabi bu gal ham 60ta mini suniy yo‘ldosh orbitaga olib chiqilgan. Space X muassisligidagi Starlink internet tarmog‘i uchun mo‘ljallangan bunday sun'iy yo‘ldoshlar soni orbitada 420taga yetdi. Ularning barchasini dunyoning eng yirik kosmik kompaniyasiga aylangan Space X koinotga olib chiqqan.

Toshkent vaqti bilan 22 aprelga o‘tar kechasi 00:30da raketa parvozini boshladi va 15 daqiqa o‘tib 60ta sun'iy yo‘ldosh Yerdan 212-386 km balandlikda joylashtirildi. Space X injyenerlarining nazoratidan so‘ng har biri 260 kg keladigan sun'iy yo‘ldoshlar o‘zida o‘rnatilgan ionli dvigatellar yordamida 550 km balandlikka ko‘tariladi.

Ma'lumot uchun, Space X umumiy hisobda yettinchi marta ushbu turdagi muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi va natijada 420ta sun'iy yo‘ldosh koinotga olib chiqildi. Bu galgi parvozdan 30 daqiqa o‘tib Falcon 9 raketa-tashuvchisi odatdagidek Atlantika okeanida joylashgan «Of Course I Still Love You» (tarjimasi «Albatta, men hamon seni sevaman») nomli suzuvchi platformada muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirgan.

Shu o‘rinda Falcon 9 ko‘p marta foydalanilgan ilk raketa-tashuvchi ekanini ta'kidlash kerak. U to‘rtinchi marta orbitaga parvozni amalga oshirdi.

Space X bunday sun'iy yo‘ldoshlarning kamida 12 ming (ko‘pi bilan 30 ming) donasini koinotga olib chiqishni va bu orqali Starlink arzon internet tarmog‘ini tuzishni rejalashtirgan. Agar bu ish amalga oshsa, Starlink butun Yer aholisiga keng polosali, sifatli va arzon internetdan foydalanish imkonini beradi.

10 milliard dollarga baholanayotgan bu loyiha 2020 yildayoq Shimoliy Amerikani internet bilan ta'minlashni boshlashi mumkin. 2021 yilda esa loyiha butun dunyoni qamrab olishi maqsad qilingan. Space X xo‘jayini Ilon Maskning aytishicha, yana kamida 60 ta sun'iy yo‘ldosh ortilgan oltita muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirgandan so‘ng ta'minotni boshlash haqida o‘ylash mumkin.

Falcon 9 parvozining to‘liq tafsilotini ushbu videoda ko‘rishingiz mumkin.

Mavzuga oid