O‘zbekiston | 18:55 / 04.05.2020
17487
10 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim, monopoliya, ayol siyosatchilar va Singapur tajribasi - Aziza Umarova bilan suhbat

«Biz kalkulyatorni qo‘lga olib, har bir sohada monopoliyadan ko‘rilayotgan zararni hisoblab chiqsak, tezda to‘g‘ri qarorlar qabul qila boshlaymiz».

Ta'lim sifati oshirilishiga nima to‘siq bo‘lyapti? O‘zbekiston monopoliyalar sababli nimalarni boy bermoqda? Jamiyatning ayollarga munosabatida qanday xatolar bor? Biz Singapur tajribasidan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

Davlat boshqaruvini modernizatsiyalash va elektron hukumat masalalari bo‘yicha mutaxassis, Smartgov.consulting kompaniyasi ijrochi direktori Aziza Umarova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shular xususida o‘z mulohazalarini bildirdi.

― Ta'lim sifatini oshirish hukumat oldidagi asosiy masalalardan biri bo‘lib turibdi. Turli shakl va ko‘rinishda o‘zgarishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, ijobiy siljish sezilgani yo‘q. Aksincha, muammo chuqurlashgan holatlar ham bo‘ldi...

― Chunki bizda akademik erkinlik va oliy ta'lim avtonomiyasi yo‘q. Agar universitet xususiy bo‘lsa, u boshqa oliygohlar bilan raqobatlashadi. Ta'lim dasturi progressiv va qiziqarli bo‘lishiga, eng yaxshi o‘qituvchilar ishlashiga harakat qiladi. Yaxshi kitoblar, kompyuterlarga resurs tikishga, talaba eng yaxshi bilimlarni olishi uchun sharoit qilishga imkoniyat paydo bo‘ladi. Chunki raqobat bor.

Raqobat bo‘lmasa, barcha oliy ta'lim muassasalari davlatniki bo‘lsa... Ularda hisobdorlik yuqori, doim qandaydir hujjatlar talab qilinadi. Va ular har qanday holatda ham davlat o‘ziga pul berishini biladi.

Deylik, xususiy universitet va davlat universiteti. Ular davlat subsidiyalari uchun kurashadi. Davlat xususiy universitetga pul beradi va menga bu yil 100 nafar kadr tayyorlab berasan, deydi. Va xususiy universitet davlat uchun talabalarni tayyorlab beradi. Chunki bu universitetda iqtisodiyot bo‘yicha yaxshi dastur bor. Narigi universitetda esa tibbiyot dasturi yaxshi. Balki xususiydir, balki davlatniki. Ular doim davlat moliyalashtirishi uchun o‘zaro raqobat olib borishadi.

Ana shunda davlat universitetlari ham o‘zgarishga majbur bo‘ladi. Bizda hech qachon bunday bo‘lmagan. Sifatli ta'lim haqida o‘ylar ekanmiz, gap yana oliy ta'lim tizimidagi monopoliyaga, raqobatning yo‘qligiga borib taqaladi.

Aviatsiya bo‘ladimi, oliy ta'limmi, sog‘liqni saqlashmi ― har qanday sohada ham raqobat paydo bo‘lsa, sifat yaxshilanadi. Kuchsizlar chekinadi, kuchlilar qoladi. Kuchlilar o‘z xizmatlarini yaxshilash orqali o‘zaro kurash olib boradi.

– Monopoliyalarning iqtisodiyotimizga zarari haqida qanday fikrdasiz?

– O‘zbekiston ham boshqa davlatlar singari sobiq ittifoq tarkibidan chiqqan. Sovet ittifoqida davlat hamma narsani qamrab olgan edi. Jamoat tashkilotlari ham davlatniki edi, hech qanday biznes bo‘lmagan. Iqtisodiyotda hamma narsani davlat nazorat qilardi. Bunday tizimdan sekinlik bilan chekinyapmiz. Istalganidek tez bo‘lmasa ham, lekin o‘zgarishlar bor.

Aviatsiya sohasida monopoliyaning ta'sirini ko‘rib chiqsak. O‘zbekiston va Ukraina. Toshkentdagi aeroport va Kiyevdagi Borispol aeroporti. 1991 yil. Toshkent aeroportida yiliga taxminan 1,5 mln yo‘lovchi tashilgan. Kiyev aeroportida ham taxminan shuncha.

2019 yilda esa Toshkent aeroporti 3,8 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi, Borispol – 15 mln. Ikki davlatning ham aholisi 33-35 mln, iqtisodiyot darajasi ham qariyb teng. Lekin farq katta: 3,8 mln va 15 mln.

Chunki ular o‘z osmonini ochdi, islohotlar qildi, yangi aviatashuvchilar oqimini jalb qildi. Kiyevga, Ukrainaga ko‘p odam kela boshladi, ular tranzit habga aylandi. Biz esa buni yo‘qotdik.

Odamlar Toshkentdan uchish o‘rniga Chimkent orqali uchib ketishadi.

Yo‘qotish kimda? O‘zbekistonda. Farg‘ona vodiysida chegaradan o‘tib, O‘sh orqali Rossiyaga uchib ketishadi. Toshkentdan esa Chimkent orqali chiqib ketishga harakat qilishadi.

Biz kalkulyatorni qo‘lga olib, har bir sohada monopoliyadan ko‘rilayotgan zararni hisoblab chiqsak, tezda to‘g‘ri qarorlar qabul qila boshlaymiz. Raqamlar bilan gapirmas ekanmiz, hech narsani o‘zgartira olmaymiz.

Maktablar misolini ko‘rib chiqsak. Tbilisi va Toshkent. Tbilisida 1 mln aholi, Toshkentda 3 mln. Maktablar soni esa deyarli bir xil, 10-12ta farq qilishi mumkin. Vaholanki bizda aholi soni 3 karra ko‘p, maktablar esa juda kam.

Chunki Tbilisida jon boshiga moliyalashtirish yo‘lga qo‘yilgan. Davlat har bir o‘quvchi uchun pul ajratadi. Biz esa jon boshiga moliyalashtirish islohotini qilmadik. 1991 yilda, 2000 yilda qancha pul ajratilgan bo‘lsa, hozir ham deyarli shuncha ajratiladi.

― O‘zbekiston siyosatida ayollarning roli sust ekanini ko‘rish mumkin. Ularning bu nofaolligi, sizningcha, ko‘proq nima bilan bog‘liq: shaxsiy ambitsiyaning yo‘qligimi yoki tizimdagi sun'iy to‘siqlar?

― Bunga sabab – avvalo, oilada qiz bolaga munosabat. Unga hech kim bor, o‘zingni ko‘rsat, demaydi. Hamma erga tegsang, bo‘ldi, deydi. Qizlar turmushga chiqish, 2-3 nafar farzandni dunyoga keltirishni asosiy vazifasi deb biladi.

Boshqa tomondan, shu farzandlarni boshqa sobiq sovet davlatlarida ham dunyoga keltirishyapti. Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda, Ozarbayjonda... Ammo, shu bilan birga, ularda ayol elchilar, ko‘plab ayol vazirlar, ayol bosh vazirlar, ayol bosh prokurorlar bor. Ular ham turmushga chiqishadi, farzand ko‘rishadi.

Misol uchun, Afg‘oniston. Afg‘onistonda hozirda 3 nafar ayol vazir, 5 nafar ayol elchi, 11 nafar ayol vazir o‘rinbosari bor. Xususan, muhofaza organlarida ham ayollar ishlaydi. Yaqin vaqtgacha ayollar paranjida yurgan, uydan erkaklarsiz chiqa olmagan davlatda shunday. Ular harakat bilan shunday natijaga erishishdi.

Bizda esa teskarisi. Sovet O‘zbekistonida Adliya vaziri, Ijtimoiy ta'minot bo‘yicha vazir ayol bo‘lgan. Moskvada, asosiy hukumat oldida ayollar O‘zbekiston nomidan munosib ish yuritishgan. Biz hozir ularni yo‘qotdik.

Menimcha, bir tomondan madaniyat ayollarga katta ta'sir ko‘rsatdi. Qiz bolaga kichkinaligidan barchasiga erisha olishi mumkinligi uqtirilmadi. Ular juda past marralarni ko‘zlashdi.

Boshqa tomondan, davlat ham qo‘llab-quvvatlash kerakligini yoddan chiqardi. Doim kadrlar zaxirasi bo‘lishi kerakligi unutildi.

Rasmiy ma'lumotlarga asolansak, sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimi kadrlarining to‘rtdan uch qismi ayollar. Ammo nega bizda sog‘liqni saqlash vaziri ayol emas? Nega sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari orasida ayol kishi yo‘q?

Har bir sohada o‘qimishli ayol kadrlar uchun kvota bo‘lishi kerak. Buni shunchaki «bajarildi» degan so‘z uchun emas, chin ma'noda ayollarga imkon yaratish uchun qilish kerak. Ayollar siyosatda paydo bo‘la boshlashi bilan yosh avlod ularga qarab xulosa qila boshlaydi, men ham qila olishim mumkin ekan, deb o‘rnak oladi. Va butun tizim ishlay boshlaydi.

― Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri Singapur hayoti bilan yaqindan tanishsiz, u yerda faoliyat olib borgansiz. Osiyoning kichkina davlati bo‘lgan Singapurning taraqqiyot yo‘li O‘zbekiston uchun tajriba bo‘la oladimi? Biz ulardan nimani o‘rganishimiz mumkin?

― Singapur tabiiy boyliklarga ega emas. Juda ham kichkina davlat. U hech qanday tabiiy boyliklarsiz, inson kapitalini rivojlantirish, ziyoli millatni yaratish orqali iqtisodiy rivojlanishda yetakchi bo‘lish mumkinligining yaqqol misoli.

Singapurning menga yoqadigan jihati, ular ta'limga katta e'tibor qaratishadi. Birinchidan, 70-yillarning oxiridayoq ingliz tili asosiy tilga aylanishini aytishgan edi. Ingliz tilini bilish xalqqa asosiy axborot manbalaridan foydalana olish uchun kerak bo‘ldi.

Ikkinchidan, ularda maktablar dasturi juda yaxshi. Konsepsiyada maktablar fikrlaydigan odamlarni tayyorlashi kerakligi belgilangan. Fikrlovchi maktab, fikrlovchi millat. Ya'ni zamon bilan birga o‘zgara oladigan, har doim yangi ko‘nikma va bilimlarni o‘zlashtira oladigan o‘qimishli insonlarni tayyorlash kerak.

Uchinchidan, ular korrupsiyani mutlaqo yo‘qota olishdi. Singapurda bir yil yashab, pora berishga ishora qilinadigan bironta ham holatga duch kelganim yo‘q. Hammasi butkul shaffof. Korrupsiya bo‘lmagan, o‘qimishli, global makonda axborot bilan ishlay oladigan odamlari bilan ular Osiyoning moliyaviy markaziga aylana olishdi. Ya'ni bugun Singapurda eng yirik banklar, sug‘urta kompaniyalari ishlaydi. Startaplar paydo bo‘ladi. Kompaniyalar o‘zlarining shtab-kvartiralarini ochishadi. Biznes yuritish tartibi juda tushunarli. Hech narsa birdaniga o‘zgarmaydi, hammasi tushunarli, oldindan baholash mumkin. Bu Singapurga odamlarni jalb qiladi. Hukumatga yuqori ishonchni paydo qiladi. Shuning uchun bu davlat bizga yaxshigina namuna bo‘la oladi.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi ― Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid