Jahon | 21:08 / 06.05.2020
9005
2 daqiqa o‘qiladi

Vena dunyoning eng ekologik toza shahri deb topildi

Vena 2020 yilda dunyoning eng ekologik toza shahri deb topildi. 

Foto: AP Photo/Ronald Zak

Bu haqda AQSh-Kanada konsalting agentligi tuzgan “Dunyoning eng ekologik toza 10 shahri 2020” reytingiga tayanib Vena meriyasi xabar qildi. Reyting 22 aprelda nishonlanadigan  Xalqaro Yer kuni munosabati bilan tuzilgan.

Mutaxassislar 100 dan ko‘p shaharni 9 ta mezon bo‘yicha baholashgan: yashil ekinzorlar maydoni, tiklanuvchi manbalardan iste'mol qilinadigan energiya hajmi, jamoat transportidan foydalanish davriyligi, havodagi qattiq zarralar miqdori, aholi jon boshiga suv iste'moli, chiqindilarni qayta ishlash dasturi mavjudligi, chiqindilarning kompostlanishi, fermer bozorlari miqdori. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Vena, shuningdek, bog‘lar miqdori va jamoat transporti rivojlanganligi bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyish qilgan.  

Reytingda 2- va 3-o‘rinlarni Germaniyaning ikkita shahri - Myunxen va Berlin egallagan. Undan keyingi o‘rinlarni Madrid (Ispaniya), San-Paulu (Braziliya), Manchester (Britaniya), Lissabon (Portugaliya),Singapur, Amsterdam (Niderlandiya) va Vashington (AQSh) egallagan.

“Shahrimizning reytingdagi muvaffaqiyati Vena ko‘plab sohalarda boshqa megapolislar uchun o‘rnak hisoblanishini ko‘rsatadi. Vena aholisi uchun ochiq bo‘lgan bog‘lar va ko‘plab daraxtzorlar shahardagi yuqori turmush darajasini ifodalaydi”, deb aytgan shahar meri Mixael Lyudvig.

2019 yilda Vena Economist Intelligence Unit nashrining Global Liveability Index 2019 reytingida turmush darajasi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi shahar deb topilgandi. Avvalroq Avstriya poytaxti Mercer konsalting kompaniyasi talqini bo‘yicha qatorasiga bir necha yil yashash uchun eng yaxshi shahar deb topilgan.

Mavzuga oid