Jamiyat | 21:30 / 09.05.2020
11708
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida har bir faxriy 10 mln so‘mdan pul mukofoti oldi. Uyga muhtoj faxriyga viloyat hokimi uy berdi

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyatida “Xotira va qadrlash kuni” hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.

Bugun Toshkent viloyat hokimligi majlislar zali Ikkinchi jahon urushida vatan ozodligi uchun jang qilgan, urush va mehnat frontida mardonavor kurashgan bir guruh yurtdoshlarimiz tantanavor musiqa sadolari ostida viloyat hokimi Rustam Xolmatov, sektor rahbarlari izzat-ikrom bilan kutib olindi.

Ularga O‘zbekiston prezidentining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi hamda pul mukofoti, medal, esdalik sovg‘alari tantanali vaziyatda topshirildi.

O‘zbekiston prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri videokonferens-aloqa orqali urush faxriylari, front ortida jasorat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizga samimiy dil so‘zlarini, bayram tabriklarini yo‘lladi. Joylarda, urush qatnashchilarining uylarida tashkil etilgan studiyalarda, viloyat hokimligidagi tantanovar jihozlangan studiyada mazkur muloqotni faxriylar katta qiziqish, e'tibor bilan tingladi.

So‘ngra to‘kin dasturxon atrofida urush va mehnat faxriylari fayzli suhbatni davom ettirishdi.

Viloyat hokimi Rustam Xolmatov Nurafshon shahridagi “Motamsaro ona” monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi va hurmat bajo keltirdi. Marosimda sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Bugungi kunda viloyatimiz bo‘yicha jami 84 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi. Bayram arafasida viloyat hokimi, sektor rahbarlari, shahar va tumanlarning hokimlari ularning xonadonlarida bo‘lib, pul mukofoti, esdalik sovg‘alari topshirdilar.

Bayram arafasida viloyatning tuman va shaharlaridagi urush qatnashchilari xotirasiga o‘rnatilgan haykallar, monumentlar holati o‘rganilib, restavratsiya qilish va atrofini obodonlashtirishga ham e'tibor qaratildi.

Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida Italiya qarshilik harakatining faol a'zosi, Sovet Ittifoqi hamda Italiya milliy qahramoni Fyodor Poletayev xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent viloyati Angren shahar “Said Ota” mahallasida 1972 yilda monument o‘rnatilgan.

Qisqa vaqt ichida monumentni qayta ta'mirlash va yon-atrofini obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Mahoratli haykaltarosh, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti kafedra mudiri Rashid Xo‘janiyozov, haykaltarosh Rufat Rahmatov tomonidan Fyodor Poletayev byusti tayyorlandi.

Bugun “Qizil tog‘” shaharchasi“Said Ota” mahallasida Fyodor Poletayevning byusti restavratsiyadan so‘ng joyiga qaytarildi.

Toshkent viloyatida Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq yodgorliklar, xususan, Chirchiq shahridagi mashhur shoir Rasul Hamzatovning “Turnalar” she'riga bag‘ishlab barpo etilgan monument, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Uch askar” haykali o‘z davrining yodgori sifatida saqlanib turibdi.

Shuningdek, bugun Olmaliq shahridagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 101 yashar Abdurahim ota Mavlonov yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Abdurahim otaga O‘zbekiston prezidentining tabrik maktubi o‘qib eshittirildi hamda "G‘alabaning 75 yilligiga" esdalik medali, 10 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Abdurahim ota bundan 2 oy avval o‘zi istiqomat qilayotgan hudud shahardan uzoqroqda, chekka hududda bo‘lganligi sababli kommunikatsiyadan qiynalayotganini, iloji bo‘lsa, shahar markazidan uy ajratishini so‘rab, viloyat hokimiga murojaat qilgan edi.

Otaxonning bu murojaati inobatga olinib, Toshkent viloyati hokimi R. Xolmatovning topshirig‘iga ko‘ra, Olmaliq shahri markazidan 1 xonali xonadon jihozlangan holda ajratildi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Mavzuga oid