Sport | 20:55 / 03.06.2020
14609
7 daqiqa o‘qiladi

«Saudiya, BAA klublari va «Persepolis»dan taklif bo‘ldi» – Masharipov, Sergeyev va Krimetsga qiziqishlar haqida «Paxtakor» sport direktori bilan suhbat

«Paxtakor» yetakchisi Jaloliddin Masharipovning turk klubiga o‘tishi haqida xabarlar tobora ko‘proq muhokama qilinmoqda. Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida futbolchining o‘zi bilan suhbat uyushtirgandik. Mavzuni yanada kengroq ochib berish uchun «Paxtakor» sport direktori Ja'far Irismetov bilan bog‘landik.

* Intervyu olingandan so‘ng suhbatdoshimiz Ja'far Irismetovning onasi olamdan o‘tgani ma'lum bo‘ldi. Ijodiy jamoamiz Ja'far Irismetov va oilasiga hamdardlik izhor qiladi.

– Ja'far aka, yaqinda Jaloliddin Masharipov bilan suhbatlashganimizda, «Paxtakor» uni qo‘yib yuborsa, yaxshi bo‘lishi haqida gapirdi. Shu masalaga oydinlik kiritsangiz, Masharipovning transfer narxi qancha?

– To‘g‘risi, Arveladze Masharipovni o‘zimizda olib qolishni istayapti. Bilasiz, u jamoa yetakchilaridan. Pandemiya sababli Osiyo chempionlar ligasi taqdiri so‘roq ostida qolgan bo‘lsa-da, bu musobaqadagi vazifamiz kamida yarim finalgacha borish. Shu bois Jaloliddinni qo‘yib yuborish niyatimiz yo‘q edi.

Bu masalada Chempionlar Ligasidagi vaziyatga qarab ish tutmoqchi edik. Ya'ni, OChL davom ettirilsa, transfer masalasi haqida o‘ylamayotgandik, musobaqa davom etmasligi aniq bo‘lsa, bu haqda o‘ylasa bo‘lardi. Chunki Masharipovning ham ketadigan vaqti bo‘lgan. Futbolchining o‘zi aytganidek, «Trabzonspor» hali real summa haqida gapirgani yo‘q. Boshqa arab klublaridan taklif bor, ammo hali klub istagan mablag‘ taklif qilingani yo‘q. Masharipovning transfer masalasi hozircha ochiq qolmoqda.

– Futbolchining o‘zi bilan gaplashib ko‘rdingizmi?

– Masharipovning o‘zi «Paxtakor»dan chiqqanman, bu klub uchun jonimni beraman, deyapti. Bilasiz, «Paxtakor» moliyaviy jihatdan arab davlatlarining boy klublari bilan raqobatlasha olmaydi. Misol uchun, ular taklif qilayotgan sharoitlarni biz futbolchilarga yaratib bera olmaymiz. Shunga qaramay, Masharipov bilan muzokara olib borib, amaldagi shartnomasini yangilashga harakat qilyapmiz. Ya'ni, maoshini ham ko‘tarib, uni olib qolish harakatidamiz. Uning amaldagi shartnomasi yana bir yil amal qiladi.

– Aytaylik, Jaloliddin ketaman deb turib olsa, oxirgi qarorni klub qabul qiladimi yoki futbolchining ko‘ngliga qaraysizlarmi?

– Bu masalada biz futbolchini, u esa klubni tushunishi lozim. Ikki tomon kelishgan holda bir qarorga kelamiz. Jaloliddin oxirgi ikki yilda katta o‘sishga erishdi va bunda klubning ham hissasi bor. «Paxtakor» uni yaxshigina reklama qildi. Endi oltin oraliqni topishimiz kerak.

– Futbolchining o‘zi Osiyo emas, Yevropaga ketmoqchi ekanligini aytdi. «Trabzonspor»ning taklifi jiddiy bo‘lsa, klub Masharipovning o‘rniga boshqa futbolchi topib, uni qo‘yib yuborishi yaxshi emasmi?

– Yaxshi, lekin «Trabzonspor»da Masharipovning nuqtasida nigeriyalik futbolchi yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Buni ham hisobga olish kerak. Futbolchimiz u yerda zaxirada qolib ketishi ham mumkin. Bu milliy jamoaga minus bo‘lishi mumkin. Balki ular bu transferni zaxira varianti sifatida ko‘rishayotgandir? Har holda istalgan klub bir chiziqda ikkita yaxshi futbolchisi bo‘lishini istaydi. Agar Jaloliddin aniq asosiy tarkibda o‘ynaydigan bo‘lsa, albatta Yevropaga ketish yaxshi variant.

– Masharipov masalasida «Paxtakor»ga kelib tushgan aniq taklif bormi, hech bo‘lmasa nechta ekanligini ayta olasizmi?

– Bizga bitta aniq taklif kelib tushgan. Unda yaxshi takliflar berilgan, Masharipov ham bunga qiziqayapti. Ammo rasmiy taklifdan tashqari shaxsan o‘zimga ham boshqa davlatlardan bir nechta og‘zaki so‘rovlar bo‘ldi. Misol uchun, Eronning «Persepolis» jamoasi. Qolgan takliflarda esa klub rahbarlari emas, asosan agentlar men bilan bog‘langan, biroq aniq summalar haqida gaplashmaganmiz.

– Aniq taklif bilan chiqqan klubning nomini ayta olasizmi?

– Buni men aytmay qo‘ya qolay. Anig‘i shuki, bu BAA klubi. Qolaversa, Saudiya Arabistonidan ham og‘zaki taklif bor. Masharipovni biz ham shunchaki qo‘yib yuborgimiz yo‘q, klub daromad olishi kerak. Deylik, Jaloliddinni 1 million dollarga narxladik. O‘sha pulga biz kimni olib kela olamiz? Yaxshi o‘yinchi bu pulga keladimi? Biz o‘z futbolchimizni yaxshiroq narxda sotsak, o‘sha pulga bo‘shliqni yopishimiz kerak bo‘ladi.

To‘g‘ri, bu nuqtada uning o‘rniga o‘ynay oladigan Asadbek Sobirjonov ham bor. Ammo Sobirjonov o‘ynasa, uning o‘rniga zaxiramiz yo‘q. Ayniqsa O‘zbekistonda bunday qanot vingerlari juda kam. Yaxshiboyev ham ikki yil o‘zimizda yaxshi o‘rnasha olmadi, ammo Belarus chempionatiga ketib ochilib ketdi.

– Masharipovdan tashqari «Paxtakor»ning yana qaysi futbolchilariga takliflar bo‘ldi?

– Igor Sergeyev, Yegor Krimetsga taklif tushdi. O‘zi bu yil asosiy vazifamiz legionerlar emas, o‘zimizdagi bor kuchdan maksimal foydalanish, yoshlarni yangi darajaga ko‘tarish. Legioner degan Cheran singari yuqori darajada bo‘lishi kerak. Hozirda u O‘zbekistondagi eng yaxshi legioner. Bunaqasi Rivaldodan keyin kelmagandi. Masharipovni ham qo‘yib yuborsak, uning darajasidagi legionerni topib olib kela olmaymiz.

– Muzokaraga o‘tirilsa, klubda oxirgi so‘zni kim aytadi, klub prezidentimi?

– Oxirgi so‘zni klub prezidenti aytsa-da, qaror qabul qilishda bosh murabbiyning ham roli katta bo‘ladi. Klub prezidenti Bobur Shodiyev faqat aytilgan futbolchini olib beradi, sotmaydi. Chunki jamoamiz kuchayishini istaydi. Biz Masharipovni sotib kuchsizlanib qolishni istamayapmiz. Hozirgi holatda taklif qilinadigan transfer pulining qancha ekanligiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Katta mablag‘ taklif qilingani uchun ham «Barselona» Neymarni sotib yuborgandi.

– So‘nggi savol: klubning OChLdagi bosh maqsadi yarim finalmi?

– Avvalo guruhdan chiqishimiz kerak, chunki oxirgi yillarda buni uddalash ham klublarimiz uchun qiyinchilik tug‘dirayotgandi. Keyin esa yuqori cho‘qqilarni ko‘zlasak bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Bobur Akmalov suhbatlashdi

Mavzuga oid