Jahon | 07:32 / 04.06.2020
8925
2 daqiqa o‘qiladi

Jorj Floydning o‘limi bo‘yicha yana 3 politsiyachiga ayblovlar ilgari surildi 

Amerikalik prokurorlar afroamerikalik Jorj Floydning qo‘lga olinishi vaqtida o‘lishi bo‘yicha sobiq politsiyachi Derek Shovinga avvalroq bildirilgan ayblovni qat'iylashtirib, uning 3 hamkasbiga ham ayblovlar ilgari surdi.  

Minnesota shtati bosh prokurori Kit Ellison Floydning ushlanishi vaqtida uning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turgan Shovinga avval qo‘yilgan ayblovni qasddan sodir etilmagan ikkinchi darajali qotillikka o‘zgartirgan. Bundan avval politsiyachiga qasddan sodir etilmagan uchinchi darajali qotillik ayblovi bildirilgandi.   

Shuningdek, Floydning qo‘lga olinishida ishtirok etgan yana 3 politsiyachiga qotillikka sherik bo‘lish ayblovi ilgari surildi. Avval ularga hech qanday ayblov bildirilmay, politsiyadan bo‘shatilgan edi.

Minnesotadan senator Emi Klobushar Shovinga bildirilgan ayblovning qat'iylashtirilishini “adolat qaror topishidagi yana bir muhim qadam” deb atagan.  

O‘tgan hafta Floydning ushlanishida ishtirok etgan barcha 4 politsiyachi ishdan bo‘shatilgan edi.

Avvalroq Change.org platformasida Floydning o‘limida aybdor barcha politsiyachilarni jazolash talab qilingan petitsiya paydo bo‘lgandi. Petitsiyani 12 mlnga yaqin odam imzolagan.   

Mavzuga oid