O‘zbekiston | 01:50 / 04.06.2020
97998
4 daqiqa o‘qiladi

5 iyundan «yashil» hududlarda masjidlarda namoz o‘qishga ruxsat beriladi - navbatdagi yengilliklar e'lon qilindi

Respublika maxsus komissiyasining karantin cheklovlarini yumshatish bo‘yicha navbatdagi qarori e'lon qilindi.

Unga asosan, 2020 yil 5 iyundan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi.

«Sariq» hududlarda:

  • mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (xostellar bundan mustasno);
  • uy mehmonxonalari va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan dala hovlilar (dachalar) faoliyatiga (faqat oilaviy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun);
  • mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlarida joylashgan hamda ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga.

«Yashil» hududlarda «sariq» hududlarga qo‘shimcha ravishda:

  • individual shug‘ullanish uchun trenajyer zallari va basseynlar faoliyatiga. Bunda trenajyer zallari va basseynlar obektlarining doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37S va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan  hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish, ijtimoiy masofani ta'minlash imkoniyati bo‘lmagan jamoaviy sport turlarini o‘tkazmaslik talab etiladi;
  • madaniyat obektlari (teatrlar) faoliyatiga, individual va jamoaviy repetitsiyalar o‘tkazish sharti bilan (30 kishidan ko‘p bo‘lmagan), tomoshabinlar va tashrif buyuruvchilarga ruxsat bermagan holda, spektakllarni onlayn rejimida yoki televideniye orqali translatsiya qilish yo‘li bilan;
  • ta'lim markazlari va to‘garaklar faoliyatiga (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, vaqtini oldindan kelishgan holda). Bunda xodimlar va bolalarning sog‘lig‘i holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish), infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodimlar va bolalarni mashg‘ulotlar chetlatish, shuningdek, sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat'iy rioya etish talab etiladi;
  • diniy tashkilotlar faoliyatiga. Bunda diniy tashkilotlar binolarining doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion «to‘shak»lar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shu jumladan namoz vaqtida fuqarolarning oraliq masofasini 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda), shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37S va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish, jamoaviy diniy marosimlar (juma namozi va boshqalar)ni o‘tkazmaslik talab etiladi.

Mavzuga oid