Tabiat vaqti: eriyotgan muzliklar, kesilayotgan o‘rmonlar
5 iyun sanasi – 1972 yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida belgilangan.
Ekologik muammolarga bag‘ishlangan alohida kun belgilanishiga 1971 yil 11 may kuni BMT bosh kotibiga yo‘llangan murojaat sabab bo‘lgan – unda 23ta davlatdan 2200 nafar fan va madaniyat sohasi vakillari atrof-muhitda xavfli ifloslanish jarayoni kechayotganidan va bu insoniyat kelajagiga tahdid solishidan ogohlantirgan.
«Atrof-muhit ifloslanishi muammosini yo‘qotmasak, u insoniyatni yo‘qotib yuboradi», deyilgandi murojaatda.
Mazkur sana jahon hamjamiyati e'tiborini atrof-muhit muammolariga qaratish, ekologiya muhofazasiga siyosiy manfaat uyg‘otishga xizmat qiladi. Joriy yilda xalqaro atrof-muhitni himoya qilish harakati uchun mezbon davlat Kolumbiya bo‘lib, kun mavzusi sifatida biologik xilma-xillikni saqlab qolish masalasi tanlangan.
Bu yil ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan harakatlar «Tabiat vaqti» (Time for nature) shiori ostida o‘tkazilmoqda.
«Biz yeydigan mahsulotlar, biz nafas oladigan havo, biz ichadigan suv, biz yashaydigan sayyoraga hayot bag‘ishlovchi iqlim – barchasi tabiat tufayli. Ustiga-ustak, hozir tabiatning o‘zi bizga belgi bermoqda – o‘zimiz haqimizda qayg‘urishimiz uchun avvalo tabiatga g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak.
Hozir – uyg‘onish vaqti. Muammolarni payqash uchun, ovozimizni ko‘tarish uchun... Insoniyat uchun, Yer sayyorasi uchun yaxshiroq muhit yaratish vaqti. Bu xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni – tabiat vaqtidir», deyiladi «Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish – 2020» kun tartibida.
BMT Atrof-muhit dasturi (UNEP) ma'lumotlariga ko‘ra, inson faoliyati Yer kurrasi quruqlik qismining to‘rtdan uch qismi, suv havzalarining uchdan ikki qismidagi ekologik muhitni sezilarli darajada o‘zgartirgan.
2010-2015 yillarda 32 mln gektar o‘rmon maydoni inson omili natijasida qisqargan.
So‘nggi 150 yil ichida global isish negizida suv havzalaridagi korall riflaridan iborat tirik qoplama ikki baravarga qisqargan – ular qurib, rangsizlashib bormoqda. Dunyo okeanlarining sho‘rlanish darajasi ortib boryapti.
Muzliklar katta tezlik bilan erimoqda. Bu – okean suvlarining ortishi va suv bo‘yiga yaqin hududlarning suv ostida qolish ehtimolini oshiradi, issiqlikning namlikka nisbati buzilishiga sabab bo‘ladi.
Yovvoyi hayvonot dunyosi qirilib bormoqda – keyingi 10 yil ichida yovvoyi jonivorlarning tur rang-barangligi chorak qismga qisqarishi mumkin.
Mavzuga oid
13:38 / 24.12.2024
“Bolalar sovuqdan muzlayapti” – BMT vakillari qish falastinliklar hayotini yanada og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
12:20 / 05.12.2024