Jahon | 12:20 / 05.12.2024
3370
6 daqiqa o‘qiladi

“Isroil BMT bilan himoyalanib, genotsid uyushtirmoqda” - Francheska Albaneze

BMTning bosib olingan Falastin hududlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze G‘azodagi urushni Isroil qo‘li bilan qilinayotgan genotsid deya e’tirof etdi. Isroil davlati BMT bilan himoyalangan, lekin BMT a’zosi bo‘lish boshqa bir xalqni yo‘q qilish, tahqirlash mumkinligini anglatmaydi, deydi Albaneze. Kanadadan chiqish qilgan maxsus ma’ruzachi Ottavaning xalqaro majburiyatlarini ham eslatib o‘tdi.

Maxsus ma’ruzachiga ko‘ra, G‘azoda hozirgacha halok bo‘lgan, yaralangan va mayib bo‘lgan yoki vayronalar ostida qolib ketgan falastinliklar umumiy soni 160 mingga yaqinlashgan. Halok bo‘lganlarning kamida 700 nafari – endi tug‘ilgan chaqaloqlar edi. Tirik qolganlar ham vayronalar, axlat va o‘liklardan qolgan qoldiqlar bilan yashashga majbur. Ular birlamchi sharoitlardan mahrum va kasalliklar qurshovida jon saqlamoqda. Falastinliklar asr davomida ko‘rmagan zo‘ravonligiga guvoh bo‘lib, qurbon bo‘lyapti.

Urush boshlangandan beri falastinliklarning qurbon bo‘lishi o‘tgan 20 yilgi bilan solishtirganda 10 baravarga ko‘paygan. Nafaqat oddiy insonlar, balki olimlar, akademiklar, inson huquqlari himoyachilari, shifokor va hamshiralar, o‘qituvchi va ziyolilar, bolalar ham ommaviy hibsga olish kampaniyasida o‘zboshimchalik bilan qamalgan. Hozir ularning ahvoli mavhumligicha qolyapti. Ko‘plab odamlar uyini tashlab, vatanini tark etgan. Bundaylar soni so‘nggi 30 yildagidan ham ko‘p.

Mustamlakachilikning eng makkor ko‘rinishlari bilan mahalliy aholini tahqirlash va bo‘ysundirish siyosati olib borilgan qit’ada yashovchi bir inson sifatida, dunyoning boshqa hududlarida, masalan, Falastinda odamlar boshdan kechirayotgan chuqur adolatsizliklarni men tan olaman. Kanada xalqi o‘z hukumatidan Falastinda sodir bo‘layotgan vahshiyliklarga ko‘proq aniqlik, halollik bilan munosabatda bo‘lishini istaydi. Biz G‘azoda Isroilning tinimsiz bombardimon qilishi, snayper va artilleriyalar esa hech kimni ayamayotganini tomosha qilishga majburmiz”, – deydi Francheska Albaneze.

BMT ma’ruzachisi, shuningdek, o‘z chiqishida G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda genotsidni tergov qilish, hujjatlashtirish, chora ko‘rishga chaqirdi.

Genotsid – milliy, etnik, irqiy, diniy guruhni to‘liq yo qisman yo‘q qilish maqsadida qilinadi. Guruhlarning yo‘q qilinishi jismoniy yoki biologik ma’noda talqin qilinsa-da, maqsad nima ekanini sud aniqlashtiradi. Ya’ni genotsid bu bitta harakat emas, balki ko‘plab harakatlar va ishtirokchilarni o‘z ichiga oluvchi jarayon ekanini unutmasligimiz kerak.

Shundan kelib chiqib, mening so‘nggi hisobotim Isroilning Falastin hududi bo‘ylab xalqni yo‘q qilish niyatini uch yondashuv bilan isbotlaydi. Hisobot Falastin xalqiga nisbatan Isroilning noqonuniy bosib olgan hududlarida qilgan jinoyatlari to‘plamini ko‘rib chiqadi”, – dedi u.

Francheska – Isroilning bu urushi genotsid ekanini aytayotgan BMTning birinchi vakili emas. O‘tgan yilning noyabr oyiga qadar tashkilotning 30 dan ortiq mustaqil ekspertlari kamida 3 marta urush genotsidga aylanganidan ogohlantirgan. Xalqaro tribunal ham Genotsid konvensiyasidan kelib chiqib, Falastin davlati va aholisi huquqlariga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazilishi xavfini aniqlagan.

BMTning maxsus ma’ruzachisi Francheska Kanadadan turib gapirar ekan, bu davlatning Isroil tomonida bo‘lib, urushni moliyalashtirishda faol ekaniga sha’ma qildi. Albanezega ko‘ra, Kanada xalqaro huquq tamoyillaridan kelib chiqib, Falastin xalqiga nisbatan aniq majburiyatlarga ega. Xususan, birinchi navbatda qurol eksporti litsenziyasi bekor qilinishi kerak, to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalarida ham uchinchi davlatlar uchun shaffoflik majburiydir. Shuningdek, Kanadaning Isroil bilan erkin savdo shartnomasi ham zudlik bilan qayta ko‘rilishi kerak. Falastinlik qochoq va majburiy ko‘chirilganlar qabul qilinishi hamda ularga tegishli yordam, himoya ko‘rsatilishi lozim. Falastin va musulmon gumanitar tashkilotlariga favqulodda choralarni ortiqcha tekshiruvlarsiz ko‘rishiga ruxsat berilishi kerak, chunki dini tufayli alohida tekshiruv bu kamsituvchi harakatdir, deydi BMT vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada hukumati vakillari Albaneze bilan uchrashishdan bosh tortgan. Dastavval tashkilot maxsus ma’ruzachisi Kanada Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan ko‘rishishi kerak bo‘lgan, biroq noma’lum sabablarga ko‘ra uchrashuv bekor qilingan.

Tashqi ishlar vaziri va tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita bilan uchrashishim kerak edi. Fikrimcha, bu davlatning nomdor siyosatchilari bosimi ortidan bizning muloqotimiz bekor qilindi. Xo‘sh, ular nimadan qo‘rqadi? Men faktlardan kelib chiqib, xalqaro huquq haqida gapiryapman. Monrealda, qator universitetlarda chiqish qildim, har bir ommaviy uchrashuvlarda G‘azodagi fojiani qayg‘u bilan qabul qilishdi. Aynan shuning uchun ham Kanada rasmiylari mening tadbirlarimda bo‘lishni istamadi, chunki bu ularning yuziga oyna tutadi”.

Francheska Albanezening matbuot chiqishiga yig‘ilgan jurnalistlar Kanada tashqi ishlar vaziri Melaniye Jolining o‘zi shaxsan bu uchrashuvni bekor qilgan-qilmaganiga qiziqdi. Maxsus ma’ruzachi buning sabablariga qiziqayotganini qo‘shimcha qildi.

“Isroilparast guruhlar va sionistik rejim tarafdorlarining talabi bilan shunday bo‘ldi deb o‘ylayman. Bu Kanadaning mustaqil tanlovi, BMT vakili bilan uchrashmaslikni ular tanladi, men emas”, dedi maxsus ma’ruzachi fikrini yakunlarkan.

Shohrux Majidov tayyorladi.

Mavzuga oid