Jamiyat | 22:55 / 05.06.2020
7561
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik: Suv toshqini uchun kompensatsiya oluvchilarning ikkinchi ro‘yxati shakllantirilgan

Hozirga qadar «Sardoba» suv toshqinida zarar ko‘rgan 4025ta oila 161 milliard so‘mlik sertifikatlar bilan ta'minlangan. Yana 505ta oilaga sertifikatlarni yetkazish ishlari olib borilmoqda.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva Sardobadagi suv toshqinida zarar ko‘rgan aholiga tarqaliyotgan moddiy yordam pullari haqida ma'lumot berdi.

«Suv toshqinidan jabrlangan har bir oilaga moddiy yordam sifatida berilgan 40 million so‘m pul mablag‘larini o‘z egalariga yetkazish ishlari olib borilmoqda. Dastlab, sertifikat uchun Mirzaobod tumanidan 1 090, Oqoltin tumanidan 1 264, Sardoba tumanidan 1 540, jami 3894 nafar fuqaro ro‘yxati shakllantirildi», dedi vazirlik vakili AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Bundan tashqari, ro‘yxat shakllantirish uchun qayta o‘rganish ishlari tashkil etilib, yana 1 193 nafar fuqaro ham moddiy yordam oluvchilar sifatida toifalangan.

Ta'kidlanishicha, suv toshqinidan so‘ng o‘z yashash manzillariga qaytib borgan aholining ham yashash joylarida keyinchalik zararlanish holatlari qayd etilgani tufayli ikkinchi ro‘yxat shakllantirilgan.

«Masalan, uy devorlarining qulashi yoki jihozlarning zararlanishi kabi holatlar keyin namoyon bo‘lgan. Shuning uchun ham moddiy yordam olishi lozim bo‘lgan fuqarolar ro‘yxati qayta shakllantirildi», - deya ta'kidladi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi vakili.

Hozirga qadar Mirzaobod tumanidagi 1071ta oilaga 42 milliard 840 million so‘mlik, Oqoltin tumanidagi 1256ta oilaga 50 milliard 240 mln so‘mlik, Sardoba tumanidagi 1698ta oilaga 67 milliard 920 million so‘mlik pul mablag‘lari plastik kartalari orqali yetkazilgan. Umumiy hisobda 4025ta oila 161 milliard so‘mlik sertifikatlar bilan ta'minlangan.

Shuningdek, yana 505ta oilaga sertifikatlarni yetkazish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid