O‘zbekiston | 23:37 / 06.05.2024
63683
1 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi maktabda o‘quvchilar klip tomosha qildi, sinf rahbaridan direktorgacha ishdan olindi

Maktab rahbariyati o‘quvchilarni nazoratsiz qoldirganlikda ayblangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida o‘quvchilar sinfxonadagi monitorda musiqiy videoklip tomosha qilgani uchun maktab rahbariyati jazolandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, holat Sardoba tumanidagi 5-son umumta’lim maktabida sodir bo‘lgan. O‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtida nazoratsiz qoldirilgan. Ular sinfxonadagi monitorda musiqiy videoklip tomosha qilgan, unda behayo lavhalar bo‘lgani aytilmoqda. Keyinchalik holat tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Xabarga ko‘ra, «o‘quvchilarni nazoratsiz qoldirgani uchun» sinf rahbari, maktab direktori, direktorning o‘quv ishlari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Ta’kidlanishicha, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida barcha umumta’lim maktablarida «Maktab, ota-ona, mahalla» hamkorligini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilan.

Mavzuga oid