Fan-texnika | 23:50 / 10.06.2020
12347
1 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda elektromobillar uchun 2 million kilometrlik yurishga chidamli akkumulyator yaratildi

Xitoyning Tesla va Volkswagen elektromobillari uchun akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi CATL (Contemporary Amperex Technology) kompaniyasi 2 mln kilometrlik (1,24 mln mil) yurishga chidamli akkumulyator ishlab chiqdi. Qurilmaning kafolat muddati 16 yilni tashkil qiladi.  

Foto: iStock

Bloomberg axborot agentligining xabar berishicha, bu haqda kompaniya rahbari Tszen Yuytsyun ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, zamonaviy akkumulyatorlar 150 ming milga chidamli hisoblanadi va ularning ishlash muddati 8 yilni tashkil qiladi. 

Batareyalar ishlash muddatining oshishi elektromobillar bozori uchun muhim qadam hisoblanadi, chunki akkumulyatorni ikkinchi mashinada qayta qo‘llash mumkin bo‘ladi. Ushbu jihat elektromobilga egalik qilish xarajatlarini kamaytiradi, bu esa koronavirus va neft narxi arzonlashishi sababli tushib ketgan savdoni tiklashga harakat qilayotgan avtomobillar tarmog‘iga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Kompaniya rahbarining ta'kidlashicha, elektromobillarga talab 2021 yil boshida oshadi. 

CATL fevralda Tesla kompaniyasiga akkumulyatorlar yetkazib berish bo‘yicha 2 yillik shartnoma tuzgan. Bungacha Ilon Mask kompaniyasi asosan Yaponiyaning Panasonic va Janubiy Koreyaning LG kompaniyalari bilan ishlagan. 

 

Mavzuga oid