Jamiyat | 18:47 / 11.06.2020
22094
7 daqiqa o‘qiladi

«27 yildan beri tirikchiligimiz shu yerdan edi» - tomorqasidan ayrilgan norinliklar dehqonchilik uchun yer so‘ramoqda

Kun.uz tahririyatiga Namangan viloyati Norin tumanidagi Uchtepa mahallasidan murojaat kelib tushdi. Muammoni o‘rganish maqsadida Norin tumanida bo‘ldik. 

Uchtepalik aholi vakillari xonadonida tomorqa yer maydonlari kamligi bois, ular hududdagi toshloq yerni o‘zlashtirib olishlari uchun 1991 yil 30 aprelda sobiq Paxtakor kolxozining yig‘ilish qarori bilan tomorqa uchun 11,28 gektar yer ajratilgan.

Qaror asosida berilgan toshloq tomorqa yer 168 nafar mahalla vakillariga 4 sotixdan 16 sotixgacha to‘g‘ri keladi. Ular 27 yil mobaynida yerning unumdorligini oshirish maqsadida bu yerga boshqa joydan tuproq va mahalliy o‘g‘itlar olib kelib o‘zlashtirishadi. Tomorqadan samarali foydalangan yer egalari bir yilda ikki martadan hosil olishga ham erishgan.

Yerga ro‘zg‘or uchun turli sabzavot ekinlari ekib, ro‘zg‘ordan ortgan qismini bozorda sotib tirikchilik o‘tkazib kelishadi.

2017 yilda Namangan viloyat kadastr tashkiloti vakillari kelib aholi uzoq yillardan beri foydalanayotgan o‘sha yerlarni xatlovdan o‘tkazadi. Har bir tomorqa yer egasidan pasport nusxasi, STIR ma'lumotlari va 5 ming so‘m miqdorida pul mablag‘i yig‘ishib, mazkur tomorqa yer uchun kadastr hujjat qilib berishini aytishadi. Lekin tomorqa egalariga hech qanday hujjat taqdim qilinmaydi.

2018 yili esa tuman hokimligi 27 yil mobaynida tomorqa sifatida foydalanib kelingan joyni tomorqa yer egalarini ogohlantirmasdan tadbirkorga baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilishi uchun qaror asosida berib yuborgan.

Tomorqa yerisiz qolgan uchtepaliklarning arzini tinglagan tashkilotlar ham muammoga yechim topib bera olishmagan.

Tomorqa yer egalari Norin tuman davlat arxividan olingan, 1991 yil 30 aprelda sobiq Paxtakor kolxozining yig‘ilish qarori nusxasini tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Otabek Mahkamovga taqdim qilishadi.

Mutasaddi bu hujjat haqiqatan ham yuridik kuchga egaligini aytib, uchtepalik tomorqa yer egalariga boshqa yerdan 3,5 gektarga yaqin yer ajratib berishni taklif qiladi.

105 nafar tomorqa yer egalari 3 gektardan ortiq yerni taqsimot qilish qiyinligini aytishadi va rozi bo‘lishmaydi. Har biriga hech bo‘lmaganda 5 sotix yer maydoni ajratib berish kerakligini so‘raydilar.

Mahkamov tuman hokimi bilan maslahat qilib ko‘rishini aytadi. Biroq shu kungacha Norin tuman hokimligi va boshqa mutasaddilar tomonidan tomorqa egalarining muammolari hal etilmay kelmoqda.

Undan tashqari, 2018 yilda tomorqa yeri tadbirkorga berilayotgan paytda, barcha tomorqa yer egalari ish bilan ta'minlanishi ham aytilgan. Biroq aholi vakillari 2 yildan oshgan bo‘lsa-da, tadbirkor tomonidan hovuz qilib qo‘yilgani, lekin haligacha ish boshlanmaganini ta'kidlashdi.

Tomorqasiz qolgan uchtepaliklarning arziga quloq tutdik.

«1990-1991 yillarda xonadonimizda foydalanish uchun tomorqa yerimiz oz bo‘lgani bois va aholini shaxsiy yordamchi xo‘jaligini tashkil etish maqsadida o‘sha paytdagi «Paxtakor» kolxozi tomonidan bizga yer ajratilgan. Kolxozda ishlovchilarga ko‘proq, ishlamaydigan aholi vakillariga esa ozroq miqdorda yer berilgan. 27 yildan beri ro‘zg‘orimiz uchun mana shu joydan unumli foydalanib, yer soliqlarini ham o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan edik. Tomorqa ro‘zg‘orimizni but qilib turgandi», – deydi «Uchtepa» mahallasi fuqarosi Kamoliddin Sheraliyev.

Kamoliddin Sheraliyev

«20 yildan ortiqroq oilam bilan shu yerda dehqonchilik qilib keldim. Shu paytgacha kartoshka va guruchni bozordan sotib olmaganman. Chunki o‘zimiz yetishtirganmiz. Ro‘zg‘ordan ortgan qismini bozorda sotib tirikchilik o‘tkazdik. Tomorqadan olgan daromad hisobiga to‘y qildim, uy soldim va farzandlarimni o‘qityapman. Hozirgi paytda barchamiz ishsizmiz. Pandemiya bo‘lganligi uchun juda qiynalyapmiz. Arz qilmagan joyimiz qolmadi.

Tuman hokimiga ham bir necha marotaba murojaat qildik. Bizga boshqa joydan tuman zaxirasidagi yerlardan ajratib berishni va'da qildi. Lekin hanuzgacha ajratib bergani yo‘q.

2017 yilda viloyat kadastridan vakillar kelib, tomorqamizni xatlovdan o‘tkazishdi. Har birimizdan pasport nusxasi, INN qog‘oz blankasi va 5 ming so‘mdan pul yig‘ib, kadastr xujjat qilib berishini aytishgandi. O‘sha paytda biz foydalanayotgan yer tomorqa deb rasmiylashtirilgan edi. Lekin 2018 yil tadbirkorga berilayotgan paytda mutasaddilar «bu yer tuman hokimining zaxira yeri», deb aytishdi», – deydi Uchtepa mahallasi fuqarosi Shermurod Navtayev.

Shermurod Navtayev

Mahalla ahlining aytishicha, ularning yerida baliqchilikni boshlagan tadbirkorning ishi yurmayotgan ekan. Sababi, yer toshloq bo‘lgani uchun hovuzlarda suv turmay, singib ketib, baliqlar nobud bo‘lmoqda.

Kadastr bo‘limi: Bu joy tomorqa emas, tut plantatsiyasi

Holat yuzasidan izoh olish maqsadida Norin tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limida bo‘lib, bo‘lim boshlig‘i Otabek Mahkamov bilan telefon orqali bog‘landik.

«Haqiqatan ham 2018 yil oktabr oyida Uchtepa mahallasidagi aholi foydalanayotgan 7,4 gektar tomorqa yer maydoni daryo bo‘yida bo‘lgani uchun tadbirkorga berilgan. O‘sha yer tuman qishloq xo‘jaligi xaritasida 102-kontur hisoblanadi. Dala tomorqasi emas. Tuman hokimligi zaxirasidagi tut plantatsiyasi.

Hujjatlari to‘liq bo‘lmasa ham, tomorqa egalariga 3,5 gektar yer berishni taklif qildim. Lekin ular rad etishdi. Haftaning dushanba va seshanba kunlari – tuman hokimining qabul kuni. Tomorqa yer egalaridan vakillar kelsin. O‘sha 5 gektar yer maydonini so‘rashsin», – deydi bo‘lim boshlig‘i Otabek Mahkamov.

Mahalla ahli ularga yer ajratilgan paytda kolxoz yerlari konturlarga ajratilmaganini aytishdi. Lekin ular uzoq yillar davomida foydalangan yer tutchilik plantatsiyasi ham bo‘lmagan. Tomorqa yerlarining orasida tut qatorlari bo‘lgan va bu tut daraxtlari dehqonchilikka xalaqit bermagan.

Ayni paytda uchtepalik dehqonlar tirikchilik va daromad manbayidan ajralib qolgan. Ular daromad va ro‘zg‘or uchun foydalanayotgan o‘z yerlarini qaytarib berishlarini yoki boshqa joydan yer maydoni berishlarini so‘rashmoqda.

Murojaatchilar, Norin tumani hokimligi mutasaddilari taklif qilgan yer barchaga taqsimlanganida juda kamdan to‘g‘ri kelishini aytishmoqda.

Aholi vakillari hokimlikdan bo‘sh turgan toshloq maydonlarda kambag‘allikdan chiqish uchun mehnat qilib daromad topgani yer so‘rayapti. Ularning murojaatining ijobiy javobini esa tez kunlarda bilamiz, deya umid bog‘lab qolamiz.

Sarvarbek Nazarov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid