Jahon | 21:40 / 11.06.2020
13310
2 daqiqa o‘qiladi

«Bunkeringizga qayting»: Sietl meri prezident Trampga keskin javob qaytardi

AQShning Sietl shahrida ommaviy tartibsizliklar avj olib, namoyishchilar bir nechta kvartallarni to‘sib olishdi va u yerda barrikadalar hosil qilib, hududni «avtonom hudud» deb e'lon qilishdi. Bundan tashqari, ular shahar meri Jyenni Dyurkanning iste'fosini talab qilishmoqda.   

Jyenni Dyurkan / Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Sietldagi tartibsizliklarga izoh berib, namoyishchilarni «ichki terrorchilar» deb atagan.  

“Ichki terrorchilar radikal so‘l demokratlar boshqaradigan Sietlni egallab olishdi”, deb aytgan Tramp.

AQSh prezidenti, shuningdek, shahar meriyasi va Vashington shtati rahbariyatini harakatsizlik uchun tanqid qilgan.

“Shtat gubernatori Jyey Inslini va Sietl merini mamlakat uchun misli ko‘rilmagan darajada laqillatib, mazax qilishdi. O‘z shahringizni hoziroq qaytarib oling. Agar buni qilmasangiz, unda o‘zim qilaman. Bu o‘yin emas. Bu dahshatli anarxiyachilarni zudlik bilan to‘xtatish lozim. Tezroq harakatingizni qiling!”, deb yozgan Tramp.  

Sietl meri bunga javoban Trampga bunkeriga qaytishni tavsiya qilgan.

“Xavfsizligimizni ta'minlang. O‘z bunkeringizga qayting”, deb javob qilgan Jyenni Dyurkan. 

Avvalroq OAVda Vashingtondagi ommaviy noroziliklar vaqtida Tramp Oq uydagi bunkerga yashirilgani haqida ma'lumot paydo bo‘lgandi. Biroq Trampning o‘zi bu ma'lumotni rad etgandi. Uning ta'kidlashicha, u boshpanada uni ko‘zdan kechirish uchun oz vaqtgina bo‘lgan.

AQShda 25 may kuni afroamerikalik Jorj Floyd politsiya tomonidan qo‘lga olinish vaqtida halok bo‘lgandan keyin irqchilikka va politsiya zo‘ravonligiga qarshi ommaviy noroziliklar avj olib, ko‘p joylarda ular tartibsizliklar va talonchiliklarga aylanib ketdi.

Mavzuga oid