Iqtisodiyot | 13:03 / 19.06.2020
7810
2 daqiqa o‘qiladi

«Qarz chegarasi emas, uning ishlatilishi muhim» – Ekspert O‘zbekiston davlat qarzi dinamikasi haqida

«Munozara klubi»ning ilk uchrashuvida Jorj Vashington universiteti professori Denni Leypsiger mahalliy rezerv va tashqi qarz o‘rtasidagi tanlovda qaror qabul qilish haqidagi savolga javob berdi.

«Ichki va tashqi qarz olishni tanlashda menimcha reyting agentliklaridan biri aytib o‘tganidek, valuta bo‘yicha prognozlar masalasini inobatga olishimiz kerak. Chunki tashqi qarz 50 foizmi, yoki 55 foizmi, bu xavfli daraja emas. Tashqi bozorning barqarorligi haqidagi haqiqiy masala valutaning kelajagi bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi degan savol berish kerak deb o‘ylayman», dedi professor.

U O‘zbekiston davlat qarzi dinamikasi bo‘yicha ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Dunyodagi har bir mamlakat moliyaviy xarajatlarni amalga oshiryapti va qarz olyapti. Chunki hamma davlatlar bir xil vaziyatda. Shuning uchun menimcha, O‘zbekiston qarzlari dinamikasi va tarkibiga nazar tashlasangiz, unda ijobiy tomonlar shunchalik ko‘pki, bundan tashvishlanmaslik kerak, degan xulosaga kelasiz.

Menimcha, asosiy masala qarzning YaIMga nisbati bilan belgilanadi. Shuning uchun savol YaIMning qay darajada rag‘batlantirilishi va buni osonlashtirish bilan bog‘liq. Men shuningdek, akademik Rauf Salaxo‘jayevning tadqiqotida aytib o‘tilgan YaIMga nisbatan qarzning 90 foizlik chegarasi haqida qisqacha izoh berib o‘tmoqchiman.

Aslida, eng muhim narsa bu qarz chegarasi emas, balki uning ishlatilishi. Resurslardan foydalanish samaradorligiga qarash kerak», dedi Denni Leypsiger.

Mavzuga oid