Iqtisodiyot | 15:00 / 23.06.2020
10158
6 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodchi tashqi qarzga limit belgilashda ehtiyotkorlikka chaqirdi, vazir o‘rinbosari munosabat bildirdi

Hukumat iqtisodiy bloki tomonidan tashkil etilgan «Munozara klubi»ning ilk uchrashuvida tashqi qarz mavzusi muhokama qilindi.

Zohidjon Asqarov, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti ma'ruzachisi:

– Tashqi qarz olish yaxshi, lekin uning yomon tomoni ham bor. Ya'ni ma'lum bir chegaragacha yaxshi, undan keyin bu YaIMga negativ ta'sir qilishi mumkin. Lekin qanchagacha yaxshi va qanchadan keyin yomon? Odil aka Isoqov aytib o‘tdilar, O‘zbekiston bo‘yicha hisob-kitob qilishganida chegara 55 foizni tashkil qilar ekan. Men bu raqamlar bo‘yicha juda ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya qilgan bo‘lar edim.

Ekonometrika modelini tuzib, u yerda davlat tashqi qarzining YaIMga ta'siri va uning chegarasini hisoblashda sizlar uning kvadratini olasizlar. Bu tajriba sizga bitta narsada yaxshi xulosa beradi, ya'ni qarz olish ma'lum darajagacha yaxshi, keyin yomonligini ko‘rsatadi xolos. Lekin aniq 55 foiz, 90 foiz, ma'lum bir mamlakat bo‘yicha 34 foiz deb berilishi juda ham mushkul.

Bu nisbiy chegaradir. U noaniq. Boshqa o‘zgaruvchilarni qo‘shib hisoblasangiz, 35 foiz yoki 75 foiz chiqishi mumkin. Bu yerda asosiy masala ana shu tashqi qarzdan qanday qilib foydalanish. Uning samaraliligini nazorat qilish. Ya'ni tashqi qarzni investitsiya qilganda uning samaradorligi – u bo‘yicha to‘lanadigan foizlar yoki asosiy qarz va amortizatsiyani ma'lum bir muddatgacha qoplaydi. Lekin ma'lum bir muddatgacha qisqarib boradi. Shuning uchun muddat bo‘yicha chegarani belgilab olish kerak.

Mening tavsiyam 55 foiz bu aniq ma'lumot emas, bu bo‘yicha ehtiyot bo‘lish kerak.

Mamarizo Nurmuratov, Markaziy bank raisi:

sxuV9gh7oCQYKuNhA0VBtuwEqog9TlTp.jpg (1280×852)

– Bugungi kundagi O‘zbekistondagi qarz olish, qarz o‘sayotganini biz vaziyat bilan ham bog‘lashimiz kerak. Chunki karantin sharoiti va u bilan bog‘liq inqirozdagi siyosatimiz bilan hozir umumiy tashqi qarz siyosatimiz o‘zgardi, degan xulosa qilishimiz kerak emas. Chunki inqirozdan o‘tgandan keyin bu narsa sekinlashadi. Buni ham inobatga olishimiz kerak.

Agar oxirgi inqiroz bilan bog‘liq olingan qarzlarni chegirib tashlab qaraydigan bo‘lsak, boshqacha vaziyat bo‘ladi. Bugun biz qarz oldik deganimiz, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga olingan qarzlar yoki boshqa yo‘nalishdagi qarzlar doimiy ketma-ketlikda, shunday progressiyada bo‘ladi, degan xulosaga olib kelmasligi kerak.

Bu yildan boshlab to‘lov balansini tuzish, o‘rganish Markaziy bank vakolatiga o‘tganidan keyin shu narsani ko‘rdikki, bugungi kunda tashqi qarzning xizmat ko‘rsatish darajasi so‘nggi chorakda davlat budjeti xarajatining 1,5 foizi atrofida. Umumiy qarzni ko‘radigan bo‘lsak, bu eksportga 4 foiz atrofda nisbatda bo‘lyapti. Shuning uchun buni muhokama qilayotganda, tashqi qarz o‘sib boryapti deganda, shu narsani inobatga olish ma'qul bo‘ladi.

Odilbek Isoqov, Moliya vaziri o‘rinbosari:

DL_1RNS0XaIueh96NvA9DF7qMbTd9a0k.jpg (1280×878)

– 55 foiz qanday hisoblandi, deyilganiga izoh bersam. Bu chegara Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi bilan birgalikda, ularning texnik ko‘magida hisoblangan.

Ekonometrik modelga YaIMning turli o‘sish ssenariylari, valuta almashinuv kursining turli o‘sish ssenariylari va Xalqaro valuta jamg‘armasining klassifikatsiyasi bor. Yaqinda e'lon qilingan qarz barqarorligi tahlilida O‘zbekiston tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kuchli salohiyatga ega mamlakat, deya ko‘rsatilgan. Kuchli salohiyatga ega mamlakatlar uchun o‘zlarining chegaralari bor. Shu chegaralar bo‘yicha bizning tashqi qarzimiz 75 foiz atrofida chegaralanishi kerak. Lekin stress testlar, «one-off event» deyiladi, mana shu koronavirus ham bir inqiroz, ya'ni YaIM biz kutgandek, oldin prognoz qilinganidek o‘smayapti, tashqi qarzimiz biz prognoz qilgandan ko‘proq o‘sishi mumkin. Shunday «one-off event» holatlarni hisobga olganda biz yana 20 foiz ayirib tashladik. O‘shanda 55 foiz kelib chiqdi. Undan keyin 45-55 foiz degan korridor qo‘yilib, o‘rtacha 50 foiz belgilandi.

Albatta, bu hisob-kitoblar boshqa mamlakatlar tajribasida ham qo‘llanilgan. Masalan, Yevropa ittifoqida 60 foiz qo‘yilgan, yoki boshqa mamlakatlarda 70 foiz. Boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda 50-55 foiz.

Bu yerda nafaqat raqam modellari, balki real hayotni ham inobatga olib, bizga o‘xshagan rivojlanayotgan mamlakatlar rivojlanish yo‘lida qanday yo‘l tutgani, qanday qarz olgani, qanday ishlatgani ham hisobga olingan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz axborot hamkori sifatida ishtirok etgan «Munozara klubi»ning ilk muhokamalari 13 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Batafsil videoreportaj bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid