O‘zbekiston | 17:21 / 29.10.2024
5611
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda O‘zbekiston 5,5 mlrd dollargacha tashqi qarz olishi mumkin

Keyingi yilda jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar bo‘lishi kutilyapti. Shundan 3 mlrd dollar davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, qolgan qismi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi. IMV 2024 yil yakunida davlat qarzi YaIMga nisbatan 35,5 foiz, 2025–2027 yillarda 36,7-37 foiz oralig‘ida shakllanishini prognoz qilyapti. 

Foto: Getty images

2025 yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar miqdorida bo‘ladi. Bu haqda 2025–2027 yillar uchun ishlab chiqilgan Budjetnoma loyihasida keltirib o‘tilgan.

5,5 mlrd dollardan 3 mlrd dollari davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan qismi esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

«O‘rta muddatda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi bo‘yicha kiritilgan budjet qoidasiga amal qilish orqali budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan tashqi qarzlar oshishining oldini olish, bunda tashqi qarzlarni, asosan, yuqori samarali investitsiya loyihalariga jalb qilish orqali davlat qarzining YaIMga nisbatan o‘sish sur’atini sekinlashtirish choralari ko‘riladi», deyiladi qonun loyihasida.

Davlat qarzi 2024 yil 1 iyul holatiga 37 mlrd dollarni yoki YaIMga nisbatan 33,2 foizni tashkil qilgan. Shundan:

  • davlat tashqi qarzi – 30,9 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 27,7 foiz;
  • davlat ichki qarzi – 6,1 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 5,5 foiz.

IMV 2024 yil yakunida davlat qarzi YaIMga nisbatan 35,5 foiz, 2025–2027 yillarda 36,7-37 foiz oralig‘ida shakllanishi prognoz qilyabdi.

Mavzuga oid