Ko‘z ostidagi ko‘karishlarni tez va butunlay yo‘qotishning yo‘li qanday?
Ba'zan shunchaki yetarli suv ichish kifoya.
Ko‘z osti ko‘karishi sababi nima?
Quyida terini «ko‘kartirib» yuboradigan omillarning eng keng tarqalganlari keltirilgan:
1. Charchoq, uyqusizlik
Quvvat kamayishi bilan tanadagi jarayonlar sekinlashadi. Natijada: tana faqat bir narsani xohlaydi – tiklanish uchun uxlashga yotish.
Qon sekinroq aylanadi, harakati kamayadi, qon tomirlari kengayadi. Ko‘z ostidagi kapillyarlar yuzaga yaqin joylashgan. Kengaygan sari ular eng nozik teri ostidan ko‘rina boshlaydi. Shunday qilib, ko‘karishlar paydo bo‘ladi.
- Ko‘z sohasi terisining qalinligi taxminan 0,5 millimetrga teng.
Qo‘shimcha ravishda: qon aylanishi bilan birga limfa chiqishi sekinlashadi. Shu sababli shish paydo bo‘ladi – ko‘z osti osiladi.
2. Ko‘z charchashi
Ehtimol, monitor oldida juda uzoq vaqt o‘tirgan yoki diqqat bilan biron bir matnni o‘qigan bo‘lishingiz mumkin. Bosim tufayli ko‘zlar ostidagi qon tomirlari yana kengayadi va teri orqali porlashni boshlaydi.
3. Temir tanqisligi kamqonligi
Anemiya bu gemoglobin shuningdek o‘pkadan organ va to‘qimalarga kislorod yetkazib beruvchi oqsil yetishmasligidir. Gemoglobin kislorod bilan aloqaga kirishib yorqin qizil tusga kiradi va arterial qonga alvon rang beradi. Kislorod chiqishi bilan, gemoglobin to‘qlashadi, qon ham o‘zgaradi. Qo‘ldagi venalaringizga qarang – ular ko‘kimtir tusda, ularda kislorod kamaygan.
Gemoglobin yaxshi shakllanishi uchun temir moddasi zarur. Agar tanada uning yetishmovchiligi sezilsa, qonda oqsil miqdori kamayadi. Qolgan gemoglobin kislorodni tezroq yo‘qotadi. Natijada, tomirlar to‘q ko‘k rangga ega bo‘lib, birinchi navbatda, bu anemik ko‘karish ko‘zlar yaqinidagi nozik teri ostida seziladi.
4. Suvsizlanish
Teriga suyuqlik yetishmasa, u quruqlashadi va noziklashadi. Ko‘z ostida esa u odatda shaffof pergamentga aylanib, ostidagi kapillyarlarni yashira olmaydi. Ko‘karishlar yuzaga keladi.
5. Allergik reaksiyalar
Allergiyada ko‘zlar tez-tez qichishadi va yoshlanadi. Gistaminlar, ya'ni allergenga qarshi organizm chiqaradigan tirnash xususiyatiga ega moddalar, tomirlar kengayishiga olib keladi. Kengaygan tomirlar esa ko‘rina boshlaydi.
Ko‘zlar qashilganda alomatlar yomonlashadi. Ishqalanish natijasida mo‘rt qon tomirlari yorilib, mayda ko‘karishlar paydo bo‘ladi va bu ko‘karishni kuchaytiradi.
6. Yosh
Yillar davomida teri namlikni yo‘qotadi, ingichkalashadi. Shuning uchun, ko‘z osti sohasi yanada ajralib ko‘rina boshlaydi.
7. Genetik xususiyatlar
Ba'zi odamlar tug‘ilishdan juda nozik teriga ega bo‘ladi va ko‘z osti ko‘karishlari ularni bolalikdan ta'qib qiladi. Ba'zilarda epidermis yoshga qarab juda tez yupqalashadi.
Agar yaqin qarindoshlaringizdan birida muntazam ravishda pastki qovoq qora doiralari ko‘zga tashlansa, siz ushbu xususiyatni meros qilib olishingiz mumkin.
8. Chekish, spirtli ichimlik iste'mol qilish
Ushbu salbiy odatlar terini noziklashtirib, tomirlar mo‘rtlashadi. Darz ketgan kapillyarlardan chiqqan qon hujayralari teri ostida to‘planib, oksidlanadi, to‘qlashadi va ko‘k rangda porlaydi.
9. Oshqozon-ichak kasalliklari, zaharlanish
Qusish va diareya tufayli tana ko‘p suyuqlik yo‘qotadi. Suvsizlanishni boshlanishi, o‘z navbatida, qora doiralar paydo bo‘lishiga olib keladi.
10. Yurak-qon tomir kasalliklari
Bunday buzilishlar qon harakati susayib (yoki to‘xtab) qolishiga olib kelishi mumkin. Bu birinchi navbatda ko‘zlar ostidagi nozik sohada o‘zini namoyon qiladi.
Uy sharoitida ko‘z osti ko‘karishlarni qanday bartaraf etish mumkin
Bunda ko‘p narsa ko‘karishlar paydo bo‘lishining asosiy sababiga bog‘liq. Agar ular siz qanday charchashingiz, qancha miqdorda uxlashingiz, ovqatlanishingiz sifatidan qat'i nazar muntazam ravishda paydo bo‘layotgan bo‘lsa, terapevtga murojaat qilishdan tortinmang. Ko‘zlar ostidagi qora doiralar yurak muammolarining birinchi alomati yoki kamqonlik belgisi bo‘lishi mumkin. Ushbu holatlarni o‘z vaqtida aniqlash juda muhimdir.
Agar ko‘karishlar bir martalik bo‘lsa, katta ehtimol bilan, tashvishlanishga hojat yo‘q. Ulardan xalos bo‘lish uchun turmush tarzini biroz o‘zgartiring va uy sharoitida oddiy usullardan foydalaning:
1. Yetarlicha uxlang
Kattalar uchun uyqu me'yori kuniga 7-8 soatni tashkil etadi. Aynan shuncha vaqt uxlash tana kuchi tiklanishiga imkon beradi. Shu bilan birga, qon aylanishiga ham.
Kichik layfhak: agar uyqudan turganda ko‘z osti osilishini sezsangiz, balandroq yostiqda uxlashga harakat qiling. Bu qon va limfa oqimini yaxshilashga yordam beradi.
2. Suyuqlik iching
Kuniga sakkiz yoki o‘n stakan suv ichish majburiy emas. Faqat tashnalikka yo‘l qo‘ymang. Chanqadingizmi – ortga surmay suv, choy, mors, sharbat iching. Shuningdek, siydik rangini nazorat qilishga harakat qiling. U rangsiz yoki och sariq rangda bo‘lsa, sizda suyuqlik bilan muammolar yo‘q.
3. To‘laqonli ovqatlaning
Sizning vazifangiz yetarli gemoglobin darajasiga erishishdir. Ratsioningizda quyidagi modda va oziqlar bo‘lishi lozim:
- temir (go‘sht, baliq, jigar, ismaloq, tovuq tuxumi);
- folat kislotasi (barra ko‘katlar, dukkaklilar, sarsabil);
- C vitamini (sitrus mevalari, qulupnay, qora smorodina);
- A vitamini (jigar, treska balig‘i jigari yog‘i, ismaloq, qovoq).
4. Terini namlantiring
Ko‘zlar ostidagi eng nozik teri namlik yetishmasligidan birinchi navbatda aziyat chekadi. Shuning uchun namlantiruvchi vositalardan hech bo‘lmaganda uyquga ketishdan avval foydalaning. Kremni yengil shapatlash harakatlari bilan suring – bu yengil massaj qon aylanishi va limfa oqimini yaxshilaydi.
Iloji bo‘lsa, uxlanadigan yoki kunning ko‘p qismi o‘tkaziladigan xonadagi namlikni kuzatib boring. Bu, ayniqsa, isitish tizimi yoqilgan qish mavsumida juda muhim.
5. Ko‘z ostiga sovuq kompress qo‘ying
Bu ko‘karishni tezda yo‘q qilishga yordam beradigan ekspress-usul. 3-5 daqiqa davomida salqin suvda namlangan paxta yostiqchalarini yoki, masalan, osh qoshiqni ko‘z osti sohasiga qo‘ying. Sovuq harorat qon tomirlarini toraytiradi va ularning teri ostidan aniq ko‘rinishini to‘xtatadi.
6. Bodring yoki qaynatilgan choy paketlarini ko‘zlaringiz ostiga qo‘ying
Ha, buvilarning maslahatlari ish beradi.
Bodring – juda ko‘p namlikni o‘z ichiga olgani sababli, ko‘z osti terisini juda yaxshi namlaydi. Bundan tashqari, u sovuq kompressga muqobil sifatida ham xizmat qiladi.
Xaltachali choy tarkibida kofein bor, demakki u qon aylanishini yaxshilay oladi. Agar siz choy xaltachalarini oldindan sovutib olsangiz, ular kompress o‘rnini ham bosadi.
7. Ayollar konsilerdan foydalanishi mumkin
Yengil makiyaj ko‘z osti doiralarini yo‘q qilmasa ham, ularni yashirishga yordam beradi.
Professional usullar bilan ko‘z ostidagi ko‘karishlarni qanday bartaraf etish mumkin?
Agar qora doiralar yuzaga kelishi sababi genetik xususiyatlar yoki yosh bo‘lsa, ularni hayot tarzini o‘zgartirish orqali yengib bo‘lmaydi. Bunday holatda kosmetolog yoki dermatolog bilan maslahatlashgan ma'qul. Shifokor shikoyatlaringizni tinglab, tekshiruv o‘tkazadi va uning natijalariga ko‘ra muammoni hal qilish usulini taklif qiladi. Masalan:
- Ochartiruvchi krem. Tarkibida gidroxinon, azelain va glekol kislotalari mavjud bo‘lgan professional vositalar ko‘karishdan xalos bo‘lishga yordam beradi.
- Kimyoviy piling. Bunday muolajalar teri pigmentatsiyasi va ko‘z osti doiralari sezilishini kamaytiradi.
- Lazer terapiyasi. Pigmentatsiyani kamaytirish va teri tiklanishini qo‘zg‘atishning yana bir usuli.
- Qon plazmasi yoki gialuron kislotasi asosidagi fillerdan foydalanish. Bunday vositalar teriga ingichka igna orqali kiritiladi va terini yanada zichroq qiladi.
- Blefaroplastika. Ko‘pincha ko‘zlar ostidagi doiralar faqat yosh o‘tishi bilan og‘irlashgan ko‘z qovoqlari bu sohaga soya solgani sababli sezilib qoladi. Blefaroplastika deb nomlangan plastik jarrohlik ko‘z osti osilishlarini olib tashlaydi va ko‘z qovoqlarini yengillashtiradi.
Qaysi usulda to‘xtalishni faqat o‘zingiz hal qilasiz. Albatta, shifokor bilan maslahatlashgandan so‘ng.
Mavzuga oid
21:30 / 20.12.2024
«Sog‘lom oziq-ovqat» ta’rifi yangilandi - endi u nimani anglatadi?
21:59 / 18.12.2024
Dunyodagi birinchi Fertilo bola tug‘ildi
21:06 / 16.12.2024
Ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar pandemiya darajasiga yetdi – tadqiqot
15:14 / 13.12.2024