Jamiyat | 08:26 / 22.06.2020
7297
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida haydovchilardan 70ga yaqin pichoq va boshqa turdagi jismlar rasmiylashtirib olindi 

5 kun davomida o‘tkazilgan tadbirda 500ga yaqin avtotransport vositalari ko‘zdan kechirilgan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Toshkent viloyatida besh kunda haydovchilardan 70ga yaqin pichoq va boshqa turdagi jismlar rasmiylashtirib olindi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida Toshkent viloyati IIBB YPX inspektorlari tomonidan 5 kun davomida o‘tkazilgan tadbirda 500ga yaqin avtotransport vositalari ko‘zdan kechirilgan.

Bildirilishicha, ularning 64tasidan turli xil pichoqlar va o‘tkir tig‘li jismlar borligi aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun hududiy ichki ishlar bo‘limlariga topshirildi.

“So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar o‘rtasida sodir bo‘layotgan o‘zaro tortishuvlar va uning ortidan pichoqbozliklar haqidagi turfa xabarlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda.

Shu asnoda turli ko‘ngilsiz hodisalar va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida IIBB YPX xodimlari tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda amalga oshirilmoqda.

Inspektorlar tomonidan tekshirish uchun to‘xtatilgan transport vositalarini ko‘zdan kechirish jarayonida, avtoulovda har xil turdagi pichoqlar boshqa o‘tkir tig‘li moslamalar borligi aniqlanyapti. Fuqarolarning aksariyati go‘yoki “o‘zining xavfsizligini ta'minlash uchun” pichoq olib yurganligini aytayotgan bo‘lsa, ayrimlari pichoq va jismlarni avtomobilida nima uchun olib yurganligini izohlab ham bera olmaydilar”, - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid