Light | 16:29 / 24.06.2020
19640
5 daqiqa o‘qiladi

Galstuk taqish odati qanday paydo bo‘lgan?

Erkaklar garderobining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan aksessuar – galstukning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bir qancha taxminlar mavjud.

Misr

Galstukni eslatuvchi aksessuarning ilk shakllari Qadimgi Misrda uchragani taxmin qilinadi. To‘g‘ri geometrik shakldagi mato parchasini Qadimgi Misr aholisining ba'zi vakillari bo‘yni va yelkasiga tashlab qo‘ygan. Bu – shaxsning jamiyatda muayyan ijtimoy mavqega egaligini anglatib turgan.

Xitoy

Qadimgi Xitoyning Sin sulolasi vakili Shixuan Dining qabrida 40 mingdan ziyod sopol askar haykalchalari topilgan. Bu askarlarning bo‘ynida galstukni eslatuvchi keng enli bog‘ichlar borligini ko‘rish mumkin.

Manbalarga ko‘ra, Qadimgi Xitoyda harbiylarning oddiy aholi vakillaridan ajralib turishi uchun bunday atributdan foydalanilgan.

Ammo Qadimgi Xitoyda ham, Qadimgi Misrda ham foydalanilgan bo‘yinbog‘lar bugungi galstukdan farqlanib, asosiy jihati – tugun qismi bo‘lmagan.

Rim

Bo‘yinga mato parchasini bog‘lash an'anasi Rim legionerlaridan qolgan degan qarash ham mavjud. Rimning Trayan kolonnasi legionerlari bo‘yinlariga mato bo‘lagi – faskaliani bog‘lab yurishgani manbalarda aytiladi, bundan maqsad – metall sovut hoshiyalari askarning bo‘yin qismiga jarohat yetkazishining oldini olish edi.

Yevropa

Mintaqada galstukning ilk prototipi 1635 yilda paydo bo‘lgan.

Fransiya qo‘shinlari tarkibida bo‘lgan xorvatlar Usmonli turklar imperiyasi bilan bo‘lgan to‘qnashuvda g‘alaba qozongach, Parijga tantanali marsh bilan kirib kelishadi. Xorvat ofitserlari yorqin ranglardagi matolarni bo‘yinlariga bog‘lab olishgan bo‘lib, bu parijliklarning diqqatini darhol tortadi. Fransuzlar xorvatlardan bu nimaligini so‘rab murojaat qilganda, xorvatlar kimligimizni so‘rashyapti, deb o‘ylab, xorvat (croates) deb javob berishadi. Natijada bo‘yinga bog‘lanadigan mato Yevropa tillariga «kravat» tarzida kirib keladi.

Fransuz qiroli Lyudovik XIV ham bu atributga qiziqib qoladi va o‘zi ham shoyi mato parchasini bo‘yniga bog‘lab yurishni odat qiladi, ko‘plab fransuzlar ham qirolga taqlid qila boshlashadi.

19-asrning ikkinchi yarmiga kelib, qayrilma yoqali erkaklar ko‘ylagi ham urfga kira boshlaydi. Shundan so‘ng bo‘yinbog‘ni yoqa ostidan o‘tkazib, uzun til qismini pastga tushirib qo‘yish odatga aylanadi.

Rus o‘lkasida

Shu davrga kelib, galstuk rus o‘lkasiga ham kirib keladi. Novatorligi bilan tanilgan imperator Pyotr I hatto galstuk taqib yurish majburiyati bo‘yicha maxsus qaror ham chiqargan. Ammo bu boyarlar tomonidan xushlanmay qabul qilinadi, chunki galstuk an'anaviy rus kiyimlari bilan mos kelmasdi. Shuning uchun uni yoqtirmasdan «sirtmoq», «ilon» degan salbiy bo‘yoqdor so‘zlar bilan atashgan.

Rus o‘lkasida galstukning ommalashishi yozuvchi Aleksandr Pushkin sababli yuz beradi – u enli bo‘yinbog‘ bog‘lab yurishni yaxshi ko‘rardi.

Zamonaviy galstuk

Yevropada esa galstukning keng aholi orasida ommalashishi Lord Bayron bilan bog‘liq. U galstukni bo‘sh qilib, bo‘yinni qismaydigan tarzda taqishni yaxshi ko‘rardi. Shu bilan bog‘liq ravishda, galstukni bo‘sh qilib bog‘lash «alya bayron» deb nom oladi.

Yana bir yevropalik adib Onore de Balzak ham galstuk taqishni yaxshi ko‘rgan, u hatto «Galstuk taqish san'ati» nomli kitob yozadi. Unda bo‘yinbog‘larning turlari batafsil tushuntirilgan, uni bog‘lashning turli shakllari ko‘rsatilgan.

Galstukning bugungi zamonaviy ko‘rinishi 1924 yilda muomalaga kiradi. Amerikalik tadbirkor Jyessi Langsdorf zamonaviy shakldagi galstukni bichadi va uni o‘z nomiga patentlaydi. Langsdorf avvalgidan farqli ravishda galstukni bir emas, balki uch bo‘lak matodan tikadi, bu orqali galstukni uzoq vaqt taqib turganda ham o‘z shaklini yo‘qotmasligiga erishiladi.

Mavzuga oid