Qiymati 24 milliard so‘mga teng, yiliga ishlab chiqarish hajmi esa 10 milliard so‘m – Namangandagi olti aka-uka bosh qo‘shgan tikuvchilik korxonasi
Namangan to‘qimachilik sohasida, ayniqsa turli-tuman kostyumlar sohasida O‘zbekistonni zabt etib, xorijga ham katta hajmda eksport qilayotganini yaxshi bilamiz. Davlat rahbarining Namanganga tashrifi doirasida bir guruh jurnalistlar “Yuksalish” kichik sanoat hududida joylashgan tikuvchilik korxonasida bo‘ldik.
Shavkat Mirziyoyev kichik sanoat hududidagi erkaklar kostyumi, kurtka va palto ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Zamin kiyim sanoat» korxonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Qiymati 24 milliard so‘mga teng loyihaga ko‘ra yiliga 10 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va 300 ming dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportga chiqariladi. 300 kishi ish bilan ta'minlanadi.
Ismatilla Usmonov, korxona ta'sischisi:
– Bu sanoat hududi o‘rni yaqin yillarda ham qaqrab yotgan dashtlik bo‘lgan. Qo‘li gul inson mehnati samarasi bilan bu yerda ulkan ishlab chiqarish obektlari barpo etilyapti. Shulardan biri ko‘p turdagi mahsulotlari bilan ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Usman Brothers brendini ilgari surayotgan «Zamin kiyim sanoat» tikuvchilik korxonamiz.
· “Yuksalish” kichik sanoat hududi 117 gektar maydonni egallagan. Mazkur sanoat majmuasida qurilish materiallari, mashinasozlik va metallga ishlov berish, elektrotexnika, to‘qimachilik va tikuvchilik kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 1 trillion 208 milliard so‘mlik 95ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kungacha 66,9 milliard so‘mlik 32 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 311,1 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvatiga erishildi. Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushsa, 7 ming 300ta ish o‘rni yaratilib, yiliga 7,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi.
Davlat rahbarining o‘zi ishlab sanoatni yaxshi tushunishi sohamizga oid kichik masalalargacha qiziqib so‘rashidan bilinadi. Bizga tashrif chog‘ida ham prezidentimiz xomashyo qayerdan olinayotgani, mahalliylashtirish foizlari, ish o‘rinlari yaratish rejalari bilan qiziqdi. Tikuvchilarimizdan ham hol-ahvol so‘rab ko‘ngillarini ko‘tarib qo‘ydi. Asosiy ishlarni bajaruvchilar shularda, xursand bo‘lib qolishdi.
Shuningdek davlatimiz rahbari kelgusi rejalarimiz bilan ham qiziqdi. Ishlab chiqarish hajmini yaqin yillardayoq kamida ikki karra oshirishimiz bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim qildik. Nasib qilsa, bu rejalarni ham amalga oshirib yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Ismatilla Usmonovdan tekstil sohasida Namangan viloyati oldinlab ketishi siri haqida so‘raganimizda qisqa qilib javob berdi:
– Shahrimiz azaldan tikuvchilikda ilg‘or bo‘lgan. Buning siri oddiy – mehnat. Namanganni hozir bejiz “Tekstil poytaxti” deyishmaydi. Ko‘z tegmasin, tikuvchilarimiz mahorati dunyoning har qanday nuqtasida xijolat qilmaydigan darajaga yetib qoldi. Biz olti aka-ukamiz va dadamiz boshchiligida asosan shu yo‘nalishda tadbirkorlik qilamiz.
Temur Hoshimov, menejyer:
– Tikuv sexida dastlab 30-40 kishi bilan ish boshlaganmiz. Ish ko‘lami kengayib borgandan keyin, davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar berildi, bepul yer ajratildi, kredit mablag‘lari imtiyozli asosda ta'minlandi.
Hozir ishlab chiqarishning birinchi bosqichida 200 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Keyinchalik faoliyatimizni kengaytirgan holda, ikkinchi bosqichni ishga tushirish va yana 400 nafargacha ishchi o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz.
Tsexga tutash yer ham bizga ajratilgan, bu yerda ham bir yarim yil ichida ayollar kiyimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sexni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Hozir ham bu yerdan unumli foydalanish maqsadida issiqxona qurganmiz, ekin yetishtirilmoqda.
Tsexda erkaklar kostyum-shimlari, palto, nimcha va kurtkalari tayyorlanadi. Barcha texnologiyalar yuqori sifatli – Italiya va Yaponiyaniki.
Tayyor mahsulotning 90 foizini eksportga – asosan Yevropa bozoriga yo‘naltirishni maqsad qilganmiz. Chunki texnologiyalarimiz bunga javob beradi. Dizayner, tikuvchi, modelerlarning barchasi yuqori malakaga ega mutaxassislar.
Yevropa talablariga moslashish uchun sifat sertifikatini olish, firmamiz nomi bilan o‘z brendimizni jahon bozoriga olib chiqish niyatidamiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Namanganda o‘z brendimiz nomi bilan butik-do‘konlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejamiz bor. Bundan tashqari “Zuhro Yulduz” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan sochiqlarimiz va choyshablarimizga buyurtma juda ko‘p, – dedi Temur.
Korxona menejyeridan bolalar uchun juda ko‘p hajmda tikib tayyorlanayotgan kostyumlar bo‘yicha ham so‘radik:
– Albatta, rejamiz avgust oyiga, maktabga tayyorgarlik mavsumiga tayyor mahsulotni yetkazib berish. Umid qilamizki, maktablar ochiladi, bolalarimiz chiroyli liboslarda borishadi. Umuman, xalqimiz bolajon, farzandini chiroyli kiyintirib zavqlanadi. Demak mahsulotlarimiz o‘z egasini topadi, – deya javob berdi Temur Hoshimov.
Korxona hududida kattagina maydonni issiqxona egallagan. Temur Hoshimovning aytishicha, tikuv sexlari kengayishi uchun zaxira sifatida olingan yer bo‘sh turmasligi uchun bu joyda issiqxona qurilgan. Ustalar montaj ishlarini yakunlayotgan bu qurilish jarayoni bilan ham qiziqdik.
Aynan issiqxonalar qurish va ularda mahsulot yetishtirishga ixtisoslashgan xususiy tadbirkor Ayubxon Boyxonov jarayon haqida so‘zlab berdi:
– Biz qurgan issiqxona Janubiy Koreya texnologiyalariga asoslangan bo‘lib, qurilishi uchun mahalliy materiallardan foydalanilgan, tuproq ham o‘zimizniki. Issiqxonaning innovatsiyasi shundaki, samaradorlik jihatidan Koreyaniki bilan bir xil bo‘lsa-da, qurish xarajatlari uch baravar arzonga tushadi. Mazkur tipdagi issiqxonaning bir gektar maydonini mahalliy xomashyo asosida qurish 100-150 ming AQSh dollari atrofida bo‘lsa, Koreyaniki 400-450 ming AQSh dollariga tushadi. Shu nuqtai nazardan, ham narx, ham mahalliy materiallardan foydalanishdagi qulaylik jihatidan yutish mumkin.
Boshqa tadbirkorlardan ham bunday innovatsion tipdagi issiqxonani qurib berish uchun buyurtma qabul qilamiz. Issiqxonani qurib, isitish tizimi ham tiklab, ishga tushirib beriladi. Vodiyda gaz, elektr toki muammosi hamon mavjudligi uchun 20 yillik faoliyatim davomida buning ham chorasini ko‘rganman. Isitish tizimi uchun gaz va ko‘mirdan qozonxona quriladi. Quvurlar orqali bug‘ isitish tizimi ulanadi.
Hosil unumdorligida hech qanday farq yo‘q. Biz asosan pomidor, limon, qulupnay, bulg‘or qalampiri yetishtiryapmiz. Mahsulotlarimiz eksportbop. Faqat mahalliy urug‘ maydaroq bo‘lgani, chatishtiruv yaxshi emasligi bois, urug‘ni asosan xorijdan olib kelamiz. Bu issiqxonalarda yiliga bir necha marta hosil olish mumkin, – dedi Ayubxon aka biz bilan suhbatda.
Abror Zohidov.
Mavzuga oid
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
12:19 / 07.10.2024
Namanganda o‘zganing fotosuratlarini internetda tarqatishini aytib pul talab qilgan shaxs ushlandi
18:33 / 02.10.2024