Jamiyat | 18:56 / 30.06.2020
11440
20 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimovdan mahorat darsi

30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Liderlar onlayn maktabi” tashkil etildi.

Mazkur loyiha partiya safidagi a'zolarning 52 foizini tashkil etuvchi yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy bilimlarini mustahkamlash, shuningdek, partiyaning kadrlar va deputatlikka nomzodlar zaxirasini yoshlar hisobidan shakllantirish hamda mamlakat siyosiy elitasining yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan.

Siyosiy ta'lim berishga ixtisoslashgan loyiha ikki yo‘nalishda: mansabdor shaxslarning rahbarlik tajribasini keng ommalashtirishga qaratilgan onlayn ochiq muloqotlar hamda videodarslar asosidagi siyosiy o‘quvlar shaklida tashkil etiladi.

E'tiborli jihati shundaki, unda nafaqat mamlakatimiz davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari, balki xorijda faoliyat yuritayotgan rahbarlik lavozimidagi vatandoshlarimiz bilan ham onlayn ochiq muloqotlar o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Mamlakatimizda hokimlar maktabi bormi? Deputatlar aynan qaysi dargohdan yetishib chiqadi?

Bu savollarning nazariy asosini qonun tashkil etsa-da, mazkur savol o‘rinli. Sababi, kundalik hayot saylovchining talablarini qonun doirasida qondirishda demokratiyaning noziri bo‘lgan partiya oldiga munosib nomzodlarni tarbiyalash borasida bir qator vazifalarni qo‘yadi. Bugun 150 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 8 mingdan ziyod mahalliy Kengash deputatlari yoki 200dan ziyod tuman-shahar hokimlarining ish samaradorligi aynan shu omillarga bog‘liq ekaniga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yosh depututlarning soni atigi 2 foizni tashkil etadi. Partiyadan saylangan mahalliy Kengashlardagi deputatlarning 2,8 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar tashkil etmoqda.

Xo‘sh, nima uchun partiya a'zolarida yoshlar qatlami yetakchilik qiladi-yu, yosh deputatlar safida ularning soni kam?

Mamlakatimizda siyosiy islohotlar shiddat bilan olib borilayotgan ayni paytda “Yoshlar parlamenti”ning tashkil etilishi ham ayni muddao bo‘ldi. Bu borada partiyaning “Yoshlar qanoti” imkoniyatidan foydalanish siyosiy islohotlarning mag‘zini chaqadigan, yangi avlod kadrlarini tarbiyalash borasidagi muhim tashabbusdir. Chunki bu masala yillar davomida paysalga solib kelingani, yoshlarning qonunchilikni takomillashtirish borasidagi tashabbuslariga e'tibor xaminqadar bo‘lgani, bu vaqtda esa dunyo siyosiy tizimida siyosiy kuchlarning “Yoshlar qanotlar”ini rivojlantirish bo‘yicha sa'y-harakatlari avj olgani bor gap. Qolaversa, parlamentga yo‘l - parlament binosidan emas, balki maktab partasidan boshlanishini dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasi ko‘rsatib turibdi.

“Liderlar onlayn maktabi” loyihasining ilk ishtirokchisi Samarqand viloyati hokimi, senator, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a'zosi Erkin Turdimov bo‘ldi.

Mazkur onlayn uchrashuvda Erkinjon Turdimov yoshlarning savollariga javob berdi.

“Ayol rahbar aldamaydi”

L. Muhitdinova, O‘zMTDP Toshkent shahar kengashi “Ayollar qanoti” yetakchisi: “Rahbarning jinsi bormi, ya'ni sizningcha, rahbar erkak kishi bo‘lishi kerakmi yoki ayol, ayollarning hokim lavozimida faoliyat yuritishiga qanday qaraysiz?”

E. Turdimov: Avvalo, qo‘lidan kelgan odam rahbar bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Rahbarlikda jinsga qaramaslik kerak. Agar eplasa, ayol kishi ham rahbar bo‘la oladi. Agar biz ayol kishi, erkak kishi, deb ajratsak, jamiyatda adolatsizlik yuzaga keladi. Qolaversa, bugun davlat siyosati gender tengligini ta'minlash masalasini kun tartibiga qo‘ygan. O‘ylashimcha, ayol rahbar bo‘lsa, yaxshi. Amaliyotdan ma'lumki, ayol aldamaydi, to‘g‘risini aytadi-qo‘yadi. Men ayol rahbarlarni qadrlayman.

A. Akbarov, O‘zMTDP Namangan viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Zamonaviy rahbarda qanday xususiyatlarni qadrlaysiz?”

E. Turdimov: Umuman olganda, keyingi paytlarda “zamonaviy rahbar” tushunchasi urfga aylanyapti. Ammo rahbarlar doimo bir xil bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Zamonga qarab hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun hamma rahbarlar zamon talablarini seza olishi kerak. “Zamonaviy” degani o‘zi nima?

Hamma zamonda quyidagi sifatlar rahbar uchun muhim:

- birinchidan, yetakchi bo‘lishi shart;

- ikkinchidan, tashkilotchi va adolatli bo‘lishi shart.

Agar yetakchilik va tashkilotchilik bo‘lmasa, bu ham qiyin. Rahbar hamma sohada chuqur mutaxassis bo‘lmasligi mumkin, buning imkoni ham yo‘q, ammo u tashkilotchi bo‘lsa, adolatli bo‘lsa, uning yetakchilik qobiliyati yetarli bo‘lsa, o‘sha tashkilotda, hududda ish yaxshi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuning uchun ana shu kabi shaxsiy fazilatlari borlarni rahbar etib tayinlash kerak. Rahbar aqlli bo‘lishi bilan birga farosatli bo‘lishi darkor. Chunki aql bilan farosatda gap ko‘p. Farosatli odamlarni ko‘proq rahbar qilish kerak.

“Hokimlarni saylash borasidagi fikrim ijobiy”

M. Xolbekov, O‘zMTDP Jizzax viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Ba'zi bir rahbarlarning partiyaga a'zoligi tez-tez almashib turadi. Siz tuman hokimi bo‘lgandan buyon “Milliy tiklanish” partiyasidasiz. Aynan nega “Milliy tiklanish” partiyasini tanlagansiz, shu bilan birga, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan hokimlarni saylash masalasiga qanday qaraysiz?”

E. Turdimov: Men O‘zbekiston “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasiga a'zo bo‘lganman. Keyinchalik “Fidokorlar” partiyasi “Milliy tiklanish” bilan birlashdi. Lekin hozirgacha partiyani almashtirish masalasini o‘ylamaganman. Bunaqa fikr xayolimga ham kelmagan.

Men uchun partiya o‘z yo‘liga, ish o‘z yo‘liga. Hokimlikka saylangandan keyin, albatta betaraf pozitsiyada bo‘lish kerak. Shuning uchun ham iloji boricha mana shu ikkita mas'uliyatli ishni bir-biriga aralashtirib yubormaslikka harakat qilaman.

Hokimlarni saylash kerak. Bir kun kelib shunga erishamiz ham. Lekin ayni vaqtda “Saylovchilar shunga tayyormi?” degan masala ham bor. Bugungi saylovlarimiz shuni ko‘rsatib turibdiki, ayrim hollarda aholi mahalliychilik, urug‘-aymoqchilikka berilib ish tutadi. Shu nuqtai nazardan, biz bu masalani ikki tomonlama obdon o‘rganib, keyin bir qarorga kelishimiz kerak. Mening hokimlarni saylash borasidagi fikrim ijobiy. O‘zimga ham bu to‘g‘risida savollar kelib tushgan, hech qachon bunga qarshi chiqmaganman. O‘ylaymanki, bu vaqt ham keladi. Hokimlarni xalq saylasa, hokimlarning o‘ziga ham yaxshi: unda mustaqil qaror qabul qilish uchun imkoniyatlar kengayadi va xalq oldida mas'uliyati oshadi. Chunki u ijro hokimiyati oldida emas, balki ko‘proq o‘zini saylagan hududiga hisobdor bo‘ladi. Biror qaror qabul qilishdan oldin u o‘zini saylagan aholi fikrini o‘rganadi va unga tayanadi.

“Ota-onam – birinchi ustozim”

M. Ahmedov, O‘zMTDP Toshkent viloyati kengashi “Yoshlar qanoti” yetakchisi: “Siz bugunga qadar uchta viloyatda hokim bo‘ldingiz, shu darajaga erishishingizda sizga kimlar ustozlik qilgan? Milliy an'anamiz bo‘lgan “ustoz-shogird” maktabiga qanday munosabatdasiz? Sizning ham shogirdlaringiz bormi, bor bo‘lsa, sanab o‘tsangiz?”

E. Turdimov: Ikkinchi savoldan boshlasam. Ustoz-shogird an'anasini qo‘llab-quvvatlayman. Mana hozirgi “Liderlar onlayn maktabi” ham qaysidir ma'noda ustoz-shogird an'anasini yodga soladi. Kimdir o‘ziga saboq olib, kimnidir ustoz deb bilib, o‘sha insonga taqlid qilib o‘rganishga harakat qiladi. Umuman, o‘z-o‘zidan bir mutaxassis yoki yetuk bir shaxs shakllanmaydi. Unga kimdir ustozlik qiladi. Nafaqat bir kishi, balki o‘nlab, balki yuzlab insonlar unga ustozlik qiladi. Kimlardir ko‘rishmasdan o‘shanday insonlarning kitoblarini o‘qib, fikrlarini o‘ziga jamlashi mumkin. Shu nuqtai nazardan, ustoz-shogird an'anasi juda ham yaxshi. Ustoz-shogird bo‘lmaydigan bo‘lsa, jamiyat rivojlanmaydi.

Jamiyat nima uchun rivojlanyapti? Ustoz-shogird an'analariga sodiq bo‘lgani uchun rivojlanyapti. Zero, ustoz ilmning elchisi, ulashuvchisi. Ilm esa tarraqiyotning asosi. Qayerda ilmga asoslangan ishlab chiqarish bo‘ladigan bo‘lsa, bugungi kunda o‘shalarning mahsuloti o‘tyapti, o‘shalar rivojlanyapti. Ilmga asoslangan davlatlar ham xalqini rozi qilib, katta ishlar qilyapti. Shuning uchun ham ustoz-shogird an'analari juda kerakli yo‘nalish, uni rivojlantirish zarur. Shu bilan birga, mening shakllanishimga birinchi navbatda, ota-onam sababchi bo‘lgan, deb baralla aytishim kerak.

Shogirdlarimni nomma-nom aytib o‘tsam, bu to‘g‘ri bo‘lmaydi. Agar faoliyatim davomida men bilan birga ishlagan insonlar o‘zlari meni ustoz, deb bilishsa, juda xursand bo‘laman.

Z. Allanov, O‘zMTDP Samarqand viloyati kengashi faoli:Ma'lumki, partiya tashabbusi bilan Samarqandda va boshqa hududlarda tarbiyasi og‘ir, alohida sharoitlarda ta'minlash va tarbilashga ixtisoslashgan maxsus maktablar faoliyati o‘rganilgan edi. Shulardan biri Samarqand shahrida joylashgan maktab. Bu bo‘yicha siz va partiyamizdan saylangan deputatlar tomonidan ham o‘rganish tashkil etilgandi. Keyinchalik bu borada prezident qarori qabul qilinishiga erishildi. Hozirgi kunda mazkur maktab va ularda tarbiyalanayotgan bolalarning ahvoli haqida qisqacha ma'lumot bersangiz”.

E. Turdimov: 2018 yil avgust oylarida Samarqand shahridagi tarbiyasi og‘ir bolalar o‘qiydigan 64-maxsus maktab internati, u yerdagi maktab direktori va tarbiyachilarning o‘quvchilarga nisbatan mehnat qonunini buzayotganligi, boz ustiga jismoniy va ruhiy tomondan tazyiq o‘tkazayotganligi to‘g‘risida masalalar bo‘lgandi. Shu masalalar o‘rganilib, hammasi joy-joyiga qo‘yildi. Umuman, 64-sonli maxsus maktab internati faoliyati to‘xtatildi. Bolalarning hammasi ota-onalar qaramog‘iga qaytarildi, shu bilan bir qatorda joylardagi profilaktika xodimlari va mahallalarning bu boradagi mas'uliyati oshirildi. Hokimlikdagi voyaga yetmaganlar komissiyasiga ham zarur topshiriqlar berildi.

Hozir ular bilan muntazam ravishda muloqot olib borilyapti. Doimiy nazorat, ota-onasi hamda jamoatchilik ta'siri bilan ijobiy tarafga o‘zgarish boshlandi. Bu masala doim mas'ullar nazoratida.

Bundan tashqari, mehribonlik uylarida ham bitiruvchilarni uy-joy bilan ta'minlash masalalari bor, biz bu borada Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritdik. Ijtimoiy himoyalanmaganligi sababli mehribonlik uylari bitiruvchilari ko‘chada qolib ketyapti, uy-joyi yo‘q, hech kimi yo‘q. Ularni uy bilan ta'minlash, budjet parametrlariga ular uchun alohida mablag‘ kiritish masalasini kiritganmiz va o‘zimiz qarab turmasdan joriy yilda uy-joyi yo‘q 20 nafar yoshlarimizga uy uchun bir milliard 254 million so‘m boshlang‘ich badalini o‘zimiz to‘lab, Samarqand shahar Qorasuv massivida ajratilgan uylardan joy berdik. Hozirda ularni ish bilan ta'minlash choralarini ko‘ryapmiz. Axir uyning qolgan to‘lovi foizi ham bu borada chora-tadbir belgilashni taqozo etadi. “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati dasturi doirasida ularni alohida nazoratga olganmiz. Bundan tashqari, ko‘zi ojizlar bor, ular bilan ishlashda Yaponiyadan Brayl alifbosini 260 million so‘mga sotib olib keltirib berildi. Kattaqo‘rg‘on shahrida ularga alohida kutubxona qurib berish masalasi bo‘yicha ish olib borilyapti, bu ham 6 oy ichida to‘liq bitirish bo‘yicha yakuniy yechimini topadi. Bu yo‘nalish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ko‘p, imkoniyati cheklangan va tarbiyasi og‘ir bo‘lgan yoshlar bilan shug‘ullanish ustuvor vazifa, deb qarash kerak. Fursatdan foydalanib viloyatimizdagi barcha rahbarlardan bu borada mas'uliyatli bo‘lishini so‘rab qolardim.

 

Samarqandni suv bosganda ...

E. G‘aybullayev, O‘zMTDP Sirdaryo viloyati kengashi faoli: “Mehnat faoliyatingiz davomida siz tushib qolgan eng qiyin vaziyat? Ushbu vaziyatdan qanday chiqib ketgansiz? Mazkur savolga amaliyotdan aniq misol bilan javob bersangiz”

E.Turdimov: Qiyin vaziyatlar hammada ham bo‘ladi. Misol ayta olmayman. Ammo shunday vaziyatda bor haqiqatning yuziga qarab, to‘g‘risini tan olib, qila oladigan ishni aytadigan bo‘lsak, odamlar biz bilan murosa qiladi. Agar aldaydigan bo‘lsak, o‘sha yerdan ketish mumkin. Ammo baribir orqadan gap bo‘ladi. Shuning uchun ham muammoni o‘zimiz hal qiladigan bo‘lsak yaxshi, ammo bu masala respublika darajasida bo‘lsa, unda shunga qarab ishni tashkil qilish lozim. Shuning uchun ham har qanday muammoli masala bo‘yicha joyida haqiqatni tan olinsa yengil ko‘chadi.

Shu o‘rinda bir misol. Hammaning xabari bor, Samarqand shahrini har bahorda, kuzda suv bosadi. Bu holat eskitdan bor edi. Ob-havo (ayniqsa bahorda) injiqliklari, joyning relefi bunga ta'sir ko‘rsatadi. Joriy yilda ham ko‘p yog‘ingarchilik bo‘ldi. May oyida yog‘ingarchilik me'yoridan qariyb uch barobar ko‘p bo‘ldi. Internet tarmoqlarida Samarqandni suv bosganligi, hattoki qayiqda suzish mumkinligi haqida xabarlar tarqatildi. Shundan so‘ng bir uchrashuvimizda menga aniq savol berishdi: “Biz qachongacha suv ostida qolamiz? Bizga aniq javob bering”

Qanday aniq javob berish mumkin, suvda qolmaymiz desak noto‘g‘ri bo‘ladi va bunga juda katta mablag‘ sarflanadi. Shunda men aytdim: birinchidan, bu muammoga biz ham aybdormiz, chora-tadbir ko‘rmaganimiz uchun. Ikkinchidan, aholi ham aybdor. Chunki chiqindini suvga tashlagan, natijada tiqilib qolib, shu vaziyatga sababchi bo‘lgan. Uylarini ham noqonuniy qurib olgan. Davlat ko‘pchiligiga hujjatlari noqonuniy bo‘lsa ham uylarini qonuniylashtirib berdi. Ayrimlar kanalning ustiga uy qurib olgan, uy qurganlar buning noqonuniy ekanligini bilmagandir, mahalliy hokimiyat vakillari, ya'ni kadastrlar ularga kadastr hujjatlarini tayyorlab bergan. Endi bu uylarni buzaylik desak, kompensatsiya puli to‘lash kerak. Buzmaylik desak, suv ostida qolib ketadi.

Shuning uchun odamlarga bu murakkab vaziyatni aytdik va kelgusi yili albatta natijasini sezasizlar, deb va'da berdik. Shundan keyin Siyob hamda Chashma kanalini, shahardagi 82 km uzunlikdagi kanal va ariqlarni tozalash ishlarini boshlab yuborganmiz. Shuningdek, ko‘plab noqonuniy qurilmalarni olish, yangi-yangi tarmoqlarni tortish uchun katta dastur qilganmiz va shu bo‘yicha ish olib boriladi. Shu masala bo‘yicha bizga qo‘shilib yordam beruvchilar ko‘paydi, shu bilan vaziyatdan chiqdik va o‘zimizga katta mas'uliyat oldik. Xudo xohlasa, kuzda Samarqand shahrida toshqinlar bo‘lmasligiga kafolat bermaymiz-u, lekin vaziyat ancha barqarorlashadi va yaxshilanadi.

Shundan so‘ng onlayn ochiq muloqotning eng qizg‘in pallasi boshlandi. Ya'ni moderator tomonidan viloyat hokimiga respublika yoshlaridan taqdim qilingan umumlashtirilgan savollar asosida tayyorlangan qisqa savollar yo‘llandi.    

Moderator: Yoshligingizda o‘qigan ilk kitobingiz va hozirda eng so‘nggi o‘qigan kitobingiz qaysi?

Hokim: Ilk o‘qigan kitobimni eslashim qiyin. Eng avvalo, ertak kitob o‘qiganman. Oxirgi o‘qigan kitobim yozuvchi Yuval Noa Hararining “XXI asr uchun 21ta saboq” nomli kitobi. Uni boshqalarga ham tavsiya qilaman, bugungi kundagi real holatlar va faktlar bilan yozilgan asar.

Moderator: Siz havas qiladigan eng yaxshi lider?

Hokim: Umuman olganda, har bitta rahbarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbari bo‘ladi. Hokimlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbari bu - O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hisoblanadi. Albatta, ularni men o‘zim havas qiladigan lider deb bilaman. Shavkat Miromonovich rahbarligida juda katta, keng qamrovli ishlar olib borilyapti. Internet tarmoqlarida ham o‘qish mumkin. Shunga qarasangiz, bunga butun dunyo tan beryapti. Bunday rahbar bilan bu sharoitda ishlash uchun juda qattiq mehnat qilish kerak. Eski tizimdan qolib ketgan kamchiliklar ko‘p. Bularning hammasini zo‘r qila olganimiz yo‘q. Lekin qilinayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar juda katta.

Moderator: Yaxshi ko‘rgan milliy musiqangiz?

Hokim: Dilxiroj.

Moderator: Agar imkoniyat bo‘lsa, qaysi tarixiy shaxs bilan suhbatlashgan bo‘lardingiz?

Hokim: Buning imkoniyati yo‘q.

Moderator: Qaysi sport turiga qiziqasiz?

Hokim: Futbolga qiziqaman.

Moderator: O‘zbekistondagi qaysi madaniy meros obektiga oilaviy borishni taklif etasiz?

Hokim: Samarqandga, samarqandlik bo‘lganim uchun Shohizinda majmuasiga kelsa, odam ruhan yengil bo‘ladi. Juda ulug‘vor joy, deb hisoblayman. Yana menga yoqadigan joy Xorazm, Xiva, Ichan qal'a. Menga juda yoqadi, ko‘pchilikka shu ikki obektga borishni tavsiya qilaman.

Moderator: Siz yoqtirgan eng yaxshi milliy va jahon kinosi?

Hokim: Milliy kinolardan “Mahallada duv-duv gap”. Necha marta ko‘rsangiz ham ko‘rgingiz keladi. Jahon kinosidan “Kavkaz asirasi”, “Shurikning sarguzashtlari”. Bu filmlar ham o‘lmas asarlar hisoblanadi.

Moderator: Muhabbatga ishonasizmi?

Hokim: Ishonaman.

Respublika yoshlariga tilaklaringiz?

Hurmatli yoshlar, sizlarni “Yoshlar kuni” bilan chin qalbdan tabriklayman. Ilohim, sizni yaxshi ko‘rgan insonlar baxtiga omon bo‘linglar. Sizni hech qachon omad tark etmasin. Doimo hayotdan unumli foydalanib, ertaga “eh, attang”, degan so‘zni ishlatmasligingizga tilakdoshmiz. Ota-onangiz, yaqinlaringiz baxtiga omon bo‘ling!

O‘zMTDP Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Doniyor Toshboyev tayyorladi

Mavzuga oid