Jamiyat | 08:54 / 06.07.2020
31645
2 daqiqa o‘qiladi

9-sinf bitiruvchilarining Kasb-hunar maktablariga hujjat topshirish tartibi ma'lum qilindi

Shu yilning 5 iyulidan 20 iyuliga qadar kasb-hunar maktablarida kasb-hunar egallash istagida bo‘lgan 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlari onlayn tarzda qabul qilinadi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga shu haqda ma'lum qildi.

Aytilishicha, qaror O‘zbekiston ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 2020 yildagi 1-son bayoniga muvofiq qabul qilingan.

Yangi tizim bo‘yicha 9 sinf bitiruvchilari o‘z hujjatlarini kasb.edu.uz elektron platformasi orqali topshiradi. Bu jarayonda bitiruvchilardan quyidagi hujjatlarni topshirish so‘raladi:

1. Elektron ariza.

2. Umumta'lim maktabining 9-sinfni tugatganligini tasdiqlovchi shahodatnoma (elektron) nusxasi.

3. 3x4 fotosurat

Kasb-hunar maktablarida tikuvchi, chilangar, issiqxona va parnik xo‘jaligi laboranti, avtomobillarni ta'mirlash chilangari, oshpaz, qandolatchi, asalarichi kabi 200dan ortiq kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Hujjat topshiruvchilar yuqorida ko‘rsatilgan platforma orqali o‘zlariga kerakli kasblarni tanlashi va u haqda batafsil ma'lumotni olishlari mumkin.

Bunda ta'lim jarayonlari ko‘rsatilgan ishchi kasblar bo‘yicha 2 yillik umumta'lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida (kunduzgi ta'lim shaklida) yo‘lga qo‘yiladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 9-sinf bitiruvchilari tarkibidan davlat budjeti asosida kunduzgi ta'lim shaklida yoshlarning professional ta'lim olishini ta'minlaydigan 339 ta shunday Kasb-hunar maktablari tashkil etilishi belgilangan.

Kasb-hunar markazlariga hujjat topshiruvchilar qabul jarayonlari bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida tashkil qilingan (+99871) 246-11-92 raqami (Ma'lumotlar markazi) orqali qo‘shimcha ma'lumot olishlari mumkin.

Mavzuga oid