O‘zbekiston | 16:39 / 06.07.2020
51310
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 43 yoshli bemor koronavirusning navbatdagi qurboniga aylandi

Toshkentda 2 iyul kuni koronavirus aniqlangan 43 yoshli bemor bugun olamdan o‘tdi. U O‘zbekisonda koronavirusning 36-qurboni bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Uchtepa tumanida yashovchi A. (erkak kishi) bir necha kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik bo‘lishiga qaramasdan shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmasdan, uy sharoitida davolanib yurgan.

Joriy yil 2 iyul kuni Respublika ixtisoslashtirilgan Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va tekshiruv natijasiga ko‘ra, pulmonolog tavsiyasiga asosan Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yuborilgan.

43 yoshli bemorga «Ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligi 2-daraja, semizlikning 3-darajasi» tashxisi qo‘yilgan. Unda koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli malakali shifokorlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bugunning o‘zida hozircha ikki o‘lim holati qayd etildi. Bungacha Toshkentda 1 iyul kuni koronavirus tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan 67 yoshli erkak olamdan o‘tgani xabar qilingandi.

Hozirgacha Toshkentda 22, Namanganda 4, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Jizzaxda 2tadan, Farg‘ona va Qashqadaryoda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

 

Mavzuga oid