Chin duoning ijobati: birdaniga to‘rt o‘g‘illi bo‘lgan namanganlik ota bilan suhbat
1 iyul kuni Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ining Guliston mahallasida yashovchi Hozirovlar xonadonida to‘rt egizak dunyoga keldi.
Bunday noyob voqelik, qahramon ona va uning to‘rtala chaqalog‘i ham sog‘lomligi, bolalarning barchasi o‘g‘il ekani haqidagi xushxabar jamoatchilik tomonidan hayrat va quvonch bilan kutib olindi. Ijtimoiy tarmoqlarda oilaga moddiy ko‘mak berish bo‘yicha tashabbuslar ham bildirilmoqda.
Birvarakayiga to‘rt o‘g‘illi bo‘lgan ota-ona farzandlariga Abdulloh, Abdurahmon, Abdurazzoq va Abduvosit deb ism qo‘ygan.
Biz chaqaloqlar holidan xabar olish va baxtiyor ota bilan tanishish maqsadida Namangan viloyati perinatal markaziga bordik.
Guvohi bo‘ldikki, egizaklar va ularning onasi Madinaxon Ikromovaning ahvoli yaxshi, ular shifokorlar nazoratida bo‘lib turishibdi. Chaqaloqlarni parvarishlash jarayonida bevosita onaning o‘zi ham ishtirok etyapti.
«1 iyul kuni homilador ayol Madinaxon Ikramova perenatal markazimizda 4 nafar egizakni dunyoga keltirdi. Chaqaloqlarning barchasi o‘g‘il bo‘lib, tug‘ilganida 1-bolaning vazni 902 gramm, 2-bola 1360 gramm, 3-bola 1701 gramm, 4-bola esa 1400 grammni tashkil etdi.
Hozirda to‘rt egizak «chaqaloqlar reanimatsiyasi» bo‘limida barcha kerakli muolajalarni olishyapti. Ularning holatlari dinamikada yaxshi tomonga o‘zgarishlar bilan stabillikda. Chaqaloqlar sun'iy ozuqlantirilyapti va shu bilan birgalikda ularga ona suti zond orqali berilmoqda», – deydi shifokor Nargiza Ikromova.
Baxtiyor ota – Bahodirjon Hozirov bilan suhbatimizda bugun yuragidan kechayotgan tuyg‘ulari va kasbi-kori bilan qiziqdik.
«Yoshim 31da. Vaqtinchalik ishsizman. Katta oilada yashaymiz. Birinchi farzandimiz olamdan o‘tib qolganidan so‘ng, er-xotin Allohdan tinimsiz farzand so‘radik. Ming bora shukr, nolalarimiz yetib borib Yaratgan birdaniga to‘rt farzand bilan siyladi.
To‘g‘risi, bizni to‘rt egizakli bo‘lganimizdan oilamizdan tashqari, butun Chodak qishlog‘i xursand bo‘ldi. Hozir eng baxtli otalardan biriman.
Mana, chaqaloqlar sakkiz kunlik bo‘ldi. Shifokorlarimizni qo‘llari dard ko‘rmasin. Ularga katta rahmat, bolalarimizga 24 soat davomida sidqidildan qarashyapti. Dori-darmondan hech qanday kamchilik yo‘q. Chaqaloqlar sog‘lom.
O‘zbekiston xalqi bolajon xalq ekani haqiqat. Odamlarimiz bizga aloqaga chiqib: «Hisob raqam ochinglar. Qo‘limizdan kelganicha beminnat yordam beraylik», deb takliflar berishyapti. Chin dildan ko‘mak bermoqchi bo‘lganlar uchun albatta hisob raqam ochamiz.
Farzandlarimizga ismlarni tog‘amning yaqini bo‘lgan toshkentlik imom domlaga maslahat solib, so‘ng qo‘ydik. To‘rt o‘g‘illarimizning ismlari – Abdulloh, Abdurahmon, Abdurazzoq, Abduvosit.
O‘zim sog‘lomman. Allohga shukur, to‘rt mucham but. Ishlab charchamaydigan paytim. Shu paytgacha biror joydan, hokimiyatdan yoki biror idoradan yordam so‘ramaganman. O‘zidan so‘radim, farzandlarni berdi. Endi niyatim – bolalarimni tug‘ruqxonadan sog‘-salomat olib chiqib, bag‘rimga bosish va katta qilish.
Alloh yo‘lida yaxshi niyat bilan yordam bermoqchi bo‘lgan insonlarga esa o‘z minnatdorchilimni bildirmoqchiman», – deydi Bahodirjon Hozirov.
Biz to‘rtovlonga uzoq va saodatli umr, el-yurt koriga yaraydigan solih farzandlar bo‘lib yetishishlarini tilab qolamiz. Ajab emas, yillar o‘tib, egizaklarning o‘zlaridan ham intervyu olsak.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov
Mavzuga oid
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
16:39 / 15.11.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosarining qilmishi yashirilmoqda: yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladimi?
17:01 / 29.10.2024
Afg‘onistonda ayol olti egizakni dunyoga keltirdi
12:19 / 07.10.2024