Light | 19:01 / 13.07.2020
33514
4 daqiqa o‘qiladi

130 mln dollarlik ot borligiga ishonasizmi? Dunyoning eng qimmat 7 tulpori

Tulpor azal-azaldan insonning sodiq yo‘ldoshi bo‘lgan. Avtomobillar asriga kirganimizdan so‘ng bu jonivorlarning ahamiyati keskin pasayganiga qaramay, asl zotdor otlarni juda qimmat narxlarda sotib oluvchilar hali ham ko‘pchilik. E'tiboringizga eng qimmat baholangan tulporlar yettiligini taqdim etamiz.

1. Palloubet d’Halong. Bahosi – 15 mln dollar

Palloubet d’Halong uzoq yillar davomida eng yaxshi otlardan biri bo‘lib keldi. Eng gullagan chog‘ida – 10 yoshida u gollandiyalik Olimpiada chempioni Yan Topsga 15 mln dollarga sotildi.

Yan Tops ham undan unumli foydalandi – Qatarga borib ot sporti bo‘yicha murabbiylik qildi va yaxshigina pul ishlab oldi.

2. Green Monkey. Bahosi – 16 mln dollar

Green Monkey oti 2006 yilda o‘tkazilgan auksion chog‘ida 16 mln dollarga sotildi. O‘ziga xos jihati shundaki, shuncha qimmat narxda sotilgan ot bunga qadar birorta musobaqada ishtirok etmagan, o‘zini ko‘rsatmagandi. Uning narxiga ajdodlari obro‘si katta ta'sir ko‘rsatdi.

Lekin hammasi teskarisiga ketdi va uni xarid qilganlar chuv tushishdi. Bu tulporning eng yaxshi natijasi uchinchi o‘rin bo‘ldi va bor ishlab topgan mablag‘i 10,4 ming dollardan oshmadi. Poygalarda omadi chopmaganidan keyin qulun olish maqsadida uni moda otlarga qo‘shib ko‘rishdi. Ammo bu ham bor yo‘g‘i 5 ming dollar daromad berdi, xolos.

3. Annihilator. Bahosi – 19,2 mln dollar

Annihilator laqabli otning o‘ziga xos jihati shundaki, u hali olamshumul pullar sarflanmagan 1989 yilda 19,2 mln dollarga sotilgan.

Bu ot poygalarda yaxshi natijalar ko‘rsatgan. Uni ko‘proq juda noyob bo‘lgan to‘q-shokolad rangi uchun xush ko‘rishardi. Undan katta pul evaziga zot olganlar ham ko‘p bo‘lgan.

4. Moorlands Totilas. Bahosi – 21 mln dollar

Moorlands Totilas laqabli golland tulpori har to‘rt oyog‘ida bir xil «oq paypog‘i» borligi bilan ixlosmandlarni hayrantlantirardi. 2011 yilda u Germaniyalik ot ishqibozlariga 21 mln dollarga sotildi.

Golland ayg‘iri ko‘plab poygalarda yuqori natija ko‘rsatdi. Uning doimiy hamrohi bo‘lgan chavandoz Edvard Gal esa ot sporti olamining «rok yulduzi» degan ta'rifni oldi.

5. Shareef Dancer. Bahosi – 40 mln dollar

Shareef Dancer zotli poyga oti uchun Dubay amiri olis 1983 yildayoq 40 mln dollarni qurtday sanab bergan. Ko‘plab musobaqalarda g‘olib chiqqan bu tulpor ot sporti ishqibozlarining haqiqiy yoqimtoyiga aylandi.

U egalariga 2 mln dollardan ortiq daromad keltirgan.

6. Fusaichi Pegasus. Bahosi – 70 mln dollar

Yaponiyalik xaridor Fusao Sekiguchi 1997 yilda bu otni 4 mln dollarga xarid qilgan va unga Fusaichi Pegasus nomini bergandi. 2000 yilda Fusaichi Pegasus Kentuki Derbisida g‘olib chiqdi. Uning umumiy sovrinlari miqdori 1,9 mln dollarni tashkil qildi.

Poygalarda qatnashishni yakunlaganidan so‘ng bu tulpor Shareef Dancer otidan keyingi eng mashhur «ota» bo‘ldi. Irlandiyaning Coolmore Stud zotdor otlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi bu otni naqd 70 mln dollarga sotib oldi.

7. Frankel. Bahosi – 131,6 mln dollar

Sarlavhadagi narx eng yuqori cho‘qqi emas aslida. Saudiya shahzodasi Xolid Abdullaga tegishli bu ot eng kuchga to‘lgan paytlarida 200 mln dollarga ham baholangan. Egasining o‘zi esa bu narxni eshitib, 400 mln dollarga xaridor chiqsa ham sotmasligini bildirgan.

200-400 millionlar fantastik raqamlar tuyulsa-da, bu otni 131,6 mln dollarga real baholab, xarid qilishga tayyor kompaniyalar bo‘lgan va bu borada aniq takliflar kiritilgan.

Abror Zohidov tayyorladi.

#ot

Mavzuga oid