O‘zbekiston | 00:35 / 13.07.2020
15039
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Nukus garnizonida askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Joriy yil muddatli harbiy xizmatni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida o‘tash uchun kelgan ming nafarga yaqin yoshlar vatanni ko‘z qorachig‘idek asrash, uni himoya qilishga ahd qilib, Vatanga qasamyod qabul qilishdi.

Shu munosabat bilan Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida o‘tgan tantanali tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati.

Tantanali marsh sadolari ostida maydonga jangovar bayroq olib kirildi.

Shundan so‘ng yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar karantin qoidalari va ijtimoiy masofalanish tartiblariga rioya etgan holda vatan sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘nggi nafasi qolguncha himoya qilishga ont ichib, birinchilar qatorida yangi «Vatanga qasamyod» matni bo‘yicha sodiqlikka ont ichishdi.

O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat madhiyalari yangradi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov O‘zbekiston Mudofaa vazirining askarlarga yo‘llagan tabriknomasini o‘qib eshittirdi.

So‘zga chiqqanlar askarlarni unutilmas kun munosabati bilan tabriklab, ularga ishonch bildirdi.

Ta'kidlash joizki, karantin tartibi tufayli tantanali tadbirda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok eta olmadi. Ammo qasamyod qabul qilish jarayoni aks etgan fotosurat hamda videolavhalar ota-onalarga elektron shaklda mesenjyerlar orqali yuborildi.

Yigitlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi sifatida «O‘zbekiston tarixi» va «Temur tuzuklari» kitoblari taqdim etildi.

Har bir askarga Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining yo‘llagan nomma-nom tabriknomasi ham topshirildi.

Tadbir davomida yaqindagina Qurolli Kuchlar saflariga kelgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qurol bilan ko‘rgazmali saf va qo‘l jangining murakkab elementlaridan iborat chiqishlar, o‘qotar qurollarni ko‘zi bog‘liq holda noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha mashqlar namoyish etildi.

Nukus garnizoni Ma'naviyat va ma'rifat markazining harbiy orkestri jamoasining milliy kuy va qo‘shiqlari tantanaga bayramona ruh bag‘ishladi.

Tadbirdan so‘ng or-nomusini o‘rtaga qo‘yib, qasamyod qilgan askarlar sharafiga bayramona dasturxon yozildi.

Mavzuga oid