O‘zbekiston | 07:21 / 27.12.2021
9574
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qasamyodini buzgan sud raisi vazifasidan ozod etildi

Sudyalar oliy kengashining yig‘ilishida 3 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi, 2 nafar sudya lavozimidan ozod etildi.

Foto: Getty Images

Kengash matbuot xizmatining xabar berishicha, 2021 yil 25 dekabr kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra:

  • Rahimov Soyibjon Abdusamadovich – sudyalik lavozimida bo‘lishning 5 yillik muddatiga Namangan viloyati Namangan tumanlararo ma’muriy sudining sudyasi lavozimiga;
  • Darvishaliyev G‘ayratali Umataliyevich – sudyalik lavozimida bo‘lishning 5 yillik muddatiga Andijon viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining sudyasi lavozimiga;
  • Seytnazarov Adilbek Djoldasovich – sudyalik lavozimida bo‘lishning 5 yillik muddatiga Sirdaryo viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining sudyasi lavozimiga tayinlangan.

Shuningdek, Ibodullayev Jasur Ibodullayevich – yozma arizasiga binoan hamda sudyalik qasamyodini buzgani uchun Surxondaryo viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudining raisi lavozimidan ozod etilib, vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.

Bundan tashqari, Sharipov Jamol Rajabovich – yozma arizasiga binoan Buxoro viloyat ma’muriy sudining sudyasi lavozimidan ozod etilgan.

Ma’lumot uchun, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ilk bor sudyalik lavozimiga saylangan yoki tayinlangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:

“Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman”.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning noyabr oyida ham qasamyodini buzgan 2 nafar sudya lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid