O‘zbekiston | 14:54 / 16.07.2020
19925
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘plangan 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlik vatanga qaytarilmoqda

Rossiya-Qozog‘iston davlat chegarasida to‘planib turgan 2 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar Rossiya tomoni bilan kelishuvga binoan chegaradan o‘tkazilib, uchta yo‘lovchi poyezdi orqali Toshkentga yo‘l oldi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Artem Golyakov / Meduza

1404 nafar yo‘lovchi bo‘lgan ikkita poyezd Kinel, yana bir poyezd esa 702 yo‘lovchi bilan Buzuluk stansiyasidan harakatlangan. Chiptalar faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun sotilgan. Buzuluk-Toshkent yo‘nalishidagi chiptalar narxi - 1,2 mln so‘m (8500 rubl), Kinel-Toshkent yo‘nalishidagi chiptalar narxi -  1,45 mln so‘m (10 000 rubl)ni tashkil etgan.

«Yo‘l davomida yo‘lovchi poyezdlar faqat texnik ko‘rik uchun to‘xtatiladi, ya'ni, stansiya vokzallarda yo‘lovchilar platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, poyezdlar Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvida olib kelinadi.

«Mazkur poyezdlarda kelayotgan yo‘lovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olaman deb sarson bo‘lmasin! Chunki ushbu reyslarning barcha yo‘lovchilari poyezdlardan tushishlari bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlaridagi karantin zonalariga yuboriladi», deyilgan xabarda.

Ma'lumot uchun, ko‘rilayotgan karantin choralari sababli, MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar O‘zbekistonda ham joriy etilgan va ular O‘zbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmaguncha kuchda bo‘ladi.

Bundan oldinroq Kun.uz saytida «Meduza» materiali asosida «Biydek dalada: o‘zbekistonlik minglab migrantlar Rossiya-Qozog‘iston chegarasida qolib ketayotgani haqida» sarlavhali material e'lon qilingan, unda minglab o‘zbekistonliklar Rossiyada ishsiz qolgach, Qozog‘iston orqali uylariga yetib olishni istagani, ammo chegaradan o‘ta olmay, Samara va Orenburgdagi lagerlarda qiyin sharoitlarda yashayotgani tasvirlangandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kungi videoselektorda Rossiyadagi fuqarolarni poyezdlarda olib kelish choralari ko‘rilayotgani haqida aytgandi.

Mavzuga oid