Jamiyat | 16:11 / 16.07.2020
8957
10 daqiqa o‘qiladi

«Virus butun dunyoda tibbiyot imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarmoqda» - «Milliy tiklanish» raisi o‘rinbosari shifokorlarni ayblamaslikka chaqirdi

Shu kunlarda internetda bir-biridan keskin yozilgan xabarlar, hukumatimiz, davlatimiz, ayniqsa sog‘liqni saqlash tizimiga yog‘dirilgan ayovsiz ayblovlar, salbiy munosabatlar-u e'tirozlar, ochiqdan ochiq haqoratlarni (bu ro‘yxatni ko‘p davom ettirishi mumkin!) ko‘zdan kechirib, yoqa ushlaysan kishi.

Hatto ba'zida ehtirosga berilib, bu e'tirozlarga ishonging yoki beixtiyor «yoqdi» tugmasini bosib, maqola muallifiga azbaroyi hamdardligingni ko‘rsatging ham keladi. Chunki aytilayotgan gaplarda, qanchalik bo‘rttirilgan bo‘lmasin, ozmi-ko‘pmi haqiqat bor va bu haqiqatlar tizimdagi muammolarni ifoda etadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni tahlil etish asnosida bir holatga guvoh bo‘ldik. Kimki o‘z haqiqatini ochiqchasiga va baralla aytib, bu orqali mutasaddi rahbarlarni «joyiga qo‘yib», so‘z bilan ayovsiz «savalagan» bo‘lsa, ko‘p hollarda axborot maydonining to‘ri vaziyat barqarorlashguncha o‘sha «qahramon»niki bo‘lib turibdi. Misolni bugungi kundan keltiramiz. Ayni paytda jamoatchilik, blogerlar va ba'zi ommaviy ommaviy axborot vositalarining butun diqqat-eʼtibori tibbiyot sohasi vakillari hamda ularning rahbarlariga qaratilgan.

To‘g‘ri, kechagina bemorlarni sog‘aytirib, ularni guldastalar bilan uyiga kuzatgan, «xavotirga o‘rin yo‘q, ertaga hammasi yaxshi bo‘lishi uchun tibbiyotimiz tayyor» deb xalqni ishontirgan mutasaddilarni hozir oqlash noto‘g‘ridir. Chunki mamlakatimizda kasallanish darajasi avvalgiga nisbatan 4 barobar ko‘paydi. Ekranlar orqali nomini eshitganimiz la'nati virus endi qo‘shnimiz, qarindoshimiz, hatto xonadonimizgacha yetib kelib ulgurdi. Hatto ko‘pchiligimiz uning isitmasi-yu yo‘talini tanamizda his qildik.

Lekin pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tibbiyot imkoniyatlarini O‘zbekistondagina emas, butun dunyoda deyarli yo‘qqa chiqarayotganini ko‘rib-bilib turibmiz. Axir mittigina zarra manaman degan davlatlarni ham tiz cho‘ktirib qo‘ydi. Jahon o‘ntaligida eng rivojlangan deb e'tirof etilgan o‘sha Amerika bugungacha 130 mingdan oshiq qurbon berdi. Bu borada xalqini qonun bilan bo‘ysundirgan davlat fuqarolarini oddiygina niqob taqish, o‘zini yakkalash tadbirlariga jalb etolmayotgani ham bor gap. Dunyo esa innovatsiyalar yurti bo‘lgan AQShdan kasalning tarqalishida Xitoyni ayblagandan ko‘ra, uning oldini olish borasida tashabbuslar kutmoqda.

Hatto Nobel mukofoti laureatlari ham bugun bezovta. Ular ham izlanishda. 17 nafar nufuzli mukofot sovrindori birlashib, 100ga yaqin dunyo siyosatchilari ishtirokida pandemiyaning oldini olish bo‘yicha murojaatnoma qabul qilishdi, tajribalar o‘tkazib, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilayotganini bildirishdi. Mo‘jizaviy dori tayyor bo‘lishining taxminiy vaqti 18 oy yoki undan kamni tashkil etishini ma'lum qilishdi. Mana, nihoyat davo topildi, degan ba'zida yolg‘on, ba'zida haqiqatga yaqin xabarlar OAVda to‘lib-toshdi…

Tahlilchilar esa possovet davlatlari nega COVID-19 bilan kurashda qiyinchilikka duch kelayotganini tahlil etishga urinib, milliy hukumatlar pandemiyaning ko‘lami va xavfliligi borasida o‘z vaqtida vaziyatni to‘g‘ri baholay olmagan, degan xulosani aytmoqda. Virusga qarshi kurashning dastlabki bosqichida possovet davlatlarida kam mablag‘ sarflangani, bu JSST tomonidan tavsiya etilgan miqdordan 2-4 barobar kamligi, mazkur mamlakatlarda tibbiyot xodimlari 2-3 barobar yetishmasligi, soha infratuzilmasini tashkil etishdagi muammolar va eng yomoni, milliy tibbiyot tizimining uzoq vaqt mobaynida yetarlicha moliyalashtirilmagani bugungi muammolarimizning sababi, deb qayd etilmoqda.

Endi xolis ayting-chi, yuqoridagi muammolarning qay biri bizda yo‘q?! Demak, jahonda ham, qo‘shni mamlakatlarda ham pandemiya masalasida «xo‘roz bir xil qichqirmoqda». Shunday ekan, jahon mamlakatlari boshi berk ko‘chada qolgan bir sharoitda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi rahbar va xodimlarini ayblash qanchalik to‘g‘ri?

Ba'zida qatiqni ham puflab ichadigan bo‘lib qolgan ayrim tizim mutasaddilarini ko‘rib ko‘zimga ishonmayman. Nahot bu BIZ?! Muloqotlarni kuzatishimcha, bir fikrni jamoatchilikka ma'lum qilishdan avval vazirlik mutasaddilari 10 marta jamoatchilikdan uzr so‘rab, keyin so‘z boshlaydigan bo‘lib qolishdi. Chunki ular biladi: agar jamiyat xohlasa, «troll fabrikalari» ularning sha'niga qisqa vaqtda millionlab zaharli paykonlarni yo‘llashi mumkin.

To‘g‘ri, ba'zida soha vakillarining  o‘zlari shunga munosib harakatlarga ham yo‘l qo‘yadilar. Lekin oltin o‘rtaliqni topishda hammamizga insof bersin. Chunki noto‘g‘ri axborot talqinida, bosim ostida qolib, yurak xurujiga uchragan va bir umr xasta bo‘lib qolgan halol, pok, eng muhimi, mamlakatimizdagi islohotlar boshida turgan rahbar va xodimlarni shaxsan bilaman. Demak, OAVning noxolis chiqishi hamda fuqarolik jurnalistikasi bosimi, nafaqat odamlar, balki sohalarning falajlanishiga olib kelishi mumkinligini yoddan chiqarmaslik kerak.

Keling, hamma narsani o‘z nomi bilan aytaylik. Zero, o‘sha tanqid ostidagi shifokorlarimiz hali ham 7 yildan 12 yilgacha ta'lim olib, 200-300 AQSh dollari miqdoridagi oylik maoshiga qanoat qilib yuribdi. Boz ustiga, ularning joniga tajovuz qilish holatlari tobora avj olib borayotganidan, bu boradagi muammoning oldini olishga qaratilgan yangi qonun loyihasini qabul qilish darajasiga kelib qolganidan xabarimiz  bor. O‘sha ba'zida biz qarg‘agan shifokorlar nafaqat o‘zigagina emas, oilasiga ham kasallikni olib kirayotganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ularning tuzalib ketishiga ham hech kim kafolat bermaydi.

Taqdir izmi bilan pandemiya davrida o‘zim ham goh kasb taqazosi, goh boshqa sabablarga ko‘ra 3 oy turli kasalxonalarda bo‘ldim. Tan olish lozim, karantin markazlari tashkil etilishi, odamlarga ko‘rsatilgan xayriya ishlari, vatandoshlarimizni xorijdan olib kelib, ularga ko‘rsatgan e'tiborimizni va bu boradagi yana ko‘plab yutuqlarimizni dunyo e'tirof etib turibdi. Biroq mamlakatimizdagi turli tibbiyot muassasalarida virusdan himoyalovchi diqqinafas kiyimlarni o‘sha shifokorlarning o‘zlari sotib olayotgani, o‘zlari tozalayotgani va yana hech bir e'tirozsiz navbatda uzoq turgan bemorga xizmat ko‘rsatayotganiga shaxsan guvohman.

Testlar yetishmasligi, odamlar yo‘qchilikdan toliqishi yoki ishsiz qolishiga shifokorlar yoki tizim rahbarlari aybdormi? Axir bugun global ofatga qarshi eng oldingi safda turib kurashayotganlar oq xalatlilar-ku!

Brifingga kelib, u yoki bu mansabdorning, yaxlit tizimning va yana o‘z vaqtida  tibbiy xizmat ko‘rsatmagan shifokorning «tomog‘idan olish» hamda ayblash oson. Vaholanki, boshqacha bo‘lganida nima qilardik? Yaqin tarixda davlat isitmasi oshkor qilsa-da, muammolarni yashirgani holatlarini ham ko‘rdik-ku? Shunday kunlar bugun tarixga aylanib ulgurdi. Hozir-chi? Xohlagan rahbarni hatto ijtimoiy tarmoq orqali ham topish mumkin bo‘lgan davrda yashayapmiz. Ular bilan uchrashuvlar tashkil etish — davlat axborot siyosatining bosh talabi. OAV xodimlari uchun, shaxsan men uchun qachonlardir armon bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlar — qo‘qqisidan savolga tutishga imkoniyat. «Rahbarmisan, javob ber!» qabiladagi harakatlarimiz eng yuqori darajada bugun rag‘batlantirilmoqda. Yozganimiz, tayyorlanganimiz efir yuzini ko‘rmoqda…

Lekin bir narsani tan oladigan payt keldi.

Bugun nafaqat O‘zbekiston, balki yer yuzida favqulodda holat. Ana shu vaziyatni vahimasiz yengishimiz zarur. Axir pandemiya O‘zbekistonga kirib kelgan mart oyida bu qo‘limizdan keldi-ku! Qo‘limizdan kelgani uchun davlat bo‘lib, xalq bo‘lib Buxoro, Sirdaryo, So‘xdagi holatlarning yechimini topdik-ku?!

Ertaga, albatta, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun hammamiz o‘zimizga o‘zimiz yordam berishimiz kerak! O‘zimizni yakkalashimiz zarur! Bu fikrlarni egasiga yetkazishda esa OAV, axborot tarqatuvchi va iste'mol qiluvchi XALQ mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishi darkor.

Shu maqolani hozir yozyapman-u, mahalladagi bolalarning hech bir niqobsiz o‘ynayotgani, ota-onalari ham buni beparvo niqobsiz kuzatayotgani, oldimizdagi yemakxonada bir guruh erkaklar niqobsiz, ko‘pchiliklashib gurunglashayotgani, kecha holi-jonimizga qo‘ymay zudlik bilan to‘y qilgan qo‘shnimiz bugun kelin-kuyovni kasalxonaga jo‘natganiga guvohman. Qo‘shnim esa hali ham mendan xafa, to‘yga kelmadingiz, deb. Xonadonlarimiz esa ayni damda karantinda. Xuddi shu to‘y tufayli! Hammamizga shifo bilan birga insof bersin.

«Shifokorga ishing tushmasin», degan naql bor. Lekin dovyurak shifokor pandemiya sharoitida kasal bilan kurash maydonida oldinda boruvchi askar ekanini unutmaylik. Ular bizni g‘alabaga yetaklab, evaziga o‘zlari qurbon bo‘lishi mumkin. O‘zi asrasin!

Fyeruza Muxamedjanova,
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi
Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari
.

Mavzuga oid