Jahon | 09:09 / 18.07.2020
5393
2 daqiqa o‘qiladi

OAVda Twitter tarmog‘iga kim kiberhujum uyushtirganiga doir ma'lumotlar paydo bo‘ldi

Twitter Inc ijtimoiy tarmog‘i boshqaruvi shu hafta amalga oshirilgan kiberxuruj oqibatida 130ga yaqin shaxsiy sahifa buzilganini ma'lum qildi. Avval xabar berilganidek, ushbu sahifalarning barchasi eng mashhur kompaniyalar va taniqli insonlarga tegishlidir. 

Foto: Reuters

Xakerlar Twitter tarmog‘ining ichki tizimlariga kirib, AQSh prezidentligiga nomzod Jo Bayden, TV yulduzi Kim Kardashyan, sobiq prezident Barak Obama, milliarderlar Ilon Mask va Bill Geyts va hakozolarning sahifalariga kirish imkoniga ega bo‘lishgandi. Ular mazkur sahifalarda ko‘rsatilgan hisobga bitkoin o‘tkazgan kishiga yarim soat ichida ikki baravar qilib qaytarilishiga doir xabar joylashgandi. 

Ayni chog‘da, ayrim OAV o‘z surishtiruvlari chog‘ida Twitter sahifalarini buzish ortida kimlar turganligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan

AQSh va Buyuk Britaniyada istiqomat qilib keluvchi yoshlar ayni ishni amalga oshirgan bo‘lishi mumkin. Ular o‘zaro Discord messenjerida muloqot qilishgan, ularning guruhini Kirk laqabli xaker boshqargan. U Twitter ijtimoiy tarmog‘ida ishlashini ta'kidlab, foydalanuvchilar sahifalariga kira olishini bildirgan, deb yozmoqda The New York Times. Nashr buzishda ishtirok etgan xakerlarga tayangan holda ularning messenjerdagi yozishmalarining skrinshotlarini e'lon qilgan.

NYT gazetasining yozishicha, nashr ushbu xakerlik xurujining 4 nafar ishtirokchisi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan. Ular orasida lol va ever so anxious laqabli foydalanuvchilar ham bor. 

Shunday qilib, voqea ishtirokchilariga ko‘ra, barcha reja markazida Kirk turgan va aynan u maxsus hisob raqamga o‘tkazilgan bitkoinlarni hamyondan chiqarib olgan. Foydalanuvchi lol esa, Kirk o‘zining Twitter kompaniyasida ishlashini ta'kidlagan yozishma suratini ham taqdim etgan. 

Ta'kidlanishicha, foydalanuvchi Kirk ushbu xurujga qadar xakerlar doirasida ma'lum bo‘lmagan. Uning Discord messenjeridagi sahifasida 7 iyuldagina ochilgan. U bilan ishlagan boshqa xakerlar ham uning kimligini aniqlay olmagan. 

Mavzuga oid