Turdimov: «Biz jangdamiz, oldingi qatorda shifokorlar. Iltimos, ularni asraylik»
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyat aholisiga navbatdagi murojaati davomida ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb bo‘lib turgan savollarga javob berdi.
Turdimovning ma'lum qilishicha, pandemiya boshlagandan buyon viloyatda qariyb 110 ming nafardan oshiq fuqarolardan test sinovlari olingan. Hozirda har kuni 1800-2000ta test tahlillari o‘tkazilmoqda.
Ayni paytda Samarqand viloyatida 15 mingdan oshiq test zaxiralari mavjud. Agar test taqchilligi yuzaga kelsa, markazlashgan tartibda yetkazib berish imkoniyati borligi aytildi.
«Ijtimoiy tarmoqlardan ko‘pchilik immunoferment analizlari olinadimi (qonda virus borligini aniqlash uchun), deb so‘rashyapti. Bu amaliyot bugungi kunda xususiy sektorda yo‘lga qo‘yildi. «Parizoda medikal servis» xususiy klinikasida pullik tartibda test sinovlari olina boshlandi. Bitta test sinovi 240 ming so‘m. 20 iyuldan yana bir xususiy shifoxonada diagnostika ishlari boshlanadi.
Shu o‘rinda xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlariga murojaat qilmoqchiman, xususiy klinika rahbarlaridan yana kimdir mazkur tahlillarni olmoqchi bo‘lsa, imkoniyati bo‘lsa, bizga murojaat qilish mumkin.
Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, bugungi kunda test sinovlariga talab oshib ketdi. Ko‘pchilik bu test tahlilini olishni xohlaydi. Ammo biz kasallik belgilari bo‘lmagan fuqarolardan hozircha test ololmaymiz.
Agar hech qanday kasallik alomatlari kuzatilmagan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lmagan fuqarolar o‘zlarining xotirjamligi uchun test topshirmoqchi bo‘lsa, marhamat, xususiy tibbiy muassasalarga murojaat qilib, shartnoma asosida testdan o‘tishlari mumkin», – deydi Turdimov.
Viloyat hokimiga ko‘ra, ko‘pgina korxona rahbarlari ham SEO markazlariga qo‘ng‘iroq qilib butun jamoasini testdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Ammo ular ham pulini to‘lab, korxonasi jamoasini testdan o‘tkazishi lozim.
Viloyat hokimligi birinchi navbatda kasallik alomatlari bo‘lgan, bemorlar bilan muloqot qilgan fuqarolardan tahlil olishni ta'minlaydi.
Viloyat rahbari bu holatga ham to‘xtalgan: «Afsuski, barchani birdek testdan o‘tkazishga imkoniyatimiz yetarli emas. Aslida tegishli uskuna 6 soatda test natijasini chiqaradi. Ammo hozirda bu bir kun, hattoki ikki kungacha cho‘zilib ketyapti. Sababi mana shu – talab yuqoriligi, navbat kattaligi uchun shunday bo‘lyapti.
Lekin bir narsani yana bir marta alohida aytishim kerak: kasallik alomatlari bo‘lgan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslardan birinchi navbatda, zudlik bilan tahlil olishimiz shart».
«Dori zaxiramiz yetarli»
Turdimovga ko‘ra, mahalliy budjet hisobidan 3,2 milliard so‘mga Covid-19 bilan kasallanganlarni davolashda ishlatiladigan dori vositalari xarid qilingan. Bu turdagi bemorlarni davolash uchun 65 turdagi ikki oylik dori zaxiralari bor.
«Dori sotib olish bo‘yicha budjet yana pul ajratish ko‘zda tutilgan va bu bo‘yicha hech qanday muammo bo‘lishi mumkin emas. Uch oylik dori zaxiramiz 100 foiz bo‘ladi. Yana vaziyatga qarab chora ko‘ramiz. Shuni aytishim kerakki, har qanday holatda ham biz eng og‘ir vaziyatni hisobga olib, shunga tayyor turamiz. Fuqarolarimizdan ham o‘tinib so‘rayman: shu narsalarni hisobga olib o‘zimizni asrashimiz kerak.
Agar sizda shu kasallik aniqlangan bo‘lsa, uyda davolanasizmi, shifoxonadami, dori davlat tomonidan bepul yetkazib beriladi. Agar kimdir pullik tarzda olishga undagan bo‘lsa, bunday shaxslar oramizda bo‘lishi mumkin emas. Yana aytaman, yetarli miqdorda dorilarimiz bor».
«Covid-19 yo‘q, ammo pnevmoniya bor»
Erkinjon Turdimovning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarda koronavirus aniqlanmasa ham pnevmoniya kuzatilishi holatlari ham uchramoqda.
«Buning sababini o‘rgandik, koronavirusga chalinib, yurib o‘tkazib yuborgan, kasallikdan qutulgan, ammo pnevmoniya asoratlarini keltirib chiqargan. Shuning uchun, tekshirganda koronavirus chiqmaydi, ammo pnevmoniya kuzatiladi. Shu sababdan har qanday yo‘tali bor odamni rentgendan o‘tkazishimiz kerak. Fuqarolarga ham aytadiganim – bu kabi holatlarni ham ozroq sezdingizmi, albatta vrachga murojaat qiling.
Hozirda viloyatda 34ta portativ rentgen apparati mavjud. Janubiy Koreyadan har birining narxi 538 million so‘m bo‘lgan yana 2ta rentgen apparati sotib oldik, yana ikkita apparatga buyurtma berdik».
103ga tushib bo‘lmayotgani haqida
«Ijtimoiy tarmoqlarda 103 raqamiga tushib bo‘lmaslik, tez yordam xizmatining vaqtida yetib bormasligi kabi e'tirozlar paydo bo‘la boshladi. Bu bor narsa. Kuni kecha men o‘zim 103 xizmati xonasiga borib o‘tirdim. Ahvol mutlaqo qoniqtirmadi. Shu paytgacha 3-5ta dispetcher bo‘lsa, zudlik bilan 24ta xodim faoliyatini yo‘lga qo‘ydik, 24ta telefon bilan. Qo‘shimcha jihozlar keltirdik, endi abonentlarning qo‘ng‘iroqlari kompyuterlar xotirasida saqlanadi.
Shuningdek, maslahat markazlari ham tashkil etdik. 1105 raqami orqali malakali mutaxassislar fuqarolarga maslahat berib boradi», – deydi viloyat hokimi.
Erkinjon Turdimov eng yomon holatga ham tayyor turish kerakligi va shifokorlarni asrash lozimligi haqida gapirdi.
«Hurmatli fuqarolar, vahimaga tushmang. O‘zingizda koronavirusning kichik belgilarini sezsangiz, tezda 1105 raqamiga qo‘ng‘iroq qiling, sizga to‘g‘ri tavsiyalar, kerak bo‘lsa, psixolog yordami ham ko‘rsatiladi.
Biz eng yomon holatga tayyorlanyapmiz va shu sabab 8 mingta koyka tayyorladik. Rezerv kasalxonalar sifatida viloyat kardiologiya dispanseri, Samarqand tibbiyot instituti 2-klinikasi, Samarqand shahar 1-tug‘ruq majmuasi va viloyat nogironlar reabilitatsiya markazida 1590ta koyka, tumanlardagi infeksion kasalliklar shifoxonalarida 470ta o‘rin tayyorlab qo‘yildi. Shuningdek, og‘ir bemorlar uchun 100ta reanimatsion o‘rin tayyorlangan.
Viloyatda ayni damda 280ta tez yordam mashinalari mavjud. Karantin boshlangandan buyon mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 40ta «Damas» va 10ta UAZ tez tibbiy yordam mashinalarini sotib oldik. Ulardan tashqari, kuni kecha 29ta «Damas» rusumli tez yordam mashinalari sotib olindi, dushanba kuni yana 10ta shunday mashinalar uchun mablag‘ o‘tkazib beriladi va shu haftaning o‘zida olib kelinadi.
Qishloq vrachlik punktlariga va oilaviy poliklinikalarga «Uzmobile» kompaniyasi tomonidan 800ta telefon tarqatildi. Shifokorlar bu telefonlar orqali bemorlar holatidan doimiy boxabar bo‘lib turishadi. Hamma uyimga virusolog vrach kelsin deydi, ammo Covid-19 yuqtirib olgan bemorlar oldiga vrachlar borsa, biz shifokorlarni yo‘qotib qo‘yamiz. Shuning uchun, ular telefonda tavsiya bergani ma'qulroq.
Vrachlar bizning oltin fondimizga aylanishi kerak, ularni asrashimiz kerak. Vrachlar kiygan kiyimni kiyib bir soat uyingizda yurib ko‘ring-chi. Ular mana shunday holatda 14 kunlab kasallar orasida yurishadi. Ularni yomonlash oson, lekin bugun shifokorlarni asrashimiz kerak.
Ba'zi yomonlari bo‘lishi mumkin, lekin 99 foiz vrachlar o‘z ishini sidqidildan bajaryapti. Men ular bilan ko‘rishyapman, ko‘ryapman qanday ishlashayotganini. Ularga katta rahmat deb qolaman.
Bugun bizning hayotimiz koronavirusga qarshi jangga aylandi va bu jangning oldingi qatorida shifokorlar turibdi. Mayli ularni moddiy qo‘llab-quvvatlamasak ham, hech bo‘lmasa ma'naviy qo‘llaylik. Iltimos, ularni asraylik.
Xullas, vrachlar uylarga bormaydi. Maxsus guruh virus alomati bo‘lganlarni qabul shtabga olib keladi. U yerda hamma sharoit qilingan.
Davolanayotgan bemorlar bilan ovqatlar masalasida gaplashdik. To‘g‘risi, biror bemor ovqatdan nolimadi. Hammasi ovqatlar mazali ekanini, qo‘shimcha so‘rashsa ham berishayotanini aytdi», – dedi Samarqand viloyati rahbari.
Turdimov shu kunlarda internetda o‘ziga yig‘lab murojaat qilib chiqqan ona va uning farzandi haqida ham gapirdi.
«Bu yigitning ismi Aslan. 13 iyul kuni uning onasidan mening telegram mesenjyerimga murojaat kelib tushdi va o‘sha kunning o‘zida vrachlar borib Aslanni tekshirishdi. Uning ahvoli juda og‘ir edi va tezda infeksion kasalliklar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limiga joylashtirildi. Keyinchalik Aslan bilan telefonda gaplashganimda ahvoli yaxshi ekanini aytdi. Men unga onasi u uchun qanday harakat qilganini aytdim va onasini asrashini so‘radim.
Hozir yigitning ahvoli yaxshi. So‘raganimda, u boshida o‘zidagi alomatlarni oddiy shamollash deb o‘ylab uyida davolanganini aytdi. Keyin, chindan 103 xizmatiga ishonmay qolishgan», – degan Turdimov.
Viloyat hokimi, shuningdek, odamlarning uyda mehmondorchilik qilayotganini keskin qoraladi. Agar shunday holatlarga duch kelishsa, odamlardan tegishli idoralarga murojaat qilish so‘raldi.
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
13:24 / 28.11.2024