O‘zbekiston | 21:31 / 20.07.2020
11270
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatida jami 224ta mahallaning 97tasida kasallik aniqlangan - viloyat hokimi

Sirdaryo viloyatida bugungi kunda koronavirusni yuqtirib olgan 190 nafar fuqaro davolanmoqda, dedi viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev viloyatda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq holat yuzasidan o‘tkazilgan brifingda.

Bemorlarning 57 nafari statsionar sharoitda, qolgan 133 nafari uy sharoitda davolanmoqda. 31 nafar bemorda pnevmoniya holati aniqlangan, birorta bemor sun'iy nafas olish apparatlariga ulanmagan. Hozirga qadar 194 nafar fuqaro to‘liq sog‘lomlashtirilgan.

Karantin boshlangandan buyon viloyat hududida 385 nafar fuqaroda kasallik aniqlandi, shundan 140 nafari «Guliston» chegara postidan o‘tgan xalqaro yuk tashuvchilar hamda chet davlatlardan kelgan fuqarolar bo‘lsa, qolgan 245 nafari viloyat fuqarolaridir.

«Albatta, har bir raqam ortida inson hayoti yotganini hammamiz to‘g‘ri tushunib turibmiz. Ming afsus, Guliston tumanida ko‘p yillar tibbiyot tizimida samarali mehnat qilgan inson aynan kasallik asorati sababli vafot etdi. U kishining yaqinlariga ta'ziyamizni izhor qilgan holda odamlarimizni yana bir bor xushyorlikka chaqiraman», — degan G‘.Mirzayev.

So‘nggi 3 kun ichida 124 holatda infeksiya tasdiqlandi. Hududdagi epidemiologik vaziyat murakkab bo‘lib qolmoqda: viloyatning 224ta mahallasidan 97tasida kasallik aniqlangan.

«Ushbu raqamlar kasallik qanchalik oramizga kirib borgani, yaqinlarimiz sog‘ligiga ta'sir ko‘rsatayotganini anglash uchun yetarli bo‘lsa kerak», — degan viloyat hokimi.

Birifingda viloyat hokimligi va tegishli mutassaddi tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilib, 3 ming kishiga yetadigan zaxira o‘rinlari shakllantirilgani, dori-darmon uchun 3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani, viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam markazi uchun qo‘shimcha 14ta avtomashina xarid qilingani, koll-markaz ishga tushirilgani, aloqasi mavjud bo‘lmagan 55ta qishloq vrachlik puntklariga telefon aloqasi o‘rnatilgani ma'lum qilindi.

Viloyat tibbiyot muassasalarida 96ta O‘SSh uskunasi, 95ta SPAP (o‘pka ventilyatsiyasi), 57ta kardimonitor, 78ta puls o‘lchash apparati, statsionar rentgen apparatlari mavjud.

«Hurmatli fuqarolar! Butun davlat organlari oyoqqa turishgan shunday bir vaziyatda Sizlardan bir iltimosimiz va talabmiz bor: karantin qoidalariga rioya qiling, niqobsiz ko‘chaga chiqmang, muloqot davomida ijtimoiy masofani saqlang.

Biror bir muammo yoki savol tug‘ilsa, kunning istalgan vaqtida (67) 226-10-03 telefoniga murojaat qiling. Har bir murojaat nazoratga olingan.  

Karantin joriy etilgandan buyon bir haqiqatni barchamiz anglab yetdik, deb uylayman. O‘zimizni, oilamizni, farzandlarimiz sog‘ligi uchun avvalo o‘zimiz mas'ulmiz», — deya so‘zlarini nihoyalagan G‘ofurjon Mirzayev.

Mavzuga oid