Jamiyat | 16:11 / 21.07.2020
10049
9 daqiqa o‘qiladi

Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi qo‘lbola kislorod uskunalaridan foydalanish xavfli ekanini ma'lum qildi

Foto: tvergazservis.ru

O‘zbekiston Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tibbiyot sohasida siqilgan kisloroddan foydalanishdagi xavfli jihatlari, xavfsizlik texnikasi xususida ekspertlar bayonini taqdim etdi. Kislorod ballonlaridan foydalanishning xavfli omillari - bu uning tez yonish xususiyati, shu jumladan, yong‘inga xavfliligi va portlovchi gaz xususiyatlariga ega ekanligi hisoblanadi, deyiladi bayonotda.

Kislorod kimyoviy element sifatida toksik xususiyatga ega emas, u o‘z-o‘zidan portlamaydi va yonmaydi, ammo u kuchli oksidlovchi hisoblanadi va turli materiallarning yonishini faollashtiradi. Tibbiy maqsadlarda ishlatiladigan siqilgan kislorod balloni

15-20 MPa ga teng yuqori bosimga ega. Siqilgan kislorod ballonlari ko‘k (havo) rangda bo‘ladi hamda qora rangdagi “Kislorod” yozuvi bilan belgilanadi.

Yog‘ va moylar bilan reaksiyaga kirishganda, kislorod issiqlik chiqishi bilan darhol oksidlanadi, bu esa yong‘in va portlashga olib keladi.

Kislorod ballonlarini saqlash va ulardan foydalanishga faqatgina ularning barqaror, yiqilishiga yo‘l qo‘yilmagan (tik) holatdagina ruxsat etiladi. Kislorod ballonlari yaqinida chekish, ochiq olov manbalaridan foydalanish mumkin emas.

Yodingizda tuting!

Kislorod ballonlaridan foydalanilganda, asbob-uskunalar, xodimlarning qo‘llari va kiyimlari yog‘ va moydan tozalangan bo‘lishi lozim! Kislorod ballonlari bilan ishlashda spirt, leykoplastir, dezinfeksiyalash vositasi yoki boshqa yonishi mumkin bo‘lgan manbalarni  ishlatish taqiqlanadi. Sintetik matodan tikilgan kiyimlarda ishlash mumkin emas.

Kislorod ballonlari joylashgan xonada tez yonuvchan moddalar mavjud bo‘lmasligi, ochiq shamollatish, xonadagi havoni boshqarish uchun vositalarning bo‘lishligi, shuningdek, u yerdagi odamlar sonini cheklash lozim. Yong‘inlarning oldini olish uchun atrof-muhitdagi kislorod miqdori hajm bo‘yicha 23% dan oshmasligi kerak. Xonadagi kislorod miqdorining yuqori bo‘lishi uchqunsiz yong‘in chiqishiga olib kelishi mumkin! Kislorod saqlanadigan xonani tozalash toza suv va oddiy mato yordamida amalga oshiriladi.

Ballondagi kran reduktorining ventili, bosim keskin ko‘tarilishining oldini olish uchun, kislorod yuborishdan oldin va keyin asta-sekinlik bilan ochiladi. Manometrni kuzatib boring! Ventilni ochish uchun bolg‘a ishlatish mumkin emas. Ventil ishlamay qolganda ballonga, “Ehtiyot bo‘ling, nuqsonli ventil. Ballon to‘liq” deb yozib qo‘yiladi. “Kislorod” yoki “Moy xavfli” yozuvi bo‘lmagan bosim o‘lchagichlari (manometr)dan foydalanish taqiqlanadi. Ventilni ochish vaqtida reduktor va kislorod yetkazib beruvchi liniyaning ro‘parasida turish mumkin emas. Kislorodni havoga chiqarmang! Bu sizning kiyimlaringiz va binolaringizda to‘planib, yong‘in yoki portlashga olib kelishi mumkin!

Kislorod ballonlari va kislorod quvurlarini issiqlik manbalaridan saqlash, shuningdek, atmosfera omillaridan va isitishdan himoyalangan bo‘lishi kerak, chunki isitilgan kislorod  (50°S dan yuqori) ventil muhrini teshishi yoki uni yirtib yuborishi mumkin!

Ballonlar ishlatilgandan so‘ng, ozroq qoldiq bosim bilan to‘ldirish uchun topshiriladi. Ballonda taxminan 3-5 Mpa bosim qolishi uchun bosim o‘lchagichni (manometr) kuzatib boring. Bu o‘z navbatida ballon ichiga tibbiy kislorodni ifloslantiradigan havo kirishiga to‘sqinlik qiladi. Bunday ballonlar bo‘r bilan “Bo‘sh” deb belgilanishi kerak.

Ballonlardagi tibbiyot kislorodi, har qanday dori singari ishlab chiqaruvchining pasportiga, yaroqlilik muddatiga, guvohnoma va muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘ladi. Kislorod uskunasidan faqat vakolatli xizmat ko‘rsatish mutaxassisi tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.

Kislorod terapiyasi uchun, uning usullaridan qat'iy nazar, faqat tibbiyot kislorodidan foydalanishga ruxsat beriladi. Amaldagi davlat standartlariga muvofiq, tibbiyot kislorodi 99% kislorod, 1% azotga ega bo‘lishi hamda boshqa gazsimon aralashmalarga (karbonat angidrid, metan, vodorod sulfidi) ega bo‘lmasligi kerak. Organoleptik jihatdan - bu rangsiz, ta'msiz va hidsiz gazdir. Tibbiyot kislorodi ballonlari 40 litr sig‘imga ega va 15 Mpa (150kgs/sm2) bosimdagi gazsimon kislorodni o‘z ichiga oladi.

Kislorod ballonlari yuqori bosim ostida bo‘lganligi sababli, kislorodni ishlatish, saqlash va tashish bilan shug‘ullanadigan barcha shaxslar va birinchi navbatda, shifokorlar ushbu faoliyat bilan bog‘liq asosiy talablar va xavfsizlik qoidalarini bilishlari lozim.

Tibbiyot kislorodi bilan to‘ldirilgan ballonlar ko‘k rangga bo‘yalgan hamda qora rangdagi “kislorod” va “M” harfi bilan etiketlangan bo‘lishi kerak. Kislorodni 2-3 atm dan ko‘p bo‘lmagan bosimda ishlatish mumkinligi sababli, bosimni pasaytirish uchun ballonga maxsus qurilma - reduktor ulanadi.

Kislorod ballonlaridan foydalanishda ayrim ehtiyot choralari ko‘rilsagina, uni ishlatish xavfsizdir. Shu bilan birga, ularga ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin (portlash va boshqalar).

Siqilgan gazsimon kislorod yog‘ va moylar bilan reaksiyaga kirishganda ular bilan faol birikib, yong‘in va portlashni yuzaga keltiradi. Ballon saqlanadigan xonada chekish qat'iyan man etiladi. Ballonni tebranish va turli zarbalardan himoya qilish kerak. Uni salqin joydagi devorga o‘rnatib, tik (vertikal) holda saqlanadi. Ballon ventilini (qopqog‘ini) ochganda, unga yuz tomoni bilan qarab turish tavsiya etilmaydi, chunki kuchli kislorod oqimi ko‘zlarning shilliq qavatini kuydirishi va ko‘rish qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkin.

Kislorod balloni portlaganda bo‘laklarga parchalanib ketadi. Yong‘in chiqishi xavfini oldini olish, baxsiz hodisalarni bartaraf etish uchun kislorod balloni saqlanadigan har qanday xonada o‘t o‘chirish vositalari bo‘lishi kerak. Kislorod ballonlari maxsus mo‘ljallangan, chekish qat'iyan man etilgan xonalarda saqlanishi kerak. Kislorod ballonlarini issiqlik moslamalari yaqinida va quyosh nurlari tushadigan joylarda saqlash mumkin emas.

Kislorod balloni bilan ishlashda qo‘llar toza (krem va boshqa moylardan tozalangan)  bo‘lishi kerak, qo‘llarni spirt ​​bilan artish mumkin emas. Giperbarik oksigenatsiyadan oldin, bemorning yuzida kosmetik moddalar yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak.

Tibbiyot kislorodi bilan ishlashda  xavfsizlik talablari

Kislorod ballonlari 15 Mpa (150kgs/sm2) bosim ostida saqlanadi va tashiladi. Ballonlarda ishlab chiqaruvchi zavodning tovar belgisi, ballonning raqami, og‘irligi, ishlab chiqarilgan sanasi va texnik ko‘rikdan o‘tgan davri ko‘rsatilgan marka mavjud bo‘ladi.

Diqqat!

Siqilgan kislorod portlash xususiyatiga ega. Kislorod ballonlaridan foydalanganda quyidagi qoidalarga qat'iy rioya qilinishi zarur:

• Ballon metall moslamaga o‘rnatilgan va kamar yoki zanjir bilan qotirilgan bo‘lishi kerak.

• Ballon isitish moslamalaridan kamida 1 metr va ochiq olov manbalaridan 5 metr masofada o‘rnatilishi kerak.

• Ballon quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'siridan himoyalangan bo‘lishi kerak.

• Hech qachon moyni ballon shtutseriga kirishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

• Ballondan boshqa tizimga gazni faqatgina shu tizimdagi bosim uchun mo‘ljallab o‘rnatilgan bosim o‘lchagichli (manometr), bosim o‘tkazgich (reduktor) orqali o‘tkazish mumkin.

• Gaz chiqarilishi vaqtida ballon shunday joylashtirilishi kerakki, bunda shtutserning chiqish teshigi ishchidan boshqa tomonga yo‘naltirilmog‘i lozim.

• Texnik ko‘rikdan o‘tish muddati tugagan, ustki korpusi yoki ventili shikastlangan, rangi yoki yozuvi qoidalarga to‘g‘ri kelmaydigan ballonlardan foydalanish taqiqlanadi.

• Kislorod balloni bilan ishlaganda qo‘llarga yog‘li krem ​​surtish taqiqlanadi.

• Kislorodni qabul qilishda xavfsizlik qoidalariga rioya qiling - kislorod shilliq pardalarni kuyishiga olib keladi.

• Uy sharoitida hamda tibbiyot xodimlarining nazoratisiz kislorod ballonidan foydalanish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi

Mavzuga oid