Tojikiston poytaxtida «prezidentning o‘g‘li» ekanini aytgan Sorbon qo‘lga olindi
Tojikiston poytaxtida telefon orqali o‘zini Dushanbe meri Rustam Imomali, ba'zida uning yordamchisi deb tanishtirib, turli shaxslarni chuv tushirib yurgan shaxs qo‘lga olingan. Soxta «mer» oxirgi marta Dushanbedagi universitet dekanlaridan birini chuv tushirgan.
Markaziy televideniyeda namoyish etilgan maxsus ko‘rsatuvda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xodimlari mamlakat poytaxtida telefon orqali o‘zini ba'zan Dushanbe shahar hokimi, ba'zan uning jiyani sifatida tanishtirib, odamlarni aldab yurgan 25 yoshli Sorbon Yoqubovni hibsga olgani haqida xabar berilgan.
Maxsus ko‘rsatuvda ma'lum qilinishicha, Sorbon Yoqubov 2013 yil kontrakt to‘lay olmagani uchun o‘qishdan haydalgan bu shaxs 2017 yil sentabr oyida ilk marta Dushanbe shahar hokimi nomidan foydalanib, qalloblikka qo‘l urgan. Shundan so‘ng u bu ishni kasb qilib olgan. Yuz ko‘rinishidan tanib qolmasliklari uchun u o‘z «qurbonlari» bilan asosan telefon orqali muloqot qilgan.
Surishtiruvlarda ma'lum bo‘lishicha, soxta «mer» 2018 yildan 2020 yil mart oyigacha birgina Pedagogika universiteti dekani Sharif Rahmonovdan firibgarlik yo‘li bilan 186 ming somoniy (18 ming dollar) va «Opel Astra» rusumli avtomashinani olgan. Ma'lum bo‘lishicha, u dekanni Ta'limni nazorat qilish davlat komissiyasiga ishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan.
Bu Tojikistonda firibgarlar prezident va uning oila a'zolarining ismini o‘z maqsadlari uchun foydalangan birinchi holat emas. Joriy yilning iyun oyida Dushanbe shahrining Firdavsiy tuman sudi yosh tojik aktyori Behruz Saidni katta miqdordagi mulkka ega bo‘lish uchun tovlamachilik qilganlikda ayblab, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Behruz Said ikki nafar tadbirkorga o‘zini Rustam Imomalining yordamchisi sifatida tanishtiradi va ulardan aslida bo‘lmagan «do‘sti»dan olgan 100 ming dollar qarzni zudlik bilan qaytarishni talab qiladi.
2015 yilda Dushanbe shahridagi xalqaro maktabning 10-sinf o‘quvchisi xuddi shunday firibgarlik uchun hibsga olingan edi. U o‘zini mamlakat prezidenti Imomali Rahmonning o‘g‘li deb tanishtirgan va katta miqdorda pul undirgan. O‘zini Somon Imomali (Tojikiston prezidentining 1998 yilda tug‘ilgan shu ismli o‘g‘li bor) deb atagan Xushdil Qurbonov firibgarlik yo‘li bilan katta miqdordagi pullarni o‘zlashtirgani yetmaganday, «prezidentning o‘g‘li» sifatida amaldorlarga noqonuniy buyruqlar berib kelganligi aniqlangan.
Ma'lumot uchun, Tojikiston prezidentining to‘qqiz farzandi bor. Ulardan yetti nafari qiz (Firuza, Ozoda, Ruhshona, Taxmina, Parvina, Zarina, Farzona) va ikki nafari o‘g‘il (Rustam, Somon).
Mavzuga oid
16:51 / 16.12.2024
Konibodomda yana to‘rt kishining jasadi topildi
19:01 / 10.12.2024
Tojikistonning Konibodomida bir oilaning 6 a’zosi o‘ldirib ketildi
13:32 / 04.07.2024
Tojikistondagi YTHda uch o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
10:41 / 29.06.2024