Jamiyat | 14:59 / 28.07.2020
34458
7 daqiqa o‘qiladi

«Autstaffing» qullikning zamonaviy ko‘rinishimi?

Amaldagi qonun hujjatlariga «autstaffing» tushunchasi kiritilishi kutilmoqda. Bir korxonaning shtatdagi xodimi boshqa bir korxona tomonidan (shtatga olmasdan) ishga yollanishini nazarda tutuvchi bu amaliyot qonuniylashtirilishi kasaba uyushmalari tashkilotlarining xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasining «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokama qilindi. Ma'lum bo‘lishicha, Qonun loyihasiga yangi «autstaffing» tushunchasi kiritilmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillarining ma'lum qilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mazkur qonun muhokamasiga bag‘ishlangan yalpi majlislarida Federatsiya vakillari ishtiroki ta'minlanmagan.

Hozirda, qonunga autstaffing tushunchasi kiritilishiga kasaba uyushmalari e'tiroz bildirmoqda.

2020 yil 8 martda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi Qonunining 28-moddasida «Xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalari majburiy tartibda tegishli kasaba uyushmasi yoki kasaba uyushmalari birlashmasi bilan kelishib olinishi shart», deb belgilangan.

Shunga qaramasdan mazkur qonun talablariga rioya etilmagan holda kasaba uyushmalari tomonidan «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi roziligini olmasdan qabul qilingan va Oliy Majlis Senatiga kiritilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur qonun loyihasining Xalqaro mehnat tashkilotiga taqdim etilgan matnida ham «autstaffing» tushunchasi mavjud bo‘lmagan.

Xo‘sh, xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga mas'ul bo‘lgan kasaba uyushmalari nima uchun bu yangilikka qarshilik qilmoqda?

Huquqiy adabiyotlar va interent ma'lumotlariga ko‘ra, birorta yuridik shaxsning shtatdagi xodimi boshqa yuridik shaxs tomonidan (shtatga olmasdan) ishga yollanishi (ya'ni xodimni ijaraga berish) autstaffing hisoblanadi.

Autstaffingning ijaraga olingan (zayomnyy) mehnatdan farqi shundaki, autstaffing qo‘llanganda xodim boshqa ish beruvchining ixtiyoriga faqat uning o‘z roziligi bilan jo‘natiladi.

Autstaffing (ijaraga olingan mehnat kabi) xodimning emas, balki ish beruvchining manfaatini ko‘proq himoya qiladi, chunki bu usul xodimlarni saqlab turish xarajatlarini iqtisod qilish imkonini yaratadi.

Autstaffing xodimlarining mehnat sharoitlari shtatdagi xodimlarnikidan ancha yomon bo‘lib, ularga pastroq ish haqi to‘lanishi ehtimoli ham yo‘q emas. Odatda qabul qiluvchi tashkilotda o‘rnatilgan yuqoriroq mehnat standartlari (masalan, ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar, kompensatsiyalar va hokazolar) autsafferlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu bilan birga, bitta xodim-autstaffer ikkita (autstafferning haqiqiy ish beruvchisi va vaqtincha yollovchi) ish beruvchi uchun qo‘shimcha qiymat (foyda) yaratib beradi, buni esa qullikning zamonaviy ko‘rinishi deb baholash ham mumkin.

Shuningdek, autstaffing «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonunning predmeti emas, chunki bu Qonunning asosiy maqsadi mehnatda band bo‘lmagan fuqarolarni ishga joylashtirish masalasini hal etishdan iboratdir, deb hisoblaydi kasaba uyushmasi vakillari.

Ishlab turgan xodimni mehnat munosabatlari o‘zi imzolagan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan ish beruvchi bilan bo‘ladigan munosabatlarni o‘z ichiga oladi, boshqa ish beruvchi bilan emas.

Qolaversa, «autstaffing» tushunchasi mazkur qonunga alohida modda sifatida kiritilishi beqaror bandlikning boshqa turlari (masofada turib ishlash, frilans, bir martalik, vaqtinchalik, mavsumiy bandlik va hokazolar)ga ham ushbu qonunda izoh berish lozimligini keltirib chiqaradi.

Shu bois, autstaffing zarur bo‘lsa uni Mehnat kodeksiga kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shunda ham xodim ishga qabul qilinayotganda kelgusida autsaffing bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida avvaldan xabardor bo‘lishi va shunga ko‘ngan holda mehnat munosabatlariga kirishishi kerak.

Qonunning taklif etilayotgan loyihasida esa, xodim oldindan bu haqda xabardor bo‘lmaydi va kerak bo‘lib qolganda fakt oldida qo‘yilib, boshqa ish joyiga borishi kerakligi aytiladi.

To‘g‘ri, loyihada «uning roziligi bilan» degan jumla bor. Ammo xodim bunday taklifni rad etsa, ish beruvchining «qora ro‘yxati»ga tushib qolishi, keyinchalik uning harakatlaridan kamchiliklar axtarilib, ta'qib qilinishi ehtimolini yuzaga chiqaradi.

Kasaba uyushmalari mehnatkashlarning manfaatlari yo‘lida qayg‘urar ekan, autsaffingga oid normani Mehnat kodeksiga kiritib unda quyidagilarni nazarda tutishni lozim deb hisoblaydilar:

  • kelgusida autsaffing qilinishi mumkinligi haqida qoida albatta xodim bilan u ishga kirishdan avval kelishilishi va bu mehnat shartnomasida aks etishi;
  • xodim autstaffing qilinishi mumkin bo‘lmagan ishlar turlari (toifalari) uzil-kesil aks ettirilishi;
  • asosiy ish beruvchi bilan autstaffingga chaqirayotgan ish beruvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomaga xodim uchinchi taraf bo‘lib qo‘shilishi shartligi nazarda tutilishi;
  • Autstaffing vaqtida xodimga bajarayotgan ishi bo‘yicha, ammo asosiy ishidagidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanishi shartligi;
  • jamoa shartnomasida nazarda tutilgan barcha kafolat va imtiyozlar to‘la saqlanib qolishi, zarur bo‘lganda autstaffingga chaqirgan ish beruvchining roziligidan qat'i nazar asosiy ish beruvchi xodimga mehnat ta'tilini (shu jumladan ish haqi saqlanmagan ta'til) berishi muqarrarligi;
  • bu vaqtda, agar autstaffingga chaqirgan ish beruvchi xodimga intizomiy jazo berishni asosiy ish beruvchidan so‘raydigan bo‘lsa, faqatgina asosiy ish beruvchi va xodimning xolis vakillaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra xulosa qilinishi mumkinligi va shu kabi boshqa, xodimni mehnat huquqini kafolatlovchi normalar to‘liq o‘z aksini topishi kerak.

Shuningdek, autstaffingning davomiyligi, yil davomida takrorlanishi ham chegaralanib, autstaffing vaqtidagi har qanday noxush holat uchun asosiy ish beruvchi javobgarligi ham qonunan belgilab qo‘yilsa xodimlarning huquqlari buzilishining oldi olinadi.

Dilshod Abduqodirov
huquqshunos

Mavzuga oid