O‘zbekiston | 20:28 / 28.07.2020
28643
13 daqiqa o‘qiladi

DTM Kun.uz’da e'lon qilingan intervyuga munosabat bildirdi. Munosabat yangi savollar tug‘ilishiga sabab bo‘ldi

O‘zbekistonda umumta'lim maktablari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.

26 iyul kuni Kun.uz muxbiri ta'lim dasturlari, pedagogika va testologiya bo‘yicha ekspert Komiljon Jalilov bilan intervyu tashkil qildi va kiritilayotgan ushbu yangi tizim bo‘yicha paydo bo‘layotgan bir qator savollarga javob oldi.

Jumladan, ekspert intervyu davomida o‘zi ham kiritilayotgan yangi tizimni yoqlashini aytib, endilikda o‘quvchilardagi ortiqcha stresslarning oldi olinishi hamda maktab bitiruvchilari bilimini obektiv solishtirish imkoni paydo bo‘layotgani haqida gapirdi.

Komiljon Jalilov o‘z fikrida davom etar ekan, shuningdek, yangi tizimning kelgusida bo‘y ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qator muammoli jihatlarini ham ta'kidlab o‘tdi. 

Unga ko‘ra, yangi tizimda test sinovlarini o‘tkazishga mas'ul tashkilot – Davlat test markazining test savollarini (testologiyada, ya'ni baholash haqidagi fanda «test topshiriqlari» deyiladi) tuzishga bo‘lgan yondashuvi tizimdan kutilayotgan natijaga to‘la erishish imkonini bermasligi ham mumkin.

«Shu soha mutaxassisi sifatida menda shunday taassurot paydo bo‘ldiki, Davlat test markazi uchun test topshiriqlarining testologiyada qabul qilingan talablar, standartlarga javob berishi, ularning validligi, ishonchliligi – o‘ninchi, boringki, yigirmanchi darajadagi masala. Asosiysi – jarayonni «silliqqina» o‘tkazib olish va hisobot berish: «shuncha abituriyent qatnashdi, o‘rtacha ball shunchani tashkil etdi». Biroq test topshiriqlarining yaratilishi, aprobatsiyasidan boshlab, test natijalarining qayta ishlanishi va e'lon qilinishigacha – biron-bir bosqich testologiyaning hatto eng oddiy talablariga javob bermaydi», – degan edi ekspert.

Mazkur intervyu saytda e'lon qilinganidan bir kun o‘tib, Davlat test markazi o‘zining dtm.uz saytida ekspert va jurnalistga nisbatan e'tirozli munosabatini bayon qildi.

«Afsus bilan e'tirof etamizki, bu kabi fikrlarni yurtimiz ommaviy axborot vositalari ichida katta obro‘ga ega saytda berishdan avval, bevosita faoliyati tanqid qilinayotgan muassasa bilan bog‘lanish, real holat bilan tanishishdek jurnalistikaning eng muhim tamoyili hisobga olinmadi.

Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilgan aprobatsiya va test sinovlarining statistik tahlillari, testologiya tili bilan aytganda, validatsiya jarayoni bilan bog‘liq hisobotlarning matbuotda e'lon qilinmagani bu borada ilmiy tadqiqotlar olib borilmasligini anglatmaydi. Vaholanki, testologiya, pedagogik o‘lchovlar va ilmiy-metodik bo‘lim tomonidan muntazam ravishda test topshiriqlari aprobatsiyasi natijalari klassik va zamonaviy test nazariyalari bo‘yicha tahlil qilinadi hamda test topshiriqlarini rivojlantirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berib boriladi. Bu borada Davlat test markazi mutaxassislari Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Qozog‘iston kabi davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Pedagogik o‘lchovlar federal instituti (FIPI) bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Shulardan kelib chiqib, jurnalist va uning suhbatdoshi e'tiboriga avvallari ham e'lon qilib kelinayotgan statistikalardan birini rasman keltirib o‘tamiz», – deya bir qator statistika va tahlillar keltirib o‘tilgan tashkilot munosabatida.

Albatta, Davlat test markazi tomonidan intervyuning o‘ziga bog‘liq qismiga nisbatan tezkorlik bilan munosabat bildirilishi ijobiy holat, ammo bu munosbatda qator tushunmovchilik va noaniqliklar ham borki, ular yuzasidan sohaning mustaqil ekspertlari Komiljon Jalilov hamda Toshkent davlat Vestminstr universiteti katta o‘qituvchisi Erkin Muhammedov bilan navbatdagi suhbatni uyushtirdik.

Komiljon Jalilov, Ta'lim dasturlari, pedagogika va testologiya bo‘yicha ekspert:

Davlat test markazida test topshiriqlarining statistik tahlili olib borilishi quvonarli hol, albatta. Faqat berilgan statistik tahlil, nazarimda, testologiyadan xabardor mutaxassisda bir qancha savollarni tug‘diradiki, bu savollarga qoniqarli javob olmasdan turib, testlarning validligi va ishonchliligi haqida ijobiy xulosa shakllantirish mumkin emas (ko‘tarilayotgan masalalar umumiy gap yoki navbatdagi «injiqlik» emasligi tushunarli bo‘lishi uchun testologiya bo‘yicha fundamentar hujjatlar va ishlarga havolalar berildi - ishonamanki, ular DTM mutaxassislari uchun yangilik emas).

1. Testning ishonchliligi validlikning muhim sharti, lekin yagona sharti emas, ya'ni testning ishonchlilik talablariga javob berishi test natijalari asosida chiqariladigan xulosalarning validligini bildirmaydi.

DTM hozirgi zamon testologiya fanida qabul qilingan validlikning yana qanday dalillarini (AERA – APA – NCME Standards, 2014; Newton and Shaw, 2014; Ovendahl, 2011) keltira oladi? Xususan, «Kecha va kunduz»dagi aravakashning ismi haqidagi, «Shum bola»ning kimga qorxat yozganligi haqidagi, qaysi shaharda Bekzod nomidagi memorial bog‘ barpo etilganligi, «Fayzifilm» kinostudiyasi qachon tashkil topganligi, tarixiy shaxslarni va har xil xalqlar ilohlarini rasmda tanish bilan bog‘liq bir-biridan «ajoyib» test topshiriqlarining (bunday test topshiriqlarini DTM 2019 yilda chop etgan rasmiy qo‘llanmalarda yetarlicha topish mumkin) test xulosalari validligiga qanday hissa qo‘shishini tahlil qilish juda ham qiziq bo‘lardi.

2. Ma'lumki, aprobatsiyada olingan natijalarning ishonchliligi aprobatsiya uchun tanlanma kontingentga ham bog‘liq (Crocker and Algina, 2008; Kubizsyn and Borich, 2013). Aprobatsiyada qatnashganlar guruhi tarkibi va variativligi jihatdan haqiqiy test topshiruvchilar guruhiga qay darajada yaqin edi?

3. 0,7dan past bo‘lgan Kronbax alfa bir necha millionlab abituriyentning taqdirini hal qiladigan, buning ustiga, endilikda maktab rahbarlari va o‘qituvchilari faoliyatiga baho berish uchun asos bo‘ladigan test uchun anchayin past emasmi (Green, 2013)?

4. Ma'lumki, Kronbax alfa (testning ichki barqarorligi) test variantida aynan qanday test topshiriqlari kelganiga bog‘liq. Test variantlari imtihondan oldin kompyuterda generatsiya qilinishini hisobga olsak, haqiqiy imtihonda ishlatiladigan test varianti aprobatsiyadagi test variantidan farq qiladi.

Haqiqiy imtihonda ishlatiladigan test variantining alfasi aprobatsiyada olingan ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘lishiga ishonchingiz komilmi?

5. Umuman, har qanday yo‘l bilan alfani hisoblash uchun test topshiriqlari dispersiyasini va butun test dispersiyasini bilish kerak bo‘lsa (Crocker and Algina, 2008), haqiqiy imtihonda har bir test topshiruvchi uchun individual variant ishlatilsa, haqiqiy imtihonda ishlatilgan variantlarning alfasi qanday hisoblanadi?

6. Keltirilgan statistikaga ko‘ra, uchta test topshirig‘ini variantdan chiqarish yoki qayta ishlash tavsiya etilar ekan. Agar bu topshiriqlar qayta ishlangan bo‘lsa, qayta aprobatsiyada qanday natijalar qayd etildi?

7. Biseral korrelyatsiya test topshirig‘ining validligini ko‘rsatishiga ishonchingiz komilmi? Umuman, alohida olingan test topshirig‘i valid yoki novalid bo‘lishi mumkinmi? (AERA – APA – NCME Standards, 2014; Newton and Shaw, 2014; Crocker and Algina, 2008)

8. Rash modeli bo‘yicha test topshirig‘i qiyinchilik darajasining -3 va +3 chegarasidan chiqishi, sizningcha, normal holatmi? (Bachman, 2004)

9. Xo‘p, test topshiriqlari statistikasi Rash modeli asosida ham hisoblangan ekan, turli variantlarni yechgan abituriyentlar natijalarini solishtirish imkoni bo‘lishi uchun ularni shkalalashtirishda qanday model yoki modellar ishlatiladi? (Koretz, 2008)

10. Ko‘p variantli tizimda ishlatiladigan test variantlarining haqiqatda parallelligi (teng kuchliligi) qanday ta'minlanadi? Xususan, parallel test variantlarining dispersiyalariga va boshqa statistik ko‘rsatkichlariga qo‘yiladigan talablarning (Crocker and Algina, 2008) bajarilishi nazorat qilinadimi?

11. Shunday statistika bazadagi barcha test topshiriqlari uchun mavjudmi?

12. Berilgan ona tili fani bo‘yicha statistik tahlilda gistogramma va jadvaldagi ma'lumotlar bir-biriga mosligiga ishonchingiz komilmi? Texnik yoki boshqa turdagi xato o‘tib ketib qolmaganmi?

Davlat test markazi har qanday ommaviy axborot vositasiga va har qanday jurnalistga to‘g‘ri ma'lumot berish tarafdori ekanidan xursandmiz. Faqat, ko‘rib turganingizday, taqdim qilingan ma'lumotlar validlik va ishonchlilik borasida shaxsan menda DTMga nisbatan ishonch hosil qilish o‘rniga yanada ko‘proq shubha va gumonlarni paydo qildi. Buning uchun uzr so‘rayman, lekin, afsuski shunday. Va DTMning «raddiya»siga sabab bo‘lgan «DTM o‘z yondashuvi, ish uslubini o‘zgartirmasa, ta'limda ikki imtihonning birlashishidan ijobiy natija kutib bo‘lmaydi» degan fikrni yanada mustahkamladi. O‘ylaymanki, keltirilgan statistika testologiyani tushunadigan xolis ekspertga ko‘rsatilsa, xuddi shunday (balki, undan ham ko‘proq) savollar va shubha-gumonlar paydo bo‘ladi.

Umid qilamanki, DTM OAV vakillarining, umuman, tahlilchilarning va ekspertlarning vazifasi faqat tashkilot bergan rasmiy ma'lumotlarni «retranslatsiya» qilish emasligini, har kim davlat organlari faoliyatiga nisbatan o‘z tahlillarini berishi mumkinligini ham, bunday tahlillar amaldagi qonunchilikka zid kelmasligini ham yaxshi anglaydi.

Erkin Muhammedov, Toshkent davlat Vestminstr universiteti katta o‘qituvchisi. Mutaxassisligi bo‘yicha testolog.

O‘zbekistonda umumta'lim maktablari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish rejalashtirilayotgani haqidagi yangilikni OAV orqali o‘qidim. Keyinchalik bu amaliyotning o‘ziga xos «minus» va «plyus»lari borasida mustaqil ekspert bilan qilingan intervyu bilan tanishdim.

So‘ngra bu fikrlar yuzasidan DTM raddiyasini o‘qidim.

Quvonarli tomoni shundaki, Davlat test markazi raddiyaning isboti sifatida ona tili fanidan qaysidir noma'lum variant uchun statistik tahlilni keltiribdi.

O‘ylashimcha, DTM nafaqat raddiya uchun, balki har bir fan bo‘yicha o‘z saytida testlarni qaysi shaklda validatsiya qilishini (validatsiya har xil qilinishi mumkin) manfaatdor tomonlarga ochiq ma'lumot sifatida taqdim etishi shart.

Shuningdek, bu yerda birgina statistik tahlilning o‘zi yetarli emas. Jarayon ilmiy adabiyotlar orqali ham asoslab berilishi kerak. Jarayonning ilmiy talablarga javob bermasligi esa juda katta muammolarni tug‘diradi

Testning validlik va ishonchlilik darajasini ko‘rsatuvchi hisobotlar va boshqa o‘xshash xalqaro testlar bilan solishtirib qilingan tadqiqot natijalari DTM saytida muntazam chiqarilib borilishi kerak.

Bu tashkilot nufuziga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

To‘g‘ri, tashkilot testning maxfiylik darajasini ham saqlashi kerak. Bunda esa namuna sifatida saytga qo‘yilgan testlar yoki faol bankdan olib tashlangan testlar uchun qilingan hisobotlardan foydalanish mumkin. Tashkilotning yanada ochiqroq va shaffof ishlashi uning obro‘siga ishlaydi.

Bir narsani tushunmayman. Nega O‘zbekistonda xususiy test tashkilotlari yo‘q? Nega bu tizimda DTM yakka monopol bo‘lishi kerak?

Jahonning ta'lim tizimi rivojlangan davlatlarini ko‘rsangiz, ularning birortasida test organlari yagona tashkilot emas. Bizda xususiy test organlari ham ishlashi kerak.

Bu borada DTM litsenziya beruvchi bo‘ladimi? Yo‘q, litsenziya berish vakolati Vazirlar Mahkamasida bo‘lishi kerak. Chunki u davlat organi va barcha tashkilotlarni birdek nazorat qila oladi.

DTMning mustaqil ekspertga va jurnalistga nisbatan bunchalik asabiy munosabati sababini rosti, tushunmadim. Professional bo‘lgan tashkilot ish faoliyati borasidagi fikrlarga bunchalik asabiy javob bermasligi kerak. U to‘g‘ri ishlayaptimi, demak ishidagi ayrim xato va kamchiliklarning e'tirof etilishidan, eslatilishidan qo‘rqmaydi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Mavzuga oid