Sport | 16:11 / 05.08.2020
38528
10 daqiqa o‘qiladi

«RPLning eng zo‘r driblingchisi». «Spartak» O‘runovni nega sotib oldi?

Moskvaning «Spartak» klubi O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Oston O‘runovni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bugun, 5 avgust kuni moskvaliklar klubi ushbu 19 yoshli futbolchi transferi haqida rasman e'lon qildi.

Foto: «Sport-Ekspress»

«Spartak» klubi «Ufa» bilan yarimhimoyachi Oston O‘runov transferi borasida kelishuvga erishgan. OAV xabariga ko‘ra, futbolchi transferi 2 million yevroga tushgan. 19 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi moskvaliklar klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan.

O‘runov yangi jamoasida 20-raqam ostida to‘p suradi.

Xo‘sh, Rossiyaning eng nomdor klublaridan biri bo‘lgan, moliyaviy imkoniyatlari yuqori bo‘lgan «Spartak» nega o‘zbekistonlik futbolchini sotib olishga qaror qildi?

«RPLning eng zo‘r driblingchisi»

Transfer qanday sodir bo‘lganining boshqa jihatlari haqida keyinroq gaplashsakda, avval uning sof futbol tomonidan sababiga qarasak. «Spartak» katta klub. MDH mamlakatlari orasida eng mashhur jamoalardan biri. Tabiiyki, Yevropa futbolida kuchlilar qatorida borayotgan Rossiya futboli yetakchilaridan bo‘lgan bu jamoa safida o‘ynashni rus futboliga befarq bo‘lmagan har qanday futbolchi xohlaydi. To‘g‘ri, hozir «Spartak» eng yaxshi holatida emas va yevrokuboklardan ham quruq qolgan. Shunday bo‘lsa-da, jamoaning nomi hamon ko‘p narsani anglatadi.

«Spartak» Oston O‘runovni qandaydir shov-shuv yoki piar uchun emas, maydonda uning harakatlariga ehtiyoj sezgani uchun sotib oldi. Rossiyaning yetakchi sport gazetasi «Sport-Ekspress» Ostonga munosib ta'rif berdi – RPLning eng yaxshi driblingchisi. Albatta, bu yerda biroz metafora bor, chunki Rossiya chempionatida texnik jihatdan juda kuchli bo‘lgan boshqa futbolchilar ham o‘ynaydi, biroq mavsumning ikkinchi yarmida Oston chindan ajralib turdi. Bilasizmi, uning harakatlari bokschi Roy Jonsni eslatib yuboradi. Esingizda bo‘lsa, bu afsonaviy bokschi himoyasini ochib raqiblariga ochiqchasiga mushtlashuvni taklif qilar va bu uchun uni yaxshi ko‘rishardi. Oston ham bir necha marta raqiblarini ochiqchasiga duelga taklif qilib aldab ketganini ko‘rdik. Ayniqsa, burchak to‘pi nuqtasiga yaqin joyda to‘pni to‘xtatib, raqibining kelishini kutgan vaqtlari Ostonni beixtiyor Roy Jonsga o‘xshatib yuborish mumkin edi.

Uning «Spartak»ni rom etgan asosiy xususiyati ham aynan qat'iyati bo‘ldi. Hali yosh yigitchadaki shunchalik qat'iyat bo‘lsa, yillar o‘tib qo‘shilgan tajriba uni qanday futbolchiga aylantirishi mumkinligini tasavvur qilavering. Albatta, hammasi yaxshi davom etsa. Hammasi to‘g‘ri va ko‘ngildagidek davom etishi uchun esa «Spartak» 19 yoshli futbolchimiz uchun mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi variant.

10ta o‘yin va 2 million yevro

Ostonning transferidan eng ko‘p yutgan, shubhasiz, «Ufa» bo‘ldi. Axir o‘zbekistonlik 19 yoshli futbolchini olib kelib, uni 10ta o‘yinda maydonga tushirib, 2 million yevroga sotib yuborishga har qanday klub ham yo‘q demagan bo‘lardi. O‘zbekisonlik muxlislar Oston «Ufa»ga borganiga unga ham Aleksandr Zinchenkoning yo‘lini berishini tilashgandi. Bilasiz, «Manchester Siti» futbolchisi bo‘lgan Zinchenko «shaharliklar» safiga aynan «Ufa»dagi o‘yinlari orqali yo‘l olgandi. Oston uchun ham «Ufa» tramplin vazifasini bajarmoqda.

O‘runov «Ufa» afsonalaridan biriga aylana olmagan bo‘lsa-da, kelajakda katta futbolchi bo‘lib ketsa, unga katta futbol yo‘lini ochgan jamoa sifatida «Ufa» klubi nomi ham albatta tilga olinadi. Biz uning «Navbahor» yoki «Lokomotiv»dagi o‘yinlari haqida har qancha gapirmaylik, Oston Yevropa futboli uchun «Ufa»dan chiqqan yigit bo‘lib qolaveradi.

Har tomonlama qulay transfer

«Spartak» uchun Oston har tomonlama qulay transfer bo‘ldi. Birinchidan, Oston maydonda uyaltirib qo‘ymasligini ko‘rsatib bo‘ldi va Rossiya futboli havosiga o‘rgandi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik yosh futbolchi uchun «Spartak»da o‘ynash qanday ahamiyat kasb etishini klubdagilar tushunib turishibdi. Bir yil oldin O‘zbekiston chempionatida murabbiy bilan kelisha olmay zaxirada ham qolib ketgan futbolchi bugun «Spartak»ga o‘tgach, tabiiyki o‘zini ko‘rsatish uchun bor kuchi bilan harakat qiladi.

O‘zbekistonlik futbolchilar rossiyalik yoki RPLda o‘ynaydigan boshqa futbolchilar kabi har xil shartlar qo‘ymasligi ham «Spartak» uchun yaxshi holat. Rossiyalik futbolchilarning maosh va sharoitlar borasida qanaqa aql bovar qilmas shartlar qo‘yishini eshitganmiz, ammo bizning legionerlarda bunaqa odat yo‘q. Masalan, «Spartak» berayotgan yillik 600 ming dollar maosh rus futbolchisi uchun kam bo‘lishi mumkin, lekin o‘zbekistonlik futbolchi bu pulni kam deb to‘polon qilmasligi aniq.

Yana bir jihat. Bunga ishonish qiyin bo‘lsa ham, Ostonning «Spartak»da o‘yini chiqmasa, uni boshqa jamoaga trnasfer qilish ham qiyin bo‘lmaydi. Chunki milliy jamoa a'zosi, 2 million yevro evaziga sotib olingan 19 yoshli futbolchining xaridori ko‘p bo‘ladi. Aytaylik, Osiyoning grand jamoalari. Bizning qit'ada legionerlar cheklovining «3+1» ko‘rinishda bo‘lgani Yevropada o‘ynayotgan har qanday osiyolik futbolchining transfer narxini oshiradi. Albatta, Oston «Spartak»ga boshqa jamoaga o‘tish uchun emas, o‘zini ko‘rsatish uchun bormoqda, lekin futbolning bir jihatdan biznes ekanini inobatga olsak, Fedun bu jihatni ham e'tiborga olgan bo‘lsa kerak.

O‘zbek futboli uchun muhimroq transfer

Bu transfer «Spartak»dan ham ko‘ra o‘zbek futboli uchun foydaliroq va muhimroq bo‘ldi. Bizning yana bir futbolchimiz uchun Yevropa klubi katta pul sarflagani o‘zbeklar ham bekorga futbol o‘ynab yurmaganini ko‘rsatdi. Oston hali milliy jamoaning asosiy futbolchilaridan emasligini inobatga olsak, xalqaro maydonda «Hali ularning jamoasida asosiy tarkibda o‘ynamaydigan vakili shunday bo‘lsa, qolganlari qanday ekan», degan tasavvur ham bo‘ladi. Bir hafta ichida ikki nafar o‘zbek futbolchisi Rossiya grandi safiga borib qo‘shildi. Biri 17 yoshda («Bunyodkor»dan Moskvaning «Lokomotiv» klubiga transfer qilingan Jasur Jaloliddinov), biri 19 yoshda. Har ikkisi uchun kerak bo‘lsa jahon chempionlarini olib kelib o‘ynata oladigan rus klublari pul sarflashdi va o‘zbek futboli uchun katta narsa. Bu transferlar kamida yoshlar futboliga bo‘lgan e'tibor yomon tarafga qarab ketmayotganidan nishona.

Oston xarakteri og‘ir futbolchimi?

Oston O‘runovni muxlislarga tanitgan jamoa «Navbahor» hisoblanadi. O‘runov markazda Abdujamol Isroilov bilan qanday o‘yinlar ko‘rsatganini eslasangiz kerak. Bu ikki yigitcha yosh futbolchilarda doim ham uchramaydigan favqulodda qat'iyat bilan maydon markazida raqiblar uchun «xaos yaratishardi». Kanchelskis boshqaruvi vaqtida Oston zaxirada ham qolgandi. Qaysidir o‘yindan keyin rossiyalik murabbiy uning zaxiraga olingani haqida shunday degandi: «Oston bugun futbol o‘ynash uchun emas, maydondagi pozitsiyasidan norozi ekanini ko‘rsatish uchun tushdi». Keyingi o‘yindayoq O‘runov murabbiyning tanbehini to‘g‘ri tushungan va Kanchelskis shunday degandi: «Oston tanqidlarni to‘g‘ri qabul qildi va chindan yuqori darajali futbolchi ekanini isbotladi».

Oston xarakteri og‘ir futbolchi ekanini aytishadi, lekin bunday holat qar qanday futbolchi bilan sodir bo‘lishi mumkin. Agar uning xarakteri shunchalik yomon bo‘lganida Kuper uni 18 yoshidayoq milliy jamoaga chaqirmasdi. Ha, Kuper Ostonni yaxshi ko‘rardi, uni yig‘inlarga doim chaqirardi. Ostonning ilk shaxsiy sovrini «O‘zbekistonda yilning eng yaxshi yosh futbolchisi» unvonini Kuper topshirgandi. Futbolchining instagram sahifasidagi ilk post ham aynan Kuperdan mukofot olayotgan surati bo‘lgan.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid