O‘zbekiston | 14:45 / 15.08.2020
11537
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiyaning mingdan ortiq xodimlari kirish imtihonlarida xavfsizlikni ta'minlaydi

Bugun, 15 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i Sa'dulla Safayev tomonidan kirish imtihonlari qay tartibda nazorat qilinishi haqida ma'lumot berildi.  

Foto: norma.uz

Sa'dulla Safayevning aytishicha, test o‘tkaziladigan hududlarda nazorat ta'minlanadi, test savollari belgilangan hududlarga xavfsiz tarzda olib kelinadi va imtihondan keyin DTMga yetkazib beriladi. 

«Test sinovlari o‘tkaziladigan obektlar va ularning atrof-hududida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Milliy gvardiyaning 1000 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va xodimlari, 800dan ortiq maxsus vositalar, 630dan ortiq aloqa va 50dan ortiq transport vositalarini ajratilish rejalashtirilgan. Kuch va vositalar ajratilishida OTMlarga hujjat topshirgan abituriyentlar soni hisobga olindi», - dedi Milliy gvardiya rasmiysi.

Qayd etilishicha, test imtihonlariga bir abituriyent o‘rniga boshqa odam kirishining oldini olish maqsadida barcha obektlarga kirish joylarida nazorat o‘tkazish punktlari tashkil etiladi. Bu joylarda yuzni tanib oluvchi kameralar o‘rnatilib, ushbu kameralar orqali imtihonga abituriyentning o‘rniga boshqa shaxs kirmasligi nazorat qilinadi.

Abituriyent o‘rniga imtihon topshirishga kelgan shaxslar aniqlansa, ularga tegishli tartibda chora ko‘riladi.

 

Mavzuga oid