Sport | 17:03 / 19.08.2020
20846
2 daqiqa o‘qiladi

#FootWeek: «Istiqlol»dan har o‘yin uchun 25 million so‘rashmoqda

Bobur Akmalov muallifligidagi #FootWeek ko‘rsatuvining navbatdagi sonini e'tiboringizga havola qilamiz. Bu gal asosiy mavzu sifatida Farg‘onaning «Istiqlol» klubi bilan bog‘liq muammoni tanladik. Pro-liga jamoasi o‘z nomi bilan ataladigan «Istiqlol» stadionida o‘ynash huquqidan mahrum bo‘lgan. Bu borada to‘liqroq ma'lumotga ega bo‘lish uchun «Istiqlol» klubi texnik direktori Ruslan Xudoytotov bilan suhbat uyushtirdik.

Bizga murojaat qilgan «Istiqlol» texnik direktorining aytishicha, klub o‘z vaqtida stadion uchun 78 ming dollar xarajat qilgan. Biroq hozir stadion rahbariyati «Istiqlol»dan har bir o‘yinni o‘tkazish uchun 25 million so‘m so‘ramoqda. Aynan shu sabab «Neftchi» ham «Istiqlol» stadionidan ketib qolgan. Klub Farg‘ona hokimligidan bu borada yordam kutmoqda. Ko‘rsatuv davomida bu borada to‘liq bilib olishingiz mumkin.

«Istiqlol» klubi texnik direktori Ruslan Xudoytotov

Ko‘rsatuvning bu sonida yana ko‘plab mavzulardagi mulohazalar bilan o‘rtoqlashganmiz. Masalan, jonli efirda VARdagi hakamlar va bosh hakam o‘rtasidagi suhbatlarni olib berish masalasi. Avstraliyada bunday ishni boshlab yuborishdi va muxlislar uni qo‘llab-quvvatlashdi. Hozirda jonli efir davomida hakamlarning suhbatlarini uzatib borish muhokama qilinmoqda.

#FootWeek'ning yangi sonida Rossiyadagi hakamlik mojarosi, Bergamo qahramoniga aylangan «Atalanta» va futbolchilarning mashg‘ulotlardagi ajoyib gollari borasida so‘z boradi. Darvoqe, bonusiga o‘z vaqtida «Real» darvozaboni bo‘lgan Xulio Iglesias haqida ham kichik hikoyamiz bor. #FootWeek'ning yangi sonini Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid