O‘zbekiston | 16:55 / 19.08.2020
7461
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy oliy ta'lim muassasasi ochmoqchi bo‘lganlar uchun aksiya e'lon qilish taklifi berildi

Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi Xushnudbek Xudoyberdiyev xususiy oliy ta'lim muassasalari ochish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish uchun davlat tomonidan aksiya e'lon qilish taklifini berdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Davlat uzoq yillar xususiy oliy ta'limga qarshi bo‘lib kelgan. Hamma narsani davlat o‘z nazoratiga oladi, hammasini davlat o‘qitadi, deyilgan. Xususiy oliy ta'limga dushmandek qaralgan. Davlat na o‘zi eplay olgan, na talabalar kontraktini xarajatlarni qoplaydigan darajada belgilashga ruxsat bergan, na yetmayotgan summani o‘zi oshig‘i bilan to‘lab bergan, na o‘zim o‘qitaman, bozor sharoitida zo‘r sifat qilaman degan tadbirkorga ruxsat bergan.

Hozir xususiy oliy ta'lim muassasalari ancha ko‘paydi. Bu pandemiya sharoiti bo‘lgani uchun kuzatilyapti. Ammo pandemiya o‘tkinchi davr. Juda ko‘p resursni pandemiya davridagi muammolarga qaratyapmiz. Pandemiya o‘tib ketgach, yana o‘zimizning eski muammolarimiz bilan qolamiz.

Xususiy oliy ta'lim muassasalari uchun davlat aksiya e'lon qilsin. Xuddi maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun qilinganidek. Kim xususiy oliy ta'lim muassasasi ochmoqchi bo‘lsa, davlat mana bunday imtiyozlar, imkoniyatlar beradi, deb e'lon qilinsin. Kerak bo‘lsa, bo‘sh turgan kollej binolari ajratib berilsin. Bu ommaviy, ochiq bo‘lishi kerak.

10ta, 100ta yoki 1000ta talabgor kelishi mumkin. Ularning qanchasi eplab ketishini bilmaymiz. Lekin hozirgi botqoqdan chiqib ketish uchun bizga qo‘shimcha kuchlar kerak. Davlat faqat «men-men» deb, eplay olmayapti. Biz juda boy davlat ham emasmiz. Shuning uchun yordamchi kuchlar – tadbirkorlar va xususiy sektordan foydalanish lozim», dedi Xudoyberdiyev Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining oliy ta'lim tizimidagi muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida.

Huquqshunos hozirda xususiy oliy ta'lim muassasasi ochmoqchi bo‘lganlar uchun qator byurokratik to‘siqlar mavjudligini qayd etib o‘tdi.

«Hozir bu jarayonni oson deganimiz bilan savollar ko‘p. Tadbirkor inspeksiyaga borsa, rad javobini oladi, Vazirlar Mahkamasi qarori uchun qayerga borish kerakligini bilmaydi. Vazirlik mening vakolatim emas, deydi. Xullas, bir dunyo eshikka borishi kerak. Agar aksiya tashkil qilsak, ancha-muncha foydasi tegadi», deya Xushnudbek Xudoyberdiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq huquqshunos oliy ta'lim muassasalarining xarajatlari rektorlar tomonidan ochiq e'lon qilishi lozimligini aytgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid