Jamiyat | 15:04 / 24.08.2020
10070
2 daqiqa o‘qiladi

FHDYo organlari tomonidan otalikni belgilash tartibi ma'lum qilindi

Bugun, 24 avgust kuni Davlat xizmatlari agentligining brifingida FHDYo organlarida otalikni belgilash tartibi ma'lum qilindi. Bu haqda bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Xo‘jayev bayon qildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga asosan nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan hisoblansa, u holda qonuniy vakili) tomonidan birgalikda berilgan arizasi yoki sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDYo organida amalga oshiriladi.

«Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi, agarda otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning imzosi qonunchilikda belgilangan tartibda (notarius, O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasining mas'ul shaxsi yoki tibbiyot muassasasi, FHDYo organi, harbiy qism yoki jazoni o‘tash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi», dedi Kamoliddin Xo‘jayev.

Bo‘lim boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, alohida hollarda otalikni belgilash haqidagi ariza ota-onasining yoki ulardan birining yashash joyidagi FHDYo organiga bola tug‘ilmasdan oldin ham berilishi mumkin. Bunday holatlarda bola tug‘ilgunga qadar uning tug‘ilgan vaqti va ismi haqidagi ma'lumotlar ko‘rsatilmaydi.

Bolaning onasi yoki otasining yashash joyi o‘zgarishi munosabati bilan tug‘ilganlik otalikni belgilash bilan bir vaqtda boshqa FHDYo organida qayd etilgan taqdirda oldindan berilgan arizani saqlagan FHDYo organi so‘rovnoma bo‘yicha uni qayd etish joyiga yuboradi.

Otalikni ishonchnoma orqali belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid