Tramp Viskonsindagi tartibsizliklarni bostirish uchun shtatga milliy gvardiya yubordi
AQSh prezidenti Donald Tramp oxirgi kunlarda tartibsizliklar girdobida qolgan Kenosha (Viskonsin shtati) shahriga milliy gvardiya xizmatchilarini yubordi. Shtat gubernatori Toni Evers federal yordamni qabul qilishga rozi bo‘lgan.
Kenoshada tartibsizliklar 29 yoshli afroamerikalik Jyeykob Bleyk politsiya tomonidan jarohatlangandan keyin boshlangan edi. Shtatda tartibsizliklar sababli favqulodda vaziyat rejimi kiritilgan.
“Men tartib tiklanishi uchun Kenoshaga federal huquq-tartibot idoralari va milliy gvardiyani yubormoqdaman! Biz AQSh ko‘chalaridagi talonchiliklar, o‘t qo‘yishlar, zo‘ravonlik va qonunsizlikka chidab turmaymiz”, deb yozgan Tramp tvitterda.
Shtatda kiritilgan favqulodda vaziyat rejimi tezkor xizmatlarga infratuzilma va madaniy obektlarni himoya qilishda yordam berish imkonini beradi. Kenoshada tungi vaqt komendantlik soati kiritilgan.
AQSh politsiyasining navbatdagi jabrdiydasiga aylangan Jyeykob Bleyk ikki ayol o‘rtasidagi janjalni to‘xtatish vaqtida politsiyachilardan biri tomonidan o‘qqa tutilgan. Bleyk voqea joyiga kelgan politsiyachilar buyrug‘iga bo‘ysunmay, o‘z mashinasiga o‘tirmoqchi bo‘lganda politsiyachilardan biri uning orqasidan 7 marta o‘q uzgan. Bleyk og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan va u hozirda o‘z hushida. Olingan jarohatlar oqibatida uning belidan pastki qismi falajlangan. Bleykning advokatlari unga yana yurib ketishi uchun “mo‘jiza” kerak bo‘lishini aytishmoqda.
100 ming kishilik Kenoshadagi ushbu hodisa AQShda politsiya va hukumatga qarshi yangi noroziliklarni keltirib chiqargan. Viskonsindagi tartibsizliklar komendantlik soatiga qaramay bir necha kundan beri davom etmoqda. Namoyishchilar do‘konlarni talashmoqda, ko‘plab obektlarga o‘t qo‘yishmoqda. 25 avgustda mahalliy AYoQShlardan biri yonida yuz bergan mojaro vaqtida ikki kishi otib o‘ldirilgan, yana bir kishi jarohat olgan.
Mavzuga oid
10:32 / 17.12.2024
Viskonsindagi maktabda yuz bergan otishmada uch kishi halok bo‘ldi
20:56 / 11.06.2024
Qozog‘istonda prezident qarorgohiga hujum qilganlar turli muddatga qamaldi
15:41 / 29.03.2024
Foto: Toshkentda odamlar gavjum joylar kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanmoqda
18:08 / 15.02.2024