Vazir o‘rinbosari paxta terimiga fuqarolarni majburiy jalb qilish, taqiqlangan bolalar mehnati va terimchilar xavfsizligi haqida
Bugun, 5 sentabr kuni AOKA binosida 2020 yilgi paxta yig‘im-terim ishlariga tayyorgarlik ko‘rish va majburiy mehnatning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda jarayon bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot bergan mutasaddilar jurnalistlarning qator savollariga ham javob qaytardi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilari tomonidan fuqarolarni bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, moddiy yordam va ko‘p bolali oilalarga nafaqa tayinlab berish yoki shu kabi yordamlardan uzib qo‘yish bilan qo‘rqitish orqali paxta-yig‘im terimiga jalb qilish bo‘yicha uchrayotgan holatlari haqida
Shu mazmundagi savol yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov javob berdi.
Unga ko‘ra, bu kabi holatlar aniqlanganda vazirlik tezkorlik bilan o‘sha hududlarda o‘rganish olib boradi.
«Haqiqatan ham bir-ikki marotaba shu kabi holatlarga yo‘l qo‘yayotgan saviyasi past odamlar ham bo‘lishi mumkin. Lekin shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, ko‘ngilli ravishda paxta teraman deb, terimga tushgan odamning har biriga biz 500 ming so‘mdan beramiz. Bunda otryadlarga rahbarlik qilganlarga esa 2 million so‘mdan beriladi.
Ya'ni odamlarni nima bilandir qo‘rqitish orqali emas, rag‘batlantirish tizimi orqali paxta yig‘im-terimiga jalb qilish kerak.
Davlatning bu talabini buzadiganlar esa juda katta jazoga tortiladi», – deya Umrzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Bolalarning paxta yig‘im-terim ishlariga jalb qilinmasligi, bu borada ular hatto ota-onasiga ham yordamlashishi mumkin emasligi borasida
Vazir o‘rinbosari bu borada O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish qonun yo‘li bilan qat'iy taqiqlanganini ta'kidladi.
«Bizda ko‘p bolali oilalar bor. Ayrim ota-onalar ularni ko‘proq paxta teradi, deya terimga jalb qiladi. Bu mumkin emas. Qonun bilan belgilangan. Bolalarning mehnat jarayoniga borishi ota-onasi xohlasa ham ma'n qilinadi. Bunda ota-onani hatto jazolash mumkin.
Qaytaraman, O‘zbekistonda bolalar mehnati ma'n qilingan», – dedi u.
Paxta yig‘im-terimi ishlariga jalb qilingan fuqarolarning tibbiy xavfsizligi (bu jarayonlar ilk bor pandemiya sharoitida tashkil qilinmoqda) masalasida
Bahodir Umrzoqovning shu mazmundagi savolga javoban aytishicha, joriy yildagi paxta-yig‘im terim ishlari O‘zbekistonda pandemiya sharoitlarida ishni tashkil qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan nizom asosida tashkil qilinadi.
«Bunda ertalabki gigiyena, ovqatlanish va boshqa jarayonlar yozib qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga jalb qilingan terimchilarning yuztasiga bitta hamshira biriktirilmoqda. Bu hamshiraning maxsus xonasi ham bo‘ladi. Hamshira ertalab va kechqurun barcha ishchilarning haroratini o‘lchaydi, sog‘lig‘ini nazorat qilib turadi.
Kecha bosh vazir mana shu jarayonda kerak bo‘ladigan dori-darmonlar masalasi bo‘yicha ham Sanitariya epidemiologiya xizmatiga topshiriq berdi», – dedi vazir o‘rinbosari.
Mavzuga oid
09:33 / 26.11.2024
Paxta mahsulotini sotishda manipulyatsiyaga yo‘l qo‘ygan korxonaga chora ko‘rildi
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024