Jamiyat | 08:37 / 08.09.2020
109874
4 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda «1000 ta jo‘ja spektakli»: Bosh rollarda prokuror va o‘g‘lini kambag‘al qilib ko‘rsatgan «mahallaqo‘m»

Kun.uz sayti Past Darg‘om tumani «Qo‘qoni» mahallasida «Temir daftar»ga kirgan oila haqida maqola e'lon qilgandi. Ammo hozir gap jo‘ja bilan kambag‘alchilikdan chiqish haqida emas. Xullas, navbatdagi spektakl!

«1000 ta jo‘ja bilan besh oyda kambag‘alchilikdan chiqish mumkinmi?» sarlavhali maqolada Doston Tirkashev ismli yosh yigitning tadbirkorlikni boshlagani, sekin-asta oila o‘z imkoniyatlarini tiklab borayotgani va uning otasi ayni vaqtda Rossiyada (mehnat muhojirotida) ekanligi yoritilgandi.

 Ushbu maqola e'lon qilingach, o‘sha qishloqdan ko‘plab e'tirozlar bo‘ldi. Sababi, Dostonning otasi Rossiyada emas, shu yerda – mahallaning raisi ekanligi aytildi! Qiziq, o‘sha kuni mahalla raisi Husniddin Tursunovning o‘zi ham shu yerda, bizning yonimizda edi-ku?!

Shu o‘rinda o‘quvchida tasavvur paydo bo‘lishi uchun o‘sha kungi voqealarga qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Suhbatga tuman prokurori Asror Valiyev sektor rahbari sifatida bevosita guvoh bo‘lgandi. Ta'bir joiz bo‘lsa, mazkur xonadonni kambag‘alchilikdan chiqarishda bosh-qosh bo‘layotganini tasdiqlagandi.

Mahalla raisi Husniddin Tursunov tuman prokurori Dostonning tadbirkorlik qilishiga ko‘maklashayotgani, quduqqa nasos tashlab bergani haqida gapirgandi. Qolaversa, oilaga davlat tomonidan naqd pul ko‘rinishda moddiy yordam berilgani, uyi esa hashar yo‘li bilan ta'mirlangani ham ma'lum qilingandi.

Tasavvur qiling: o‘g‘il shu yerda, ota – mahalla raisi shu yerda. Sektor rahbari (prokuror!) esa o‘zi haqidagi iliq gaplarni eshitib, tasdiqlab turibdi! Yig‘ilganlar kambag‘al oilani namunali qilib «temir daftar»dan chiqarish bo‘yicha spektakl «tomosha qilyapti»!

Bizga avvalgi maqolani o‘qigan o‘sha qishloqliklar murojaat qilishgach, Kun.uz muxbirlari ikkinchi marta o‘sha xondonga borishdi.

«Qo‘qoni» mahallasi katta bir megapolis emaski, mahalla raisini birov tanimasa. Ko‘chada hamma mahalla raisining uyi shu, deb 1000 ta jo‘ja boqilayotgan uyni ko‘rsatdi. Dostonning ukasi bilan suhbatlashdik. Buni qarangki, yosh yigit mahalla raisining farzandi ekanligini bizdan yashirishga urindi. «Dadam Rossiyada, mahalla raisi bu uyda turmaydi», dedi.

Oyni etak bilan yopib bo‘lmadi. Bir muddat o‘tib mahalla raisining o‘zi — Husniddin Tursunovni uchratdik. U o‘sha kuni shoshgani, «Temir daftar»ga kiritilgan oila sifatida kimni ko‘rsatishni bilmay qolganini ma'lum qildi.

Savol tug‘iladi: Past Darg‘omda haqiqatda muhtoj oila yo‘qmi? Davlatning ko‘magini sezgan, kambag‘alchilikdan chiqarilgan, ko‘zbo‘yamachiliksiz ko‘rsatish mumkin bo‘lgan xonadon topilmadimi? Umuman, bunaqa tomosha kimga kerak bo‘ldi?

Xulosani biz qilmaymiz. Ammo shunisi aniqki, sektor rahbari bo‘lmish prokurorlarning ko‘z oldida qo‘yilayotgan bunaqa spektakllar odamlarning ishonchi yo‘qolishiga, davlat tomonidan olib borilayotgan islohotlarning shubha ostida qolishigagina xizmat qiladi, xolos.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid