Jamiyat | 15:06 / 08.09.2020
25844
3 daqiqa o‘qiladi

Qish yaqin. Buloqboshidagi yangi konlarning gazi qayoqqa ketyapti?

Mana kuz ham boshlandi, hademay qish kirib keladi. Bunday vaziyatda aholini tabiiy gaz ta'minotiga oid savollar har qachongidan-da ko‘proq qiziqtiradi. Xususan, Andijon viloyati aholisi «Buloqboshidagi yangi konlardan chiqayotgan gaz qayoqqa ketyapti?» degan savolga javob izlamoqda. Shuni hisobga olib, mazkur mavzuga to‘xtalishga qaror qildik.

Ma'lumki, 2017 yilda Andijon viloyati Buloqboshi tumanidan topilgan Uchtepa gaz konida 14 quduqdan tabiiy gaz chiqayotgani haqidagi xabarlar ommaviy axborot vositalarida ko‘p bor aytildi. «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati bergan xabarda mazkur yangi quduq Farg‘ona vodiysi aholisini gaz bilan ta'minlash imkonini kengaytirishi qayd etib o‘tilgandi.

Uchtepa gaz konidan qazib olinayotgan gaz qayoqqa ketayotgani haqidagi savollarga javob topish maqsadida Farg‘ona magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i Vohidjon Isroilov bilan bog‘landik.

«Bu konlardan qazib olinayotgan gaz hozirgi kunda markaziy magistral quvurlariga tashlab beriladi. Ya'ni, to‘g‘ridan to‘g‘ri «O‘ztransgaz» tarmoqlariga o‘tkaziladi. U yerdan Andijon viloyatiga ham taqsimlanadi. Andijon viloyati uchun gaz magistral quvurida olib kelinadi.

Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq tumanlari va Xonobod tomonlarga shartnoma asosida Uchtepadan chiqqan gaz yetkazib berilmoqda. Shuni aytib o‘tish lozimki, Buloqboshidagi konlardan chiqayotgan gaz asosan shu tuman aholisiga berilyapti. Tumanda  7 ming 700ta xonadon gaz ta'minotiga qo‘shildi. Gazning yetmay qolgan qismini magistraldan qo‘shib beramiz. Chunki gaz zapravkalari va ishlab chiqarish korxonalari bor, ularga ham gaz kerak. Aytaylik, aholining bir kunlik iste'moli 300 ming kubometr atrofida bo‘lsa, Uchtepa tomondan 200 ming kubometr gaz olinadi, qolgan 100 ming kubometrini o‘zimizdan qo‘shamiz.

Buloqboshidagi konlardan qazib olinadigan gaz o‘zaro shartnoma asosida magistralga beriladi. Agar quduqlardan gaz qazib olinmasa, ularning avariyaga uchrash ehtimoli yuzaga keladi, gaz berish quvvati pasayib ketadi. Ayni paytda Farg‘ona vodiysi uchun bir kunda 17 million kubometr atrofida gaz qabul qilib olinmoqda. Bu ko‘rsatkich har kuni har xil. Masalan, soatiga 790-800 yoki 630 ming kubometr bo‘lishi mumkin. Agar soatiga 600 mingni tashkil etsa, sutkasiga 14 million kubometr atrofida gaz bo‘ladi. Shuningdek, qishda qiynalib qolmaslik va aholini uzluksiz gaz bilan ta'minlash uchun bir kunda 2,5 million kubometr atrofidagi gaz Xo‘jaobod omboriga zaxiralanadi», deydi Vohidjon Isroilov.

Xullas, qishning qirovli kunlari yaqin. Vodiy aholisi esa doimgidek tabiiy gaz ta'minoti yaxshilanishidan umidvor bo‘lib yashamoqda.

Qani, ko‘raylikchi bu yil vodiyda gaz ta'minoti ahvoli qanday bo‘larkin?! Kutamiz...

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid