Eldor Aripov: «Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlar «namunaviy model» bo‘lib xizmat qilishi uchun barcha asoslar yetarli»
Bugun, 14 sentabr kuni, Dushanbe shahrida "O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlarining do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi, tojik-o‘zbek strategik hamkorligining yangi sahifasining ochilishi" mavzusidagi ikki kunlik ilmiy-amaliy anjumani o‘z ishini boshladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov ushbu anjumanning juda muhim va dolzarb ekani, uning nomlanishi esa o‘zbek-tojik hamkorligining bugungi ruhini aniq aks ettirishini ta'kidladi.
SMTI vakilining so‘zlariga ko‘ra, do‘stona munosabatlar va mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga chiqishi, avvalo, O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlarining siyosiy irodasi, yuksak ishonchi va strategik qarashlari natijasidir.
E.Aripovning so‘zlariga ko‘ra, yuqori darajadagi muloqot faol va doimiy xarakterga ega. Xususan, 2018 yilda ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi marta o‘zaro davlat tashriflari bo‘lib o‘tdi. Umuman olganda, 2016 yil sentyabr oyidan boshlab O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari turli xil sammitlar doirasida taxminan 15 marta uchrashishdi.
Qisqa vaqt ichida mamlakatlar deyarli barcha sohalarda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdilar. 2015 yildan beri o‘zaro savdo hajmi deyarli 3 baravarga oshdi. Pandemiya davom etayotganiga qaramay, joriy yilning 7 oyida savdo hajmi 2015 yoki 2016 yil bilan solishtirganda oshdi.
Shuningdek, qo‘shma korxonalar soni o‘sib bormoqda - 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar soni qariyb 4 baravarga oshdi. Jumladan, agar 2017 yilda O‘zbekistonda 100 foiz tojik kapitali ishtirokida 1 ta korxona bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 70 taga yetgan, qo‘shma korxonalarning umumiy soni esa 170 dan ortiqni tashkil qilmoqda.
O‘tgan yili O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida avtomobil transporti orqali yuk tashuvlari hajmi 60 foizga o‘sdi. 2017 yildan buyon "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK Tojikiston yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashuvlari hajmini tashishni 6 baravarga oshirdi.
Ayni vaqtda, o‘tgan yillarda go‘yoki yechimi bo‘lmagan, murakkab va nozik hisoblangan - chegara va suv-energetika sohasidagi masalalar ham o‘z yechimini topdi.
E.Aripov ta'kidlaganidek, bu o‘zgarishlarning barchasi oddiy fuqarolar hayotida sezilmoqda. Ko‘p yillar davomida birinchi marta ular o‘z qarindoshlari va do‘stlarinikiga to‘siqsiz va erkin tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Hozirda O‘zbekiston-Tojikiston chegarasini har kuni 20 mingga yaqin kishi o‘tadi. Uch yil oldin esa bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 3-3,5 mingni tashkil qilar edi.
E.Aripovning fikricha, Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlar, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yaratishning "namunaviy modeli" bo‘lib xizmat qilishi uchun barcha asoslar yetarli.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘tkir muammolar va qarama-qarshiliklar to‘siqlar emas, balki muloqot va muzokaralar uchun mavzu bo‘lishi mumkinligini amalda ko‘rsatishdi. Bu mintaqadagi boshqa davlatlar tomonidan muhim formula sifatida qo‘llanishi mumkin. Zero, yakunda Markaziy Osiyodagi barqarorlik va farovonlik — mintaqadagi barcha davlatlar o‘rtasidagi ishonchli aloqalarga asoslanadi va rivojlanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi barqarorlikni biz faqatgina barcha keskin ziddiyatlarni hal qilish orqali mustahkamlay olamiz, mintaqada infratuzilma, energetika, transport sohalarida o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratamiz. O‘z navbatida, bunday loyihalar mamlakatlarimiz rivojlanishining drayveri bo‘lishi hamda xorijiy investorlar uchun jozibadorlik oshishiga xizmat qilish mumkin, - deya qo‘shimcha qildi SMTI vakili.
Yakunda E.Aripov o‘zbek-tojik munosabatlari uchun yuqori darajadagi o‘zaro tushunish va ishonch muhitini saqlash mintaqaning boshqa davlatlari uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning namunasi bo‘lib qolish muhimligini ta'kidladi.
Konferensiya davom etmoqda, yalpi majlislardan tashqari, seksiyalarda ham uchrashuvlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, unda ikki mamlakat olimlari va mutaxassislari o‘zaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashning qator masalalarini muhokama qiladilar.
Mavzuga oid
16:51 / 16.12.2024
Konibodomda yana to‘rt kishining jasadi topildi
19:01 / 10.12.2024
Tojikistonning Konibodomida bir oilaning 6 a’zosi o‘ldirib ketildi
13:32 / 04.07.2024
Tojikistondagi YTHda uch o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
10:41 / 29.06.2024